Jahon | 08:45 / 22.05.2020
41020
2 daqiqa o‘qiladi

Koronavirusning yangi asorati qayd qilindi

Italiyalik shifokorlar koronavirusning yangi asorati haqida ma'lum qilishdi. Koronavirusdan sog‘ayib ketgan bemorlarning organizmida ilk bor bu asorat aniqlandi.

Foto: EPA

Bu haqda Journal of Clinical Endocrinology & Metabolism nashri yozgan.

Shifokorlarning ta'kidlashicha, koronavirus qalqonsimon bezning yallig‘lanishiga olib kelishi mumkin.

Maqolada shifokorlar koronavirusdan sog‘aygan 18 yoshli qizda nim o‘tkir tireoidit yoki yana qalqonsimon bez yallig‘lanishi deb ataluvchi asoratni aniqlashganini ma'lum qilishgan. Qiz virusni otasidan yuqtirib olgan. Unda kasallikning o‘rta og‘irlikdagi alomatlari – tumov va yo‘tal kuzatilgan. Qiz bir necha kundan keyin sog‘ayib ketgan. 

Biroq qisqa vaqtdan keyin u o‘zini yomon his qilayotganini ma'lum qilgan. Unda boshqa alomatlar – harorat ko‘tarilishi, bo‘yindagi og‘riqlar paydo bo‘lgan. Shifokor ko‘rigi vaqtida qizda yurak tez urishi hamda qalqonsimon bez og‘rishi va kattalashgani qayd qilingan.   

“Shifokorlar koronavirus o‘zini shunday tarzda ham namoyon qilishi mumkinligini bilishlari lozim”, deb aytgan professor Franchesko Latrofa.

Olimlarning ta'kidlashicha, qiz avval qalqonsimon bez bilan muammolarga ega bo‘lmagan. Shu sababli ularning aytishicha, koronavirusning o‘pkadan qalqonsimon beziga kirishi xavfi mavjud.

Mutaxassislarning shu o‘rinda ta'kidlashicha, 2002-2003 yillarda avj olgan SARS koronavirusi vaqtida undan vafot etgan ba'zi bemorlar jasadi yorilganda ularda qalqonsimon bez yallig‘lanishi aniqlangan.

Mavzuga oid