O‘zbekiston | 09:27 / 25.04.2020
6275
5 daqiqa o‘qiladi

AKT vazirligi, «O‘zkomnazorat» va «Kiberxavfsizlik markazi» 2ta yangi axborot tizimini yaratish to‘g‘risida taklif berdi

Elektron hukumatning idoralararo axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarining Yagona reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi tasdiqlanadi.

Vazirlar Mahkamasining “Elektron hukumatning idoralararo axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarining Yagona reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi va “Kiberxavfsizlik markazi” davlat unitar korxonasining “Elektron hukumatning idoralararo axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarining Yagona reyestri” va “Elektron hukumatning ma'lumotnomalar va klassifikatorlar registri” axborot tizimlarini yaratish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik beriladi.

Quyidagilar:

“Elektron hukumatning idoralararo axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarining Yagona reyestri” axborot tizimini shakllantirish va yuritish tartibi to‘g‘risidagi Nizom;

“Elektron hukumatning ma'lumotnomalar va klassifikatorlar registri” axborot tizimini shakllantirish va yuritish tartibi to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlanadi.

Shunday tartib belgilanadiki, unga ko‘ra:

“Elektron hukumatning idoralararo axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarining Yagona reyestri” axborot tizimiga nizom jamg‘armasida 50 foiz va undan ortiq davlat ulushiga ega davlat organlari va tashkilotlarining idoralararo axborot tizimlari, resurslari shuningdek, boshqa dasturiy mahsulotlari kiritiladi;

davlat organlari va tashkilotlariga Yagona reyestrga kiritilgan idoralararo axborot tizimlarining funksional vazifalarini takrorlaydigan axborot tizimlarini ishlab chiqish va foydalanish taqiqlanadi;

davlat organlari va tashkilotlari idoralararo elektron hamkorlikda elektron hukumatning ma'lumotnomalar, klassifikatorlar va yagona identifikatorlaridan foydalanishga majburdirlar.

Belgilanishicha:

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Yagona reyestr va “Elektron hukumatning ma'lumotnomalar va klassifikatorlar registri” axborot tizimini shakllantirish va yuritishga vakolatli, operator hisoblanadi.

“UZINFOCOM davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator” MChJ Yagona reyestr va “Elektron hukumatning ma'lumotnomalar va klassifikatorlar registri” axborot tizimini texnik ishlashini ta'minlaydi.

Operator:

2020 yil 1 iyulga qadar Yagona reyestr va “Elektron hukumatning ma'lumotnomalar va klassifikatorlar registri” axborot tizimini yaratish bo‘yicha texnik hujjatlarni ishlab chiqish va tasdiqlashni;

2020 yil 1 noyabrga qadar Yagona reyestr va “Elektron hukumatning ma'lumotnomalar va klassifikatorlar registri” axborot tizimini ishlab chiqish va foydalanishga topshirishni ta'minlaydi.

Belgilanishicha, Yagona reyestr va “Elektron hukumatning ma'lumotnomalar va klassifikatorlar registri” axborot tizimini yaratish va keyinchalik texnik qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq xarajatlar elektron hukumatni rivojlantirishga ajratiladigan mablag‘lar doirasida Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarni rivojlantirish Jamg‘armasi hisobidan amalga oshiriladi.

Davlat organlari va tashkilotlari:

a) bir hafta muddatda kelgusida Yagona reyestrni shakllantirish uchun axborot tizimlarini xatlovdan o‘tkazishga mas'ul bo‘lgan mansabdor shaxsni belgilanishini;

b) 2020 yil 1 iyulga qadar Operator, Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi va “Kiberxavfsizlik markazi” davlat unitar korxonasi bilan kelishgan holda quyidagilarni nazarda tutuvchi “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini ta'minlaydi:

“Elektron hukumatning ma'lumotnomalar va klassifikatorlar registri” axborot tizimi bilan integratsiya qilinishini inobatga olgan holda o‘zlarining axborot tizimlarini takomillashtirish bo‘yicha tashkiliy va texnik choralarni ko‘rish;

amaldagi axborot tizimlarini xatlovdan o‘tkazish va ular haqidagi ma'lumotni doimiy yangilab turilishini inobatga olgan holda ularni Yagona reyestrga kiritish;

axborotlashtirish va sertifikatlashtirish bo‘yicha axborot obektlarini axborot xavfsizligi talablariga muvofiqligini attestatsiyadan o‘tkazish;

“Elektron hukumatning ma'lumotnomalar va klassifikatorlar registri” axborot tizimini shakllantirish doirasidagi xabar va ma'lumotlarni doimiy dolzarbligini.

Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi va “Kiberxavfsizlik markazi” davlat unitar korxonasi:

davlat organlari va tashkilotlarining barcha axborot tizimlarini Yagona reyestrga kiritilishini monitoring qilinishini;

davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ishlab chiqilayotgan axborot tizimlari va resurslarining axborot xavfsizligi talablariga muvofiqligi yuzasidan sertifikatlashtirish bo‘yicha monitoring qilinishini ta'minlaydi.

Qaror ijrosini nazorat qilish axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh. Sodiqov, Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi boshlig‘i A. Xo‘jayev va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Telekommunikatsiyalar, IT-texnologiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish, axborot xavfsizligini ta'minlash masalalari kotibiyati zimmasiga yuklanadi.

Mavzuga oid