Jamiyat | 19:25 / 23.04.2020
13398
2 daqiqa o‘qiladi

Uchko‘prikda jurnalistga bosim o‘tkazgan hokimiyat xodimi ishdan bo‘shatildi

Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanidagi bozorda jurnalist Sharifaxon Madrahimovaga bozordagi holatni tasvirga olishga to‘sqinlik qilgan hokimiyat vakili Shohjahon Mo‘ydinov tuman hokimi Akmal Mahmudaliyevning kotibi ekani ma'lum bo‘ldi. U ayni vaqtda lavozimidan ozod etilgan.

21 aprel kuni Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumanida «Ma'rifat» gazetasining viloyatdagi maxsus muxbiri Sharifaxon Madrahimovaga Uchko‘prik tuman hokimligi va tuman IIB xodimlari tomonidan bosim o‘tkazilgani haqida xabarlar tarqaldi. Shu kuni Kun.uz saytida Sharifa Madrahimova bilan bog‘liq voqea yuzasidan batafsil ma'lumot berildi.

Uchko‘prik tumani hokimligi matbuot xizmati tomonidan ma'lum qilinishicha, hokimlikning jurnalistga bosim qilib, uning faoliyatiga to‘sqinlik qilgan xodimi ishdan olingan.

«Ma'rifat» gazetasining Farg‘ona viloyatidagi muxbiri Sharifa Madrahimova va Uchko‘prik tumani hokimligi xodimi Shohjahon Mo‘ydinov bilan bog‘liq holat tuman hokimligi tomonidan batafsil o‘rganib chiqildi.

Shohjahon Mo‘ydinovga nisbatan ichki idoraviy o‘rganish o‘tkazilib, davlat idoralarida o‘rnatilgan kasb etikasi me'yorlarini buzilgani tasdiqlandi.

Shohjahon Mo‘ydinov Uchko‘prik tumani hokimining kotibi vazifasidan ozod etildi va xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.

Jurnalist Sharifa Madrahimova va hokimlik xodimi o‘rtasida yuz bergan holat tuman huquq-tartibot idoralari tomonidan o‘rganilmoqda. O‘rganish natijasi bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinadi va qo‘shimcha ma'lumot beriladi», deyiladi ma'lumotda.

Mavzuga oid