O‘zbekiston | 12:59 / 23.05.2020
5263
2 daqiqa o‘qiladi

Elektron va qog‘oz shakldagi hujjatning bir xil yuridik kuchga egaligini notarius tasdiqlaydi

So‘z notarial tasdiqlanadigan arizalar, ijara shartnomalari va ishonchnomalar haqida bormoqda. Tegishli tartib-taomil Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomada belgilangan.

2020 yil 1 yanvardan boshlab notariuslar vakolatlari kengaytirildi. Endi ular:

mediator vazifasini bajaradi;

fuqarolik-huquqiy munosabatlarda sudgacha bo‘lgan jarayonda dalillarni ta'minlaydi;

mualliflik va turdosh huquq obekti taqdim etilgan vaqtni tasdiqlaydi;

elektron hujjatning qog‘oz shaklidagi hujjat bilan bir xil yuridik kuchga ega ekanligini tasdiqlaydi.
 
Norma’ning yozishicha, mol-mulkni boshqa shaxsga o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lmagan harakatlarni amalga oshirishda notarial tartibda tasdiqlangan elektron shakldagi arizalar, ijara shartnomalari va ishonchnomalarning qog‘oz shaklda taqdim etilgan hujjatga muvofiqligini tasdiqlaydi.
 
Bunda tartib-taomil hujjat uning nomidan tasdiqlangan yoki unda taraf sifatida ishtirok etgan shaxsning murojaatiga asosan amalga oshiriladi. «Notarius» tizimidagi notarius boshqa notarius tomonidan tasdiqlangan hujjatning fayl ko‘rinishini uni noyob raqami (yoki boshqa shu kabi ma'lumotlari) orqali elektron fayl ko‘rinishida o‘tkazib oladi. Notarius tomonidan hujjat qog‘ozga chiqarib olinganidan keyin uning asl nusxasi bilan bir xil yuridik kuchga ega ekanligi to‘g‘risida tasdiqlovchi yozuv yozib qo‘yiladi. Hujjatlarning bir nusxasi murojaat qiluvchiga beriladi, ikkinchi nusxasi notarial idorada qoldiriladi.
 
Quyidagilarning bir xildagi yuridik kuchga ega ekanligi tasdiqlanmaydi:

oddiy yozma shaklda amalga oshirilgan bitimning elektron shakllari;

shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar qog‘oz shakldagi hujjatlar bilan.
 
Hujjat 2.05.2020 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid