Jamiyat | 11:13 / 28.04.2020
14532
15 daqiqa o‘qiladi

Kelajagi savol ostida qolgan bosma nashrlar: ular yashab qolish uchun nimalarni o‘zgartirishi kerak?

Bosma nashrlarning keyingi taqdiri haqidagi bahs-munozaralar yana qizigandan qizimoqda. Paydo bo‘lgan vaziyatni pishib yetilgan chipqonga mengzash mumkin.

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov o‘z intervyusida bosma nashrlar joriy formatda uzoq yashay olmasligi, bu butun dunyoda kuzatilayotgan jarayon ekanini ta'kidlab, zamonga moslashish kerakligi haqida fikr bildirdi.

Bosma nashrda faoliyat ko‘rsatayotgan bir qator hamkasblarimiz uning fikrlarini kontekstdan yulib, ayniqsa «men so‘nggi marta qachon gazeta o‘qiganimni eslay olmayman», «televizor ham ko‘rmayman», degan so‘zlarini qalqon qilib, ijtimoiy tarmoqlarda unga qarshi cherik tortishdi.

Tan olaylik, agar Allamjonov shu intervyusini onlayn tarzda emas, biror gazetaga berganida bu rezonansning milliondan biri ham bo‘lmasdi. Hozir gazetalarda chop etilayotgan yuzlab zo‘r intervyulardan bexabar qolayotganimiz singari.

Ha, internet shunaqa narsa. Xalq bilan qayta aloqa, odamlar bilan jonli muloqot bor. «Layk» qo‘yish mumkin! Yoritilayotgan kontent rezonans keltirib chiqaradi. Aynan shu jihati bilan u bosma nashrlardan karrasiga ustun.

Keling, 20 yil gazetachilikda ishlagan inson sifatida umumiy tarzda bosma nashrlarimiz qanday kun kechirayotgani va media maydonda qanday siyosat olib borayotganini tasvirlab bersam.

«Och qornim — tinch qulog‘im»

Xususiy gazetalardan bo‘lak deyarli barcha gazetalar majburiy obuna hisobiga kun ko‘radi. Majburiy obunani uyushtirib berish esa yirik tashkilotlar va tuman hokimliklari zimmasida. Tuman hokimlari respublika gazeta-jurnallaridan tashqari viloyat va tuman nashrining ham obunasi uyushtirib berishadi. Bu — fakt.

Evaziga «sizdan ugina – bizdan bugina» qabilida kelishuv vujudga keladi. O‘sha hokim rahbarlik qilayotgan tumandan yoki o‘sha korxona haqida gazetalarda tanqidiy material chiqmaydi. Tumandan tahririyatga aholidan murojaat tushsa borib o‘rganilmasligi tabiiy. Xalq ham buni juda yaxshi biladi, shuning uchun tahririyatlarga murojaat yo‘llashmaydi.

O‘zim Buxoroda bir murojaatni o‘rganganimda guvoh bo‘lganman: bir otaxon MTRKga ham, Toshkentdagi markaziy gazetalardan biriga ham ariza yo‘llagan. Har ikki tahririyatdan «murojaatingizni bosh prokuraturaga o‘tkazdik», mazmunida javob xatlari kelgan. Aqalli biror jurnalist «nima bo‘lyapti o‘zi», deb qo‘ng‘iroq qilib, qiziqib ham ko‘rmagan. Faqatgina Kun.uz’da yoritilganidan so‘ng masalani Bosh prokuratura o‘z nazoratiga oldi va murojaatchining e'tirozlari haqli bo‘lib chiqdi.

Xullas, keyingi obuna mavsumigacha gazeta chiqarish va kun ko‘rish uchun yetarli pul to‘plangach, gazeta paydar-pay yangilik va maqolalar bilan to‘ldirilib, chop etiladi. Ayrim gazeta rahbarlariga hattoki nashrning o‘quvchilarga borib yetayotgani-yetmayotgani ham qiziq emas. Mushtariylar bilan qayta aloqa yo‘q, gazetada yoritilayotgan narsalar juda kamdan kam holatda rezonans keltirib chiqaradi («Falon gazetada falon narsa chiqqan ekan», degan shov-shuvga so‘nggi marta qachon duch kelganingizni eslab ko‘ring-chi).

Shuning uchun majburiy obunaning yo‘qotilishi gazeta tahririyatlarining muqarrar kasod bo‘lishga, xodimlarining ishsiz va maoshsiz qolishiga olib keladi. Bu — aniq.

Yuqorida ta'kidlaganimdek, bu — bosma nashrlarda ish qanday tashkil qilib kelinayotganining umumiy manzarasi. Pirovard natijada, kimdadir ahvol yaxshiroq, kimdadir yomonroq.

Zabardast jurnalistlar ko‘p

Lekin bu gaplardan aslo bosma nashrdagi jurnalistlar ishni eplolmaydi, degan xulosaga kelmaslik kerak. Gazeta tahririyatlarida ham juda mulohazakor, savodli, chiroyli va rezonansli maqola yozadigan kuchli jurnalistlar ko‘p. Minglab topiladi, men bunga ishonaman.

Eng qizig‘i, hali ham onlayn makonda bo‘sh o‘rinlar bisyor. Ularni saviyasiz mahsulotlar taqdim etayotgan, maktab va ustoz ko‘rmagan diletant yoshlar egallashmoqda. Zabardast qalamkashlarga savod va saviya qanday bo‘lishini o‘shalarga ham, xalqqa ham ko‘rsatib qo‘yish uchun ko‘p ham jon kuydirish kerak emas, aslida.

Ana shunday hamkasblarimiz internet saytlarga ishga o‘tishmasin, mayli, o‘z ijodlarini tahririyatning internetdagi sahifalarida e'lon qilib borishsa yoki mustaqil blog yuritishsa ham «yorib yuborishadi». Tezgina minglab muxlislar ham orttirishadi. Biroq, ular negadir bu ishni paysalga solib, kesakdan olov chiqishini kutib yashashayotgandek…

Insonning o‘zida iqtidor bo‘lsa unga baribir ish topiladi. Yangi sharoitda ishsiz va e'tiborsiz qoladiganlar — absurd fikrlovchi, maddoh, saviyasiz, aslida bu kasbga noloyiq «jurnalistlar», shuningdek, boqimanda, ish yuritishni bilmaydigan «bersang yeyman — ursang o‘laman», degan rahbarlardir.

Meni hayratlantirayotgani birorta gazetachi muharrir «shu gaplarda jon bordir, biz ham zudlik bilan o‘zgarib, zamonga moslashishimiz kerak», demayotgani.

Bir-birini ko‘ra olmaydi…

Allamjonov «gazeta ham o‘qimas ekan», «televizor ham ko‘rmas ekan», degani u hamma narsadan bexabar degani emas. Istalgan TV ko‘rsatuvni yozma ravishda gadjetlardan ko‘rish mumkin. Gazetalarning PDF formatini ham gadjetlarda o‘qish mumkin.

Masalan, men ham televizorda faqat futbol ko‘raman. Chunki gazeta va TV mening informatsion chanqoqligimni qondira olmaydi va bebaho vaqtimni oladi. Gazeta o‘qish uchun (to‘g‘rirog‘i, varaqlab chiqish uchun) haftada 1–2 soat, ko‘pincha dam olish kunlarida vaqt ajrataman.

Bir hamkasbimiz «Allamjonovni nimalardadir ayblayotgan jurnalistlarning ko‘pchiligi — O‘zbekistonda maddohlikka tamal toshi qo‘ygan qalamkashlar avlodi vakillari. Bular, o‘z vaqtida Gorbachyov bergan demokratiyani eplab qola olmasdan, diktaturaga zamin yaratishgan», deb yozdi.

Bu fikrlarga qo‘shilmasdan iloj yo‘q. Chunki onlayn nashrlarga bosma nashrdagi hamkasblarning juda boshqacha nazarda boqishlari bor gap. Kun.uz’ning Toshkent shahar hokimligi bilan bo‘lgan mojarolarida bosma nashrdagi hamkasblarimiz qanday pozitsiyada bo‘lishganini juda yaxshi eslab qolganmiz.

Lekin, tan olaylik, onlayn nashrlar muxlislarni halol uslubda o‘zlariga jalb qilib, onlayn obunachilar orttirishyapti-ku? Ular mehnat qilishmoqda, muxlislarning istagini o‘rganishmoqda, ular xohlagan axborotni taqdim etishmoqda.

Modomiki, pirovard maqsad — o‘quvchilarni tarbiyalab, ma'naviyatli qilish bo‘lgan taqdirda ham, qurol va vosita sifatida internet karrasiga qulay. Bu — aniq.

Botqoqdan qanday chiqsa bo‘ladi?

Shaxsan men bo‘lajak tahririyatni qanday tasavvur qilaman? Qanday qilinsa — yangi sharoitlarda gazetalarning ishi yurishib ketishi mumkin?

O‘zingiz o‘ylang: ayni karantin kunlarida axborot makonida gazetalar nechog‘liq zamonda ortdaligi yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Kuniga uch marta kasallanganlar soni e'lon qilib turilibdi. Saytlar va kanallar raqamlar va yangiliklar e'lon qilingani zahoti aholiga yetkazmoqda. Oyda 4 marta chiqadigan gazeta nima qila olardi bu sharoitda? Aslida kundalik gazeta ham eplay olmaydigan ish.

Internet allaqachon har bir xonadonga kirib borgan ommaviy axborot vositasiga aylanib bo‘lgan.

Majburiy obunasiga ham, yaxshi tahliliy maqolalar yoritilayotganiga qaramasdan kechikib yetkazilayotganiga ham ko‘nish mumkindir. Lekin gazetalarning oyog‘iga tushov bo‘layotgan yana bir narsa — uning o‘quvchilarga yetkazilishi juda katta muammolarga sabab bo‘layotganidir.

Chunki pochta avvalgidek ishlamayapti. O‘zim «Matbuot tarqatuvchi» orqali yillik obuna ham bo‘lib ko‘rdim ayrim nashrlarga. Kunora gazeta uchun kioskaga chiqib kelish…

Biroq, yuqorida aytganimdek, gazetalarning PDF formatlarini ham varaqlab turibman. Shunga yarasha tahliliy maqolalar ham berilayotgani yo‘q. Onda-sonda pichoqqa ilinadiganlari chiqib qolmasa.

Masalan, partiyalar uchun bosma nashr orqali axborot berish va elektorat ovlashdan ko‘ra, ijtimoiy tarmoq muzokara va munozara maydoni bo‘lishi kerak.

Karantin kunlari bekor o‘tirmasdan gazeta tahririyatining sayti, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari, Telegram va Youtube kanallarini rivojlantirish kerak. O‘sha yangi chiqqan Zoom ilovasi bilan ham uydan turib yaxshigina mavzularda intervyular uyushtirish mumkin edi.

Bosma nashrda ishlayotgan ko‘pgina hamkasblarimiz feysbukni g‘iybatxonaga aylantirmasdan, o‘zlari va tahririyatlardagi hamkasblari tomonidan yozilayotgan maqolalarni bo‘lishib turishganida ham gazeta tahririyatlari shu paytgacha onlayn makonda ancha muxlis orttirib bo‘lgan bo‘lishardi.

Biroq, amalda bularning birortasini ko‘rayotganimiz yo‘q. Shuning uchun Allamjonov «o‘zgaringlar», demoqda va to‘g‘ri gapirmoqda. Kimdir bu fikrni ayabroq gapirishi kerak edi, demoqda. Qo‘shilmagan bo‘lardim, endi qat'iyroq fikrlar yangramasa «qotib qolgan»lar tebranmaydi…

Zamon o‘zgarib ketdi, axir! XX asrmas bu, axborot asrida yashayapmiz. O‘lchovlar o‘zgargan. Hozir o‘zbekcha bitilgan matnni xoh u kirillcha imloda, xoh lotincha imloda bo‘lsin, Google istalgan tilga tarjima qilmoqda. Yaxshiroq narsa yozib, nainki O‘zbekistonni, dunyoni zabt etish mumkin.

Yo‘q, ayrimlarga mudom majburiy obuna tiklanishi kerak! Hu, sovet davridagi 100-200 minglab tirajlar tushiga kirib chiqadi hanuz. Haligacha «Adabiyot va san'at»ning millionlab tirajini gapirib yuradiganlar bor (Bunda gazetalar dotatsiya bilan chiqqani, evaziga yillik obuna puli pesmiri bo‘lgani, muqobil tanlov yo‘q bo‘lganini hech kim gapirmaydi). Hozir ham shunday bo‘lsa-yu, keyin, iloji bo‘lsa hech kim qo‘lini bigiz qilib ko‘rsatmasa… Unaqa bo‘lmaydi endi, to‘g‘ri tushuninglar.

To‘rtinchi hokimiyatga aylanish

Gazeta moliviy jihatdan mustaqil bo‘lishi kerak. Ana shunda mahalliy rahbarlar bilan tuzilgan «pinhona» kelishuvlar o‘z-o‘zidan parchalanadi. Tahririyat birovning qo‘liga qarab qolmasdan, chinakam mustaqil OAVga aylanadi. Binobarin, muttaham rahbarlar o‘zlarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlarini qo‘rqibroq amalga oshirishadi. Tiklanayotgan to‘rtinchi hokimiyat yanada mustahkamlanadi. Tahririyat ham xalq ishonchini qozonib, muxlislar ham orttiradi.

Axir yurt ichida yurib ko‘ryapmiz-ku, mustaqil matbuot vakili savollari va surishtiruvlaridan g‘oyatda taajjubga tushayotgan rahbar va mansabdorlarni (Farg‘onada jurnalistga «gazetada ishlar ekansan, nega videoga olasan», degan va ayni paytda ishdan bo‘shatilgan hokimlik vakilini eslang). Tahririyatlar uzoq yillar shunday ishlashga o‘rgatib qo‘yishgan ularni. Jurnalist deganda obuna mavsumi chog‘ida yordam so‘rab keladigan mute insonni tushunishar ekan ular.

Men bir paytlar orzu qilar edim, birorta shov-shuvli voqea bo‘lsa xuddi chet ellardagidek turli OAVning mikrofonlari rahbarlarimiz oldida qatorlashib turishini. Shu kunlarga ham yetdik. Biroq, mikrofonlar asosan onlayn OAV, davlat TVlariniki. Men xohlar edim nufuzli gazeta tahririyatlari paydo bo‘lib, ular ham qatorga qo‘shilishini.

Hozir bosma nashrlarga kelgan ko‘rguliklarning boshida xalqning ishonchi yo‘qotilgani turibdi. Ishonch qozonish uchun tanlagan vosita (obunaga majburlash va evaziga kechikib boradigan qog‘oz) o‘zini mutlaqo oqlamaydi.

«O‘zing uchun o‘l yetim»

Xullas, izlanish, izlanish va yana izlanish kerak. Jurnalistlar o‘z kasbiy mahoratini oshirishi lozim. Ular individuallashuvi zarur. Eng avvalo o‘zining huquqiy bilimini oshirishi kerak. Zamonaviy jurnalist faqat shoir emas, salkam yurist bo‘lmog‘i shart.

Jurnalist nafaqat chiroyli yoza olishi, fotosurat va video olishni, ovoz bilan ishlashni ham o‘rganishi lozim. Zamon shuni taqozo qilmoqda. Transformatsiya yo‘lida Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi jurnalistlar uchun zarur seminar va treninglar tashkil qilib berishi mumkin.

Onlayn nashrlarda allaqachon jurnalistlarning katta o‘rni bor. Katta futbol jamoalarda yulduz to‘pteparlar biri ikkinchisiga katta maosh evaziga shartnoma imzolab, transfer qilinganidek, jurnalistlar allaqachon manfaatli takliflar bilan bir tahririyatdan ikkinchisiga ishga o‘tishmoqda.

Bosma nashrlardagi yetuk jurnalistlar ham o‘z «meni»ni namoyish etib, otilib chiqishlari lozim. Qaysiki tahririyat ana shunday jurnalistlarni bir joyga to‘play olsa — yashay oladi. Yo‘qsa, futboldagidek quyi ligaga ravona bo‘ladi.

O‘zlaringga rahmlaring kelsin, hurmatli hamkasblar. Nazarimda hozir «bola yig‘lamasa ona sut bermaydi» emas, «o‘zing uchun o‘l yetim» maqoli dolzarbroq.

P.S. Davlat ulushi mavjud tahririyatlar sotuvga chiqarilgan. Hozir ayniqsa tumanlarda kimlardir bu mahalliy nashrlarni xarid qiladi, deb o‘ylamayman. Holbuki, pul tikib, aql bilan ish ko‘rib, Denovda chop etilayotgan «Chag‘oniyon» darajasidagi tahririyat tashkil qilish ham mumkin.

Shuhrat Shokirjonov,

Kun.uz jurnalisti.

Mavzuga oid