O‘zbekiston | 00:54 / 12.05.2020
15010
2 daqiqa o‘qiladi

«Yer sotgani uchun javobgarlikka tortilganlarning yarmidan ko‘pi – mansabdorlar» - Bosh prokuratura

O‘zbekiston Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev Senatning 4-yalpi majlisida bergan axborotida qishloq xo‘jaligi tizimidagi talon-torojlik holatlariga to‘xtalib o‘tdi.

Foto: Oliy Majlis Senati Axborot xizmati

Unga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi tizimida qonunlar ijrosi ustidan olib borilgan nazorat tadbirlari davomida 22 mlrd so‘mlik don, 63 mlrd so‘mlik paxta xomashyosi, 3 mlrd so‘mlik mineral o‘g‘it, irrigatsiya tadbirlari uchun ajratilgan 1,7 mlrd so‘m budjet mablag‘lari talon-toroj qilinganligi aniqlangan.

«Tahlillar yerdan foydalanish sohasida suiiste'mollik harakatlari avj olganini ko‘rsatdi. So‘nggi 2 yilda 3244ta holatda 56 ming gektar yer maydoni hokimlar tomonidan noqonuniy ajratilgan.

Yer sotish, uni talon-toroj qilish holatlari yuzasidan 543 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan. Ularning 295 nafari – mansabdor shaxs hisoblanadi.

Xususan, 119 nafari kadastr, 23 nafari hokimliklar, 14 nafari arxitektura va qurilish bo‘limlari mas'ullari, 76 nafari fermer, 26 nafari MFY raislaridir», deya Yo‘ldoshevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Bosh prokurorning so‘zlariga ko‘ra, o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida qon kasalliklarini davolash tizimida muammolar borligi oydinlashgan.

«Qon kasalliklarini davolash tizimi o‘rganilganda, bunday kasallik bilan og‘riganlar so‘nggi 4 yilda 10 foizga ortgan bo‘lishiga qaramay bemor o‘rinlari, shifokor shtati oshirilmagani, tumanlarda gematolog shtati yo‘qligi aniqlandi.

Bepul davolanish imkoniyati cheklangan, dori-darmon ta'minoti yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan. Natijada davolanish 40-50 foizga tushib qolgan. Qo‘shni davlatlarda bu ko‘rsatkich 70 foizni tashkil etadi», dedi Nig‘matilla Yo‘ldoshev.

Mavzuga oid