Jamiyat | 18:30 / 30.04.2020
27277
9 daqiqa o‘qiladi

Til ofatlari: fahsh so‘z va g‘iybat muolajasi. Rahimberdi domla Rahmonov bilan suhbat

​​​​​​​Kun.uz Ramazon oyi munosabati bilan tashkil etayotgan turkum ko‘rsatuvlarining navbatdagisida til ofatlaridan sanalmish, biroq ko‘pchilik jiddiy e'tibor bermaydigan fahsh so‘z va g‘iybat haqida so‘z boradi.

Mavzu yuzasidan Toshkent shahar «Xo‘ja Alambardor» jome masjidi imom xatibi Rahimberdi domla Rahmonov bilan suhbat tashkil qildik.

Til – Allohning bandasiga eng katta inoyati

Til, avvalambor, Allohning bandasiga bergan ne'mati. Alloh taoloning mahluqotlari orasida inson zotiga bergan eng katta inoyati bu – til ne'mati. Inson – yagona gapiruvchi mahluqot. Mana shu tilimiz bilan kalimayi iymonni aytib, musulmon bo‘lamiz. Birgina yanglish so‘zimiz bilan iymon xalqasidan chiqamiz.

Inson tili bilan inson ko‘nglini tog‘dek qilishi mumkin. Inson birgina tili bilan bir insonni yer bilan yakson qilishi mumkin. Insonni odobi, ahloqi, qay mavqeda ekanligini ikki og‘iz so‘zi bilan bilsak bo‘ladi. Yoki ota-onasi unga nima bera olgan, ustoz murabbiylari nima bera olgan, u qaysi darajaga yeta olganini ikki og‘iz so‘zi bilan bilish mumkin.

Payg‘ambarimiz alayhissalom amakilari Abbos ibn Abdulmuttalibga: «Sizning ko‘rkingiz meni ajablantiradi» dedilar. «Kishining ko‘rki nimada, ey Allohning Rasuli?», - dedilar. Shunda Rasuli akram alayhissalom: «Uning tili», - dedilar.

Insonning tashqi ko‘rinishidan ko‘rki, kiyinishi va husn-u jamoli chiroyli bo‘lishi mumkin. Lekin insonda shirinzabonlik bo‘lmasa, xushmuomalalik bo‘lmasa, u insonning ko‘rki e'tiborga olinmaydi.

Mo‘minning tilidan noloyiq so‘z chiqmaydi

Tilimiz bilan biz Qur'on o‘qiymiz. Istig‘forlar va tavbalar qilamiz. Alloh taologa yaqin bo‘lamiz. Til bilan inson oilalarni vayron qilish mumkin.

Rasuli Akram alayhissalom payg‘ambar bo‘lganlaridan keyin atrof mamlakatlarga maktublar jo‘natdilar. Jumladan, Hiraklga ham maktub jo‘natdilar. Maktubining nihoyasida: «Men sizni Jannatga da'vat etaman», degan jumlalar bor edi. Hirakl o‘z o‘rnida Rasuli Akram alayhissalomga javob maktubini yozdi. Maktubining so‘ngida: «Ey Muhammad, sen meni jannatga da'vat etibsan. Unda do‘zax qayerda?» degan mazmundagi so‘zni yozgan ekan.

Toshkent shahar «Xo‘ja Alambardor» jome masjidi imom xatibi
Rahimberdi ​​​​​Rahmonov

Bu haqorotomuz yoki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni e'tiborga olmasdan, mensimasdan yozgan maktubiga payg‘ambarimiz g‘azablangan yoki jahllari chiqqan holda javob berishi mumkin edi. Lekin payg‘ambarimiz tilga e'tibor berish borasida bizga ustoz edilar. Va ajablanib, hayratlanib aytdilarki, «Subhanalloh, tong otsa, tun qayerda qoladi?» dedilar. Qarang, bu ajoyib nafosat, go‘zal bir ibrat.

Shuning uchun insonning tili buziladi, qachonki g‘azabi kelganida. Lekin mo‘min odam qanday bo‘lishidan qat'iy nazar uning tilidan noloyiq so‘z chiqmaydi.

Til insonning yaxshi amallarini yo‘qqa chiqaradi

Rasuli Akram alayhissalom aytadilar: «Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, gapirsa yaxshi gapni gapirsin, bo‘lmasa jim tursin», - dedilar. Payg‘ambarimiz alayhissalom bizlarni faqat yaxshi so‘z aytishga, ibratli, insonparvar va dilkash so‘zlarni aytishga buyurmoqdalar.

Insoning tili gohida qilgan yaxshi amallarini, savoblarini bekor bo‘lishiga ham sababchi bo‘lib qoladi. Tili bilan minnat qiladi – qilgan savobi ketadi. Tili bilan g‘iybat qiladi – savobi ketadi. Hattoki o‘zining savobini g‘iybat qilgan odamga beradi. Bir odamning sha'niga bo‘hton qiladi – butun nomayi a'molidagi ajrlar yuvilib ketadi.

Rasuli Akram alayhissalomning huzurlarida bir ayolni juda maqtashdi. «Kechasi bilan ibodat qiladi. Lekin bitta aybi bor. Tili bilan qo‘shnilariga ozor beradi», – deyishganida, Rasuli Akram alayhissalom: «U do‘zaxiy ayol», - dedilar.

Rasululloh la'natlovchi qilib yuborilmadilar

Ramazoni sharif – bir oylik maktab. Ro‘zador bo‘lgan holimizda nafaqat yemoq-ichmoqdan, ayni paytda tilimizning illatlaridan, tildan sodir bo‘ladigan xatolardan judayam tiyilishimiz kerak.

Sarvari koinot: «Men la'natlaguvchi bo‘lib yuborilmaganman», - dedilar. Tosh bilan urgan, badanlarini qonatgan, toshbo‘ron qilgan xalqqa duoibad qilmadilar. Balki o‘zlaridan o‘zlarining shikoyatini qildilar.

«Parvardigor quvvatimning zaifligidan, tadbirimning ozligidan shikoyat qilaman», deb aytganlar. Qarang qanday go‘zal ibrat. Rasulullohning so‘zlaridan yomon la'natlaguvchi so‘z chiqmadi.

Farzandni haqoratlash uning faqirligiga sabab bo‘ladi

Gohida ba'zi ota-onalar o‘z farzandlarini so‘kadilar. Eshak, hayvon yoki ahmoq deyishadi. Qanday qilib odam o‘zining farzandini haqorat qilishi mumkin?

Rasuli Akram alayhissalom aytadilar: «Bolaning haqiga ota-ona tarafidan haqorat – faqirlikni keltirib chiqaradi».

Agar ota-ona farzandini ko‘p haqorat qilsa, kelajakda mana shu farzandi biri ikki bo‘lmaydigan nochor, notavon bo‘lishiga sababchi bo‘lib qoladi. Ota-ona bir-biri bilan farzandlar oldida g‘iybat qilmasin.

Hatto insonning tilidan g‘iybat qilishi o‘sha insonning go‘shtini yeyishga tenglashtirilgan.

G‘iybat – savobni ketkazadi

G‘iybat – insonning yo‘qligida uning aybini gapirishdir. Haqiqatdan u insonda shu ayb, kamchilik va nuqson bordir; nafaqat biz, balki o‘zgalar biladigan ayb, lekin o‘sha bor aybini u odam yo‘qligida gapirish bu – g‘iybat hisoblanadi.

Yo‘q aybni gapirish esa bo‘hton bo‘ladi. G‘iybat g‘iybat qilingan odamning go‘shtini yeyish bilan borobar.

Alloh taolo Qur'oni Karimda marhamat qiladi: «Birodaringizning go‘shtini yeyishni hohlaysizmi?» Ya'ni g‘iybat qilish g‘iybat qilingan odamning go‘shtini yeyish bilan barobar bo‘ladi.

G‘iybat qilayotgan odamni to‘xtatmasdan, uni eshitayotgan inson ham gunohkor bo‘ladi.

G‘iybat qilganga Hasan Basriy hadyasi

Hasan Basriyning oldilariga kelib, falonchi sizni bir davrada juda g‘iybat qildi, degan xabarni keltirganlarida g‘iybat qilgan odamning kimligini bilib, shogirdlaridan bir laganda xurmo berib yuborgan ekanlar. Va ayttirib yuborgan ekanlarki: «Menga kelgan ma'lumotlarga qaraganda, meni juda g‘iybat qilibsiz. Mening sizga minnatdorchiligim tarzida tuhfamni qabul qiling».

Ya'ni g‘iybat qilgan odamning savob va ajri g‘iybat qilingan odamga o‘tdi. O‘shaning mukofoti tarzida Hasan Basriy unga shunday iltifot ko‘rsatgan ekanlar.

Imom Shofe'iy aytadilar: «Agar g‘iybat qilishim mumkin bo‘lganda edi, men onamni g‘iybat qilgan bo‘lur edim. Chunki mening savobim, qilgan yaxshi ishlarim o‘tib ketishiga arzirli yagona inson bu – onam», degan ekanlar.

Ijtimoiy tarmoqlar orqali g‘iybat va fahsh so‘zlash muolajasi qanday bo‘ladi?

Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar rivojlanib ketdi. Ba'zi bir roliklar yoki ulamolarimiz bilan suhbat tashkil qilinadi. Natijada uning tagidan turli izohlar va sharhlar yoziladi. Shu lavhada suhbat qilgan yoki maqola yozgan odamning sha'niga turli gaplarni yozadi. U odamning o‘zini ko‘rmagan va bilmagan, u insonning ichki dunyosidan xabari yo‘q odam qanday qilib uning nomiga noloyiq gaplarni yozishi mumkin?

Bu esa o‘sha odamni oldida qilingan haqorat bilan barobar. Bu – g‘iybat. Bu – tuhmat. Unga g‘iybat qilganda qanday gunoh bo‘lsa, shunday gunoh yoziladi. O‘sha haqoratlagan insonni oldida shu g‘iybatni qilish bilan barobar bo‘ladi.

Tolib Rahmatov suhbatlashdi

Tasvirchi Nuriddin Nursaidov

Mavzuga oid