Jahon | 23:01 / 07.05.2020
38964
9 daqiqa o‘qiladi

Koronavirus: Eronni nimalar kutmoqda?

Koronavirus nafaqat sog‘liqni saqlash tizimi, balki iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy jabhalarga ham salbiy ta'sir ko‘rsatayotgani mamlakatning bosh muhokama mavzusidir. Ammo hozirda Erondan epidemiyaga oid aniq va shaffof ma'lumot olish qiyin. Chunki mamlakatdagi matbuot erkinligi va demokratik qadriyatlarga sodiqlik masalasi axborot olish imkoniyatlariga bevosita ta'sir o‘tkazmoqda. Ayni paytda Erondagi epidemiya bilan bog‘liq so‘nggi vaziyat jahon afkor ommasida ham qiziqish uyg‘otmoqda.

Foto: Getty Images

Rasmiy va haqiqiy ma'lumotlar boshqa-boshqa

Eronda so‘nggi kunlarda koronavirusdan zararlanish holatlari yana o‘sa boshladi va 6 may kuni mingdan ortiq bemor aniqlanib, 100 minglik nuqtadan o‘tildi. 7 may kuni yana 1,5 mingga yaqin holat aniqlandi.

Ilk holat qayd etilgan va rasmiylar tomonidan virus o‘chog‘i deb e'lon qilingan Qum shahri ichki va tashqi ogohlantirishlarga qaramay, karantinga, hatto nazorat ostiga ham olinmadi. Shu asno epidemiya qisqa fursat ichida nafaqat butun mamlakatga, balki mintaqadagi boshqa mamlakatlarda ham tarqalib ulgurdi. Jarayonning avvalboshdan shaffof bir shaklda boshqarilmagani esa davlatning axborot manbayi sifatida ishonchliligiga jiddiy putur yetkazdi.

Ta'kidlash joizki, Eronda «rasmiy ma'lumotlar» atamasi «haqiqiy ma'lumotlar» tushunchasidan butkul farqli. Shu bois uzoq yillar davomida davlat va jamoatchilik o‘rtasida yuzaga kelgan ishonchsizlik so‘nggi paytlarda o‘zining haddi a'losiga ko‘tarildi. Hukumat tomonidan ko‘rilgan chora-tadbirlar xalq tomonidan qo‘llab-quvvatlanmadi.

Bugun Eron Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan e'lon qilinayotgan kunlik axborotlar ham rasmiylar tomonidan haqiqiy ma'lumot sifatida qabul qilinmayapti. Har kuni muntazam ravishda e'lon qilinayotgan bu ma'lumotlar jamoatchilikni xabardor qilishdan ko‘ra ko‘proq ichki va tashqi tashviqot quroliga o‘xshaydi. Shu bois, Eronda Covid-19’ga chalingan xastalarning haqiqiy soni aytilganidan ham ko‘proq bo‘lishi mumkin.

Ishonch ko‘zgusi darz ketdi

Qayd etish lozim, zamon ehtiyojlarini qondira oladigan infratuzilma mavjud emasligi mamlakatda surunkali muammolar ildiz otishiga olib keldi. Bu esa o‘z navbatida sog‘liqni saqlash va ijtimoiy yordam ko‘rsatish masalalarida jiddiy tashvishlar tug‘ilishiga sabab bo‘lmoqda. Masalan, uzoq munozaralardan so‘ng Eron ma'muriyati tomonidan Covid-19’ga qarshi kurash doirasida 23 million xonadonga ajratilgan 1 million tumanlik kredit ham alohida bir muammoga aylandi.

Bundan tashqari, xastalarni qabul qilish, retsept va dori-darmon tarqatish yoki bemor to‘g‘risidagi ma'lumotlarni elektron shaklda emas, eski tartibda – qog‘ozda yuritilayotgani ham xavotirlarga sabab bo‘lmoqda. Shaffoflik tamoyili o‘rtadan ko‘tarilishiga va boshqaruv mexanizmida muammolar paydo bo‘lishiga olib kelmoqda.

Ustiga ustak, keyingi paytlarda kasallik muolajasi uchun ishlatiladigan dori-darmonlarni import qilish masalasida ham qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda. Masalan, Eron parlamentining sog‘liqni saqlash komissiyasi a'zolaridan biri koronavirus bemorlarida qo‘llash uchun olib kelingan 20 mingta «Favipiravir» nomli dorining atigi 15 mingtasi vazirlikka yetkazilgani, qolgan 5 mingtasi esa izsiz g‘oyib bo‘lganini ma'lum qildi. Yaqinda Eron Auditorlar sudi raisi Odil Azer ham ba'zi importyorlar va ayirboshlash shoxobchalariga o‘tgan yili tarqatilgan 31 milliard dollarning 4,8 milliardi davlatga topshirilmaganini e'lon qildi.

Mana shunday og‘ir kunlarda davlat va jamoatchilik o‘rtasida har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etuvchi ishonch ko‘zgusi darz ketganga o‘xshaydi. 2020 yil Eron uchun og‘ir boshlangandi, ammo Covid-19 inqirozi ushbu bo‘hron ko‘lamini yanada kengaytirib yubordi.

Iqtisodiyotdagi holat havas qilgulik darajada emas

Neftga qaramlik, sanksiyalar, sust qobiliyatli kapitalizm va xususiy sektorning deyarli mavjud emasligi kabi bir qator omillar tufayli Eron iqtisodiyoti ayni damda o‘z tarixining eng og‘ir kunlarini yashamoqda. Zotan, davlatning 2020 yil budjeti ham buni tasdiqlab turibdi. Covid-19 inqirozi sabab kechiktirilgan va parlamentda tezda ma'qullangan budjet dasturining manbalari mamlakatning ertangi kundan tashvishda ekaniga ishora qilmoqda. Kuniga bir million barrel neftni 50 dollarga teng bazaviy narxda eksport qilishni kutgan Eron bugun o‘rtacha 300 ming barrel neftni atigi 15 dollardan zo‘r-bazo‘r sotmoqda.

Savdo sektorida ham holat havas qilgulik darajada emas. Chunki Eronning eng yirik savdo sherigi bo‘lgan va neftdan tashqari eksportning 23 foizini tashkil etadigan Xitoy bilan savdo munosabatlari epidemiya tufayli bir necha oydan beri to‘xtab qoldi. Boz ustiga, o‘tgan yili qayd etilgan 40 foizdan yuqori inflatsiya ko‘rsatkichi ham fuqarolarning kundalik hayotiga to‘g‘ridan to‘g‘ri salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda.

Ta'kidlash joizki, eng kam ish haqini 1 million 835 ming tuman sifatida belgilashga oid munozaralar ham hanuz davom etmoqda. Eron mehnat qonunining 41-moddasiga binoan, eng kam ish haqi oshishi hech bo‘lmaganda inflatsiya darajasiga teng bo‘lishi kerak, ammo 21 foizlik stavka oshishi umumiy norozilik ko‘lamining sezilarli o‘sishiga olib kelmoqda.

Covid-19 epidemiyasi qay tomon ketib bormoqda?

Bu jumboq barcha dunyo xalqlari qatori eronliklarni ham qiziqtirmoqda. Ammo siyosiy muxolifat amalda deyarli mavjud bo‘lmagan va davlat axborot agentliklaridan boshqa muqobil OAV faoliyat olib bormaydigan Eronda bu savolga aniq javob topish qiyin. Biroq cheklangan bo‘lsa-da, xizmat ko‘rsatayotgan ba'zi markazlarning ma'lum qilishicha, epidemiya mamlakatda 400 kun davomida yashab qolishi mumkin.

Eron parlamentiga qarashli ilmiy markaz tadqiqotiga ko‘ra, oktabr oyi oxirida Covid-19’ning yangi to‘lqini paydo bo‘lishi mumkin. Agar davlat hech qanday chora ko‘rmasa, 60 million odam koronavirus yuqtirish ehtimoli mavjud. Shu ma'noda, izolyatsiya masalasi muhim ahamiyatga ega ekani ta'kidlanmoqda.

Amalga oshiriladigan choralarga mutanosib ravishda qilingan hisob-kitoblar quyidagicha: agar mamlakatda 10 foiz izolyatsiya qo‘llansa, 2 million 400 ming holat va 30 ming 700 o‘lim; 25 foiz izolyatsiya qo‘llansa, 1 million 600 ming holat, 13 ming 450 o‘lim; 32 foiz izolyatsiya qo‘llansa, 951 ming holat, 8 ming 630 o‘lim; 40 foiz izolyatsiya qo‘llansa, 811 mingta holat va 6 ming 300ta o‘lim kuzatilishi taxmin qilinmoqda.

Hukumat vaqtdan yutishga urinmoqda

Eron ma'muriyatining oldin ko‘rilgan choralarni (masalan, shaharlararo sayohatlardagi cheklovlarni olib tashlash) yumshatishi kelajakda qanday yo‘l tutish borasida chalkashliklarga olib kelishi mumkin. Ammo vaziyat ortida turgan haqiqat g‘oyat aniq. Ya'ni embargolar va tashqi cheklovlar tufayli moliyaviy manbalarning erishi zarur resurslar topish masalasida Eronni umidsizlik chohi tomon sudramoqda.

Ayniqsa, so‘nggi kunlarda inqirozni boshqarishdagi muvaffaqiyatsizliklar yanada yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Qolaversa, ushbu vaziyatda milliy xavfsizlikka oid muammolar ham har qachongidan ko‘ra ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Bir necha oylik tanaffuslar bilan asosan iqtisodiy sabablarga ko‘ra yuzaga kelgan namoyishlardan larzaga tushgan Eron ma'muriyati Covid-19 sabab yanada og‘ir tus olgan iqtisodiy tanglik nimalarga olib kelishini juda yaxshi bilib turibdi. Mamlakat aholisining katta qismini qamrab olgan va asosiy ehtiyojlarni qondirishni oldinga surgan g‘azabnok namoyishlar chindan ham jiddiy masala. Shuning uchun ham shifoxonalardagi muammolarni hal eta olmagan Tehron namoyishlarni imkon qadar kechiktirishga intilmoqda. Ya'ni davlat virusni emas, ayni mana shu hassosiyatni kamaytirishga, shu orqali vaqtdan yutishga urinmoqda. Ayni paytda epidemiya bilan bog‘liq barcha qarorlarni ham ayni jihatlarni hisobga olgan holda qabul qilmoqda. Ammo vaziyat shu taxlit yomonlashishda davom etsa, xalqni g‘azablantirishi mumkin bo‘lgan har qanday xato mamlakatdagi barqarorlikni tamoman izdan chiqarishi mumkin.

Mavzuga oid