Isroil bosh vaziri ustidan sud jarayoni boshlandi
Al-Qudsda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuga qarshi korrupsiya va jamoatchilik ishonchini suiiste'mol qilish ayblovlari bo‘yicha sud jarayoni boshlandi. Isroilning amaldagi bosh vaziri sudlanuvchilar o‘rindig‘idan ilk bor joy oladi.
3 ta ish bo‘yicha o‘tayotgan Netanyaxu shaxsan o‘zi sudga kelgan. U suddagi chiqishi vaqtida unga qo‘yilayotgan barcha ayblovlarni rad etgan. “Barcha ishlar boshidan soxtalashtirilgan. Bugun yuz berayotgan holat meni ag‘darishga urinish hisoblanadi. Bugun butun o‘ng lager sudlanuvchilar o‘rindig‘ida o‘tiribdi”, deb aytgan Netanyaxu sud binosiga kirish oldidan. Netanyaxu bilan birga sudga joriy haftada u tomonidan shakllantirilgan yangi hukumatning bir necha a'zosi ham kelgan.
I24News telekanalining xabar berishicha, sud oldida bosh vazir tarafdorlari va unga qarshi chiqayotganlardan iborat 2 ta guruh to‘plangan. Bosh vazir tarafdorlari “Netanyaxu bir o‘zi emas!” deb hayqirib, unga qarshi ayblovlar ilgari surgan bosh prokuror Avixay Mandelblitning iste'fosini talab qilishgan. Qarshi tomon esa qo‘llarida bosh vazirning “Jinoyatchilik vaziri” degan yozuv bo‘lgan suratini ushlab turishgan.
Birinchi sud yig‘ilishi texnik xarakterga ega bo‘lib, unda sud jarayoni borishi tartibi muhokama qilinadi, advokatlarga ishlarning mazmuni bilan tanishish imkoniyati beriladi.
Netanyaxu o‘zi suddan uning ishlari televideniye orqali jonli tarzda namoyish qilinishini so‘ragan.
“Men barchasi jonli efirda va senzurasiz ko‘rsatilishini so‘rayman: tomoshabinlar barchasini bilishlari lozim”, deb aytgan Isroil bosh vaziri jurnalistlarga.
Unga qo‘yilayotgan ayblovlardan eng jiddiysi “4000 ishi” bo‘yicha ilgari surilmoqda. Bu ish bosh vazir tomonidan Bezeq mediaguruhi manfaatlari qo‘llab-quvvatlanishi evaziga kompaniyaga tegishli Walla! internet-resursida u haqida ijobiy munosabat bildirilishi bilan bog‘liq. “2000” va “1000” deb nomlanuvchi qolgan 2 ta ish bo‘yicha Netanyaxuga firibgarlik va jamoatchilik ishonchini suiiste'mol qilish ayblovlari ilgari surilgan.
Mavzuga oid
14:07
Isroilda favqulodda holat yana bir yilga uzaytirildi
16:05 / 24.12.2024
«Mossad» xodimlari «Hizbulloh» peyjerlari va ratsiyalarini portlatish amaliyoti qanday tayyorlanganini aytib berishdi
12:01 / 24.12.2024
Isroil Eronda Hamas yetakchisi Ismoil Haniyani o‘ldirganini ilk bor tan oldi
00:02 / 22.12.2024