Jahon | 16:56 / 12.05.2020
11377
2 daqiqa o‘qiladi

Misrlik milliarder bir barrel neft narxi 100 dollargacha ko‘tarilishini aytdi

Uning so‘zlariga ko‘ra, Saudiya Arabistoni va Rossiya AQShning slanetsli neftini yo‘q qilish uchun narx urushini boshlagan.

Foto: Global Look Press

Bir barrel neft narxi bir yarim yil ichida 100 dollargacha ko‘tariladi. Misrlik milliarder, Orascom Telecom Media and Technology xoldingi egasi Najib Saviris CNBC telekanaliga bergan intervyusida ana shunday fikrni aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Saudiya Arabistoni va Rossiya AQShning slanetsli neftini yo‘q qilish uchun narx urushini boshlagan.

«Bu hisob-kitob qilingan deb o‘ylayman», — dedi Saviris. 

Uning ta'kidlashicha, Saudiya Arabistoni va Rossiya koronavirus pandemiyasi sababli neft narxi keskin tushib ketishini bilgan, ammo «raqobatchini o‘ldirish» va narxni 50 dollardan 60 dollargacha yetkazish uchun vaziyatni yanada keskinlashtirgan.

«18 oydan keyin bir barrel neft narxi 100 dollarga yetishiga rostdan ham ishonaman», — dedi biznesmen.

Mart boshlarida koronavirus pandemiyasi va OPeK+ shartnomasining bekor bo‘lishi ortidan neft narxi keskin tushib ketdi.

12 apreldagi tezkor videoanjumanda OPeK+ davlatlari neft qazib olish hajmini qisqartirish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu kelishuv may-iyunda neft qazib olish hajmini kuniga 9,7 mln, iyul-dekabrda 7,7 mln, 2021 yil yanvar-2022 yil aprelda 8,8 mln barrelga qisqartirishni ko‘zda tutadi.

Kelishuvga ko‘ra, neft bozoridagi eng yirik ishtirokchilar - Saudiya Arabistoni va Rossiya neft qazib olish hajmini 2,5 mln barreldan, boshqa ishtirokchilar esa 2018 yil oktyabrdagi darajada qisqartiradi.

12 may kuni Saudiya Arabistoni, Quvayt va BAA neft qazib olishni yanada kamaytirishini ma'lum qildi.

Forbes ma'lumotiga ko‘ra, 66 yoshli Najib Saviris dunyoning eng boy kishilari ro‘yxatida 769-o‘rinda turadi. Uning boyligi 3 mlrd dollar deb baholanadi.

Mavzuga oid