Jamiyat | 00:46 / 25.04.2020
14465
6 daqiqa o‘qiladi

Komil Allamjonov - pandemiyaning OAVga ta'siri va matbuot erkinligi reytingi haqida

Foto: Facebook /Komil Allamjonov

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov Qalampir.uz saytiga bergan onlayn intervyusida koronavirus pandemiyasining OAV sohasiga ta'siri va boshqa qator mavzulardagi savollarga javob berdi.

Komil Allamjonovning fikricha, Covid-19 pandemiyasi bosma nashrlarning tobora yo‘qola borishini tezlashtiradi.

«Bizning prognozlarimiz bo‘yicha, koronavirus pandemiyasi oqibatida kelib chiqadigan ehtimoliy iqtisodiy inqirozning matbuot sohasiga ham ta'siri katta bo‘ladi. Fikrimcha, matbuot ham og‘ir jarayonlar va davrga kirib kelmoqda. Xususan, bosma nashrlarga keladigan bo‘lsak, ularning kelajagini ko‘rmayapman. Aslida, bu inqirozlar boshlanmaganida ham, gazetalar – allaqachon o‘tmish mahsuloti.

Bir vaqtlar CD-disklarni ishlab chiqarish bilan qiziqib ko‘rgan edim. Shunda bir tanishim «bunaqa zavodlarni ochishdan ma'no yo‘q, chunki informatsiya tashish uchun odamlar fleshkalardan foydalana boshlashmoqda, vaqti kelib CD-disklar yo‘qoladi», degan edi.

Xuddi shu tarzda, internet paydo bo‘lib, uning qamrovi kengaya borganidan so‘ng, bosma ommaviy axborot vositalariga bo‘lgan talab kundan kunga kamayib bormoqda.

Albatta, bu gaplar nashrlarda faoliyat yuritayotgan hamkasblarimizga og‘ir botishi yoki ularning dilini og‘ritib qo‘yishi mumkin, buning uchun uzr so‘rayman. Lekin hozir haqiqatni to‘g‘ri prognoz qilib, to‘g‘ri moslasha olish juda ham muhim. Hozir men dard ertaga qanday oqibatlarga olib kelishini ko‘ra-bila turib, uni bekitadigan shifokorga o‘xshagim kelmayapti. Gazetaning umri qisqa. Mumtoz jurnalistikamiz vakillari meni ayblashsa ham, haqiqatdan yuz o‘gira olmaymiz.

Masalan, men deyarli gazeta o‘qimayman, oxirgi marta qachon o‘qiganimni ham eslay olmayman. Hattoki televizor ham ko‘rmaydigan bo‘lib ketdim. Hamma informatsiyalarni gadjetlarim orqali olaman.

Xorijdagi qog‘ozga chop etish uskunalari ishlab chiqaradigan mashhur korxonalar ham gazeta bosuvchi stanoklarni sekin-sekin ishlab chiqarishdan olish harakatini boshlangan. Germaniyada Heidelberg kompaniyasida bo‘ldik, ularning taxminiga ko‘ra ham gazeta yaqin kelajakda yo‘qlikka yuz tutadi. Bunda tahririyat yo‘q bo‘lib ketishi nazarda tutilmayapti, gazetaning qog‘oz ko‘rinishi bo‘lmaydi.

Xo‘p, gazeta tahririyatlari og‘ir ahvolda. Ularga qanday yordam berish mumkin, degan savollar tushadi. Qanday yordam berish mumkin?! Fuqarolarimizda tekinga internetdan yoki kioskka chiqib gazeta xarid qilib informatsiya olish imkoni bor edi. Pandemiya butun dunyoda onlayn matbuot, raqamlashtirishni yangi bosqichga ko‘tardi.

Masalan, ayni sharoitda gazetalarni qanday qilib o‘qish mumkin? Uni tarqatish ham mumkin emas, o‘quvchi ko‘chaga chiqishi ham mumkin emas. Hamma karantinda. Lekin internet, veb-saytlar tinimsiz ishlab turibdi. Blogerlar ham. Gazeta xarid qilish zarur ishlar ro‘yxatida emas allaqachon. Shuning uchun gazeta tahririyatlari ham kelgusida qiynalib qolmaslik uchun zudlik bilan internetga moslashishlari kerak bo‘ladi», — dedi Allamjonov.

U «Chegara bilmas muxbirlar» xalqaro tashkilotining matbuot erkinligi indeksida O‘zbekistonning bir necha o‘ringa yuqorilagani masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi.

«Xalqaro reytinglardagi indekslarda yuqorilashimiz nima uchun kerak? Bu reytinglar investitsiya muhiti uchun kerak. Ertaga investorlarning O‘zbekistonga sarmoya tikishga bo‘lgan qiziqishini oshiradi. Chunki ochiq davlatga hamma intiladi, hamma narsa ochiqcha ekan, g‘irromlik kam ekan, deb. Qaysi davlat ochiq bo‘ladi? Qonunlari ishlayotgan, siyosiy iroda kuchli bo‘lgan.

Ertaga investor kelganda ularni eng asosiy ikkita masala qiziqtiradi: har qanday insonning huquqini himoya qiluvchi organlar qanday ishlayotgani. Birinchisi sud bo‘lsa, ikkinchisi — matbuot. Matbuot va sud erkin bo‘lsa, o‘z vaqtida, adolatli va xolis ish tashkil qila olsa, bu davlatda rivojlanish bo‘ladi, investorlar ham cho‘chimasdan sarmoya yotqizishi mumkin.

Indeksning 4 pog‘onaga ko‘tarilgani arzimasdek ko‘rinar, lekin bu natijaga erishish qanchalik mushkulligini siz bilan biz yaxshi bilamiz. Men, ochig‘i, 1-2 pog‘onaga ko‘tarilishni mo‘ljallayotgan edim. Chunki o‘tgan yili matbuot va blogerlar bilan bog‘liq masalalar ham yetarli bo‘ldi. Ehtimol, ta'sir qilgandir ham. Balkim shu muammolar bo‘lganida 4 o‘rin emas, 10 o‘rin ko‘tarilgan bo‘larmidik.

Nima bo‘lganda ham orqaga ketish yo‘qligi, kichik bo‘lsa ham o‘sish bo‘layotganidan xursandmiz», — dedi Komil Allamjonov.

Onlayn videointervyuni Qalampir nashrining YouTube`dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid