Jamiyat | 15:10 / 18.05.2020
8417
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda 26 ming dollarlik simobni sotmoqchi bo‘lgan shaxslar qo‘lga olindi

Mazkur holat yuzasidan tuman IIB JQB tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda. 

Foto: IIB axborot xizmati

Navoiy viloyati IIB JQB Qidiruv bo‘limi xodimlari tomonidan olingan tezkor ma'lumotlarga asosan, Karmana tuman IIB JQB xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Bu haqda Navoiy viloyati IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Uning davomida, 2020 yilning 13 may kuni Karmana tumani “Uyrot” MFY hududida 1949 yil Buxoro viloyatida tug‘ilgan, ayni paytda G‘ijduvon tumani, “Bobur” MFYda istiqomat qiluvchi fuqaro N.K. bir konteynerda 5 kilogramm 300 grammni tashkil qilgan “simob” kimyoviy moddasini 26 ming AQSh dollariga sotish jarayonida tadbir ishtirokchilari tomonidan qo‘lga olindi. 

N.K. ushbu jinoiy ishni o‘g‘illari – 1976 yil Buxoro viloyatida tug‘ilgan, G‘ijduvon tumani, “Bobur” MFYda yashovchi N.A. hamda 1986 yil Buxoro viloyatida tug‘ilgan, G‘ijduvon tumani, “Bobur” MFYda istiqomat qiluvchi N.B.lar sherikchiligida sodir etgan, deyiladi ma'lumotda.

“Simob” kimyoviy moddasini N.A.ga tegishli “Jyentra” rusumli avtomashinada yollanma qo‘riqchi – 1986 yil Buxoro viloyatida tug‘ilgan, Vobkent tumanida yashovchi, og‘ir atletika ustasi O.R. himoyasida olib kelishga uringan. Karmana tuman IIB tomonidan xolislar ishtirokida N.K.dan bir konteynerda bo‘lgan 5 kg 300 grammni tashkil etuvchi “Simob” kimyoviy moddasi hamda 26 ming AQSh dollari hujjatlashtirib olindi. 

Qayd etilishicha, hozirda mazkur holat yuzasidan tuman IIB JQB tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda. 

Mavzuga oid