O‘zbekiston | 20:47 / 10.05.2020
22999
5 daqiqa o‘qiladi

«Hammaning ham ota-onasi pul yubora olmayapti, ishlashimizga esa imkon yo‘q» – Moskva va Tomskdagi talabalar

O‘zbekiston koronavirus tufayli o‘z chegaralarini yopganiga hademay ikki oy bo‘ladi. Bu vaqt davomida xorijdagi vatandoshlarni olib kelish uchun bir nechta charter reyslar tashkil qilindi, ammo hali oilalariga qayta olmayotgan xorijdagi o‘zbekistonliklar talaygina.

Tahririyatimizga Rossiyaning Moskva va Tomsk shaharlarida o‘qiyotgan o‘zbekistonlik talabalar murojaat qilishdi. Ular bilan onlayn suhbatimizda yashab turgan hududlaridagi vaziyat, qanday hayot kechirishayotgani va vatanga qaytish istaklari haqida so‘z bordi.

Abbos Ahmadov – Rossiya milliy texnologik tadqiqotlar universiteti (MISiS) talabasi:

– Universitetlar 15 apreldan yopilgan va masofadan o‘qish yo‘lga qo‘yilgan. Bizga darslar Zoom, Microsoft Teams dasturlari orqali o‘tilyapti.

50 kundan beri karantindamiz, universitet yotoqxonalarida yashayapmiz. Tashqariga chiqishga faqat 2 soatga ruxsat berilgan.

O‘zbekiston elchixonasi tomonidan hayriya tashkillashtirildi. O‘sha paytda yig‘ilgan Moskvadagi talabalar bilan ochgan chatimizda gaplashib, hol-ahvolimizni bilib, turamiz.

Yotoqxonalarda bittadan qavatlar bo‘shatib qo‘yilgan. Isitmasi chiqqan talabalarni ana shu qavatdagi xonalarga 14 kunga karantinga joylashtirishgan.

Har xil sharoitli talabalar bor. Kimningdir oilasi pul yubora oladi, kimningdir oilasining imkoni yo‘q. Talabalar o‘qishdan keyin ozgina bo‘lsa ham ishlab pul qilib yurardi, lekin hozir ko‘chaga chiqishlar taqiqlangan va ishlar ham yopilgan. Universitet tomonidan har hafta bizga oziq-ovqat yetkizib beriladi.

Universitetimiz talabalar o‘z vataniga qaytish masalasida O‘zbekiston elchixonasiga xat yubordi. 10 maydan keyin reys bo‘ladi, deyishdi; 450 talabani olib ketib, bitta joyga joylashtirishlari aytildi. 10 may ham yaqinlashib qoldi, lekin hech qanaqa yangilik bo‘lmadi. Keyinroq esa 30 iyungacha hech qanday reyslar bo‘lmaydi, deb aytildi.

Biz talabalar xalqdan, davlatdan olib ketishlarini talab qila olmaymiz, Faqat iltimos tarzida aytmoqchimiz, bizni O‘zbekistonga qaytishimizda amaliy yordam ko‘rsatishsa, yaxshi bo‘lar edi.

Qozog‘iston, Qirg‘izistondan talabalar bor. Ularga davlatlari tomonidan poyezd, avtobuslar uyushtirildi va o‘z yurtlariga qaytarildi. Tojikiston talabalari ham o‘z yurtlariga qaytishdi.

Moskvada koll-markazlar tashkillashtirilmagan. Faqat 03 raqamiga telefon qilinadi. Bu yerda o‘zbek talabalarining hech qaysi birida sug‘urta yo‘q. Sug‘urtasiz bizni davlat shifoxonalari qabul qilmaydi. Agar sug‘urta bo‘lmasa, o‘z hisobidan davolanadi.

Bitta talabaga 1 oyga kamida 200 dollar ketyapti. Bu 2 million so‘m pul degani. Bolasi uchun oyiga shuncha pul yuborishga hammaning ham qurbi yetmaydi.

Malika Aminova – Tomsk politexnika universiteti talabasi:

– Tomsk politexnika universitetida sirtdan tahsil olaman. Tomskka 5 mart kuni imtihon topshirish uchun kelganmiz. Kelganimizdan so‘ng, 1 haftadan keyin pandemiya boshlandi va bizni karantin rejimiga tushirishdi. Sessiyalarimizni yopganmiz, hozir diplom ishimizni yotoqxonadan chiqmasdan yozib o‘tiribmiz.

O‘zbekistondagi vaziyatni tushunib turibmiz, elchixona bilan aloqa qilib, reyslar qachon bo‘lishini so‘rayapmiz. Lekin hech qanday ma'lumot yo‘q. Yaqinda AQSh elchixonasi amerikalik talabalarni olib ketdi.

Ota-onalarimiz jo‘natgan pulga qarab o‘tiribmiz. Chiqib ishlashga esa imkoniyat yo‘q. Pul masalasi bo‘yicha hech kimdan yordam so‘ramadik, faqat reys bo‘yicha elchixona bilan bog‘landik.

Bizda hech qanday dezinfeksiya qilish ishlari bo‘lgani yo‘q, na shaharlarda, na do‘konlarda va hatto yotoqxonalarimizda ham. Bundan esa qo‘rqyapmiz. Tomsk shahrida karantin qoidalariga rioya qilinayotgani yo‘q: ko‘chalarda odamlar maskasiz yurishibdi. Shaharda kasallanganlar soni 150tadan oshdi. Karantinga olinganlar esa 600ga yaqin (intervyu 5 may kuni yozib olingan – tahr).

Dorixonada oddiy bosh og‘riq dorilarni ham sug‘urtamiz bo‘lmagani sababli bizga berishmaydi. Tomskda bitta talaba uchun 1 oyda faqat oziq-ovqatga 200 dollar va undan ko‘proq pul sarflayapmiz.

Tomskda o‘zbek talabalarida Covid-19 aniqlanmadi. Bu yerda tibbiy yordam pullik. Davlat poliklinikalariga umuman qabul qilmayapti.

Sog‘-salomat oilamiz va farzandlarimizning oldiga borishni xohlardik. Bizni ham olib ketishlarini iltimos qilamiz.

Mavzuga oid