O‘zbekiston | 22:23 / 20.05.2020
6353
7 daqiqa o‘qiladi

Koronavirus o‘quv markazlariga qanday ta'sir ko‘rsatdi? Jahongir Po‘latov rentabellikni qanday saqlab qolish haqida

MFactor loyihasi doirasida Cambridge o‘quv markazi asoschisi Jahongir Po‘latov bilan «O‘zbekistonda ta'lim va o‘quv markazlari kelajagi» mavzusida suhbat uyushtirildi. Dastur davomida Jahongir Po‘latov ta'lim sohasiga oid savollarga javob qaytardi.

O‘quv markazini ochishda nimalarga ahamiyat berish kerak?

– Ta'lim sohasining rivojlanishida xususiy ta'limning o‘rni katta. Chunki faqatgina xususiy ta'limda kreativ g‘oyalar, yangiliklar birinchi bo‘lib yo‘lga qo‘yiladi. Xususiy ta'lim ta'lim tizimida yangi trendlarni yo‘lga qo‘yishda yordam berishi mumkin.

O‘quv markazi ochishda hozirda biroz kutib turishni maslahat bergan bo‘lardim. Hozir joy qidirib, ta'mirlashga pul sarflab, investitsiya kiritib, pullarni sarflab qo‘ymasdan naqd pulni ushlab turish kerak. Hozir darhol biznes ochadigan payt emas. O‘ylamanki, vaziyatni ko‘rish kerak. Misol uchun, yozda, sentabr oyida vaziyat qanday bo‘lishini ko‘rish kerak. Ana undan keyin xulosa qilib, o‘quv markazi ochish mumkin deb o‘ylayman. Yozda vaqtni tayyorlanishga sarflash mumkin: sohani chuqurroq o‘rganish, jamoani yig‘ish, konsepsiya, biznes reja tayyorlash. Kuzda vaziyatga qarab, faoliyat boshlasa bo‘ladi.

O‘quv markazlariga ishga qaytishga ruxsat berilsa ham vaziyat qanday bo‘lishi haqida tasavvurimiz yetarlicha emas.

Ya'ni masalan, o‘quv markazlarida bitta xonada 5-8 nafardan ortiq o‘quvchi o‘tirmasin deyilishi mumkin. Bu tushumga ta'sir qiladi. Tushumni ilgari o‘quv markazining barcha xonalarini o‘quvchilar bilan to‘ldirish hisobiga o‘stirgan bo‘lsak, endi bu narsaga tabiiy cheklov bo‘lishi mumkin. Biz istasak ham o‘quv markazining barcha xonalarini to‘ldirib, 10-15 nafardan odam yig‘a olmasligimiz mumkin. Shu sababli hozir o‘ylab, qanday cheklovlari bo‘lishi mumkinligini kuzatib turadigan payt. Shundan kelib chiqib, biznesga kirish kerak.

Agar o‘quvchilar soni 2-3 baravargacha qisqartirilsa, o‘quv markazini yurgizish hattoki norentabel bo‘lishi, ya'ni bu katta foyda keltirmaydigan biznesga aylanib qolishi mumkin. Ana shunday kutilmagan holat bo‘lishi mumkin. Shuning uchun hozirdan bino olib, uni ta'mirlashga kirishishni tavsiya qilmayman. Biroz kutib, vaziyat barqarorlashgach, keyingi qadamlarni qo‘yish kerak deb o‘ylayman.

Jahongir Po‘latov

Jahongir Po‘latov o‘quv markaziga bino ijarasi uchun to‘lov miqdorini kamaytirish bo‘yicha ijarachi bilan kelishishni biznes rentabelligini saqlash bo‘yicha yechim deb hisoblaydi. Agar ijara to‘lovi miqdori pasaytirilmasa, taslim bo‘lish kerak emasligini aytib o‘tdi.

– O‘quvchilar sonini ko‘paytirishga harakat qilish kerak. Hattoki, tabiiy cheklov, misol uchun bir xonada 8-10 o‘quvchi o‘qitinglar deyilgan taqdirda ham onlayn o‘qitib bo‘lsa ham o‘quvchilar sonini ko‘paytirishga harakat qilish kerak. Oflaynga hamma qaytgani bilan ayrim ota-onalar farzandini o‘quv markaziga yuborishga qo‘rqadi. Hali vaksina topilmadi, kasal yuqtirib olish ehtimoli mavjud, deb o‘quv markaziga bormay qo‘ya qolgin deyishi mumkin. O‘quvchilarning muayyan qismi onlaynda qolishi mumkin. Onlaynda qoladigan qismini ham o‘ziga mijoz qilib olish uchun oflaynga qaytilgan taqdirda ham onlaynni saqlab qolish kerak.

Jahongir Po‘latov O‘zbekistondagi qaysi universitetlarga o‘qishga kirishni tavsiya qilishi haqidagi savolga javoban universitetni uning mavqeyi, kirish osonligiga qarab tanlash noto‘g‘riligi, tanlangan universitet kelajakda qanday inson bo‘lishni istasangiz, o‘sha sohaga sizni yaqinlashtirishi, o‘sha sohadagi bilimlarni berishi kerakligini aytib o‘tdi.

– Universitet maqsadlarga erishishda yordam beradigan bir vosita deb qarashlarini tavsiya qilgan bo‘lar edim. Misol uchun, men tadbirkor bo‘lmoqchiman. Buning uchun men universitet qidiraman, ya'ni qaysi universitetda o‘qisam, tadbirkorlik bo‘yicha o‘zimga kerakli bilimlarni olaman degan savolni o‘zimga beraman. Yoki huquqshunos, moliyachi, shifokor bo‘lmoqchiman. Bu yerda masalaning mohiyati - universitet tanlashdan oldin kelajakda kim bo‘lmoqchi ekanimiz haqida oldimizga maqsad qo‘yib olish. Ana undan keyin universitet tanlasak bo‘ladi. Qaysi yo‘nalishlar bo‘lsa, o‘sha yo‘nalishlar tanlanadi.

Vestminster universiteti, Singapur instituti [Singapur menejmentni rivojlantirish instituti] zo‘r, TEAM universitetiga kiringlar deb aytishim mumkin. Lekin u insonning sohasi bo‘yicha to‘g‘ri kelmasa, ular uchun foydasiz. Qaysi universitet zo‘r degan umumiy savolga men javob bera olmayman. Lekin ular tadbirkor bo‘lish uchun qaysi universitetda o‘qish kerak deyishsa, bu savolga javob berishim mumkin.

Tadbirkor bo‘lish uchun universitet tavsiya qiladigan bo‘lsam, eng zo‘r ssenariy: tadbirkor inson bir narsani tushunishi kerakki, u tadbirkor bo‘lishida universitetning roli bor. Lekin universitetning roli 80-90 foiz emas. Universitetda hamma fanlardan yaxshi o‘qimasa, qizil diplom olmasa, tadbirkor bo‘la olmaydi degani emas. Tadbirkorlik – harakat, dinamika. Juda tez harakat qilishingiz, o‘zingizdagi soft skills, ya'ni ko‘nikmalarni rivojlantirishingiz, to‘g‘ri qaror qabul qilishingiz, stresslarga chidamli bo‘lishingiz, vaqtni to‘g‘ri boshqarishingiz kerak. Ya'ni, tadbirkorga universitetda o‘rgatilmaydigan narsalar kerak bo‘ladi. Shu sababli tadbirkor bo‘lmoqchi bo‘lgan insonlar shunday universitet tanlashlari kerakki, bu ularga bazaviy bilim bersin, shu bilan birgalikda o‘zi uchun ko‘proq bo‘sh vaqt qoldirishi kerak.

Tadbirkor bo‘lmoqchi bo‘lgan inson universitet tanlashda e'tibor berishi kerak bo‘lgan mezonlar:

1.  Olinadigan bilimlarning kelajakda ularga kerak bo‘lishi;

2.  Universitetga kirib, qo‘shimcha bo‘sh vaqtga ega bo‘lish.

Xuddi shu o‘rinda universitet tanlayotganlarga mening tavsiyam: birinchi o‘rinda, tanlagan universitetingiz kelajakda qanday inson bo‘lishni istasangiz, o‘sha sohaga sizni yaqinlashtirishi, o‘sha sohadagi bilimlarni kerak. Universitetni uning mavqeyi, kirish osonligiga qarab tanlash noto‘g‘ri deb o‘ylayman. Chunki bu vaqtni bekorga sarflash bo‘ladi.

To‘liq suhbatni MFactor`ning Youtube`dagi sahifasi orqali tomosha qilish mumkin.

Mavzuga oid