O‘zbekiston | 17:25 / 24.05.2020
30943
12 daqiqa o‘qiladi

YeOIIning ma'qullanmagan strategiyasi, «kuzatuvchi» majburiyatlari va diplomatiya qoidalarini buzgan Zaxarova haqida – Senatorlar bilan suhbat

Qonunchilik palatasi deputatlari O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida «kuzatuvchi davlat» maqomida ishtirok etishini ma'qullagandan keyin, 11 may kuni senatorlar ham Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlikni ma'qullashdi.

Kun.uz’ning hukumatdagi manbalariga ko‘ra, prezident Shavkat Mirziyoyevning Rossiya Federatsiyasiga kutilayotgan tashrifi chog‘ida O‘zbekistonning ushbu ittifoqqa kuzatuvchi sifatida a'zoligi haqida rasman e'lon qilinadi. 

Kun.uz muxbiri YeOIIga a'zolik O‘zbekiston uchun nimalar berishi va qanday oqibatlar keltirishi borasida Senat rasmiylari – Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev hamda Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi Ravshanbek Alimov bilan suhbat tashkil qildi.

Ilyos Safarov: 19 may kuni YeOIIga a'zo davlatlarning prezidentlari videokonferensiya orqali majlis o‘tkazishdi. Unda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev iqtisodiy ittifoqni tanqid qilib, «Ittifoq strategiyasi»ni hozircha imzolamasligini bildirdi.

To‘qayev ittifoq nima maqsadda tashkil qilingan bo‘lsa, ularni bajarmayotgani, bu ittifoq iqtisodiy ittifoq bo‘lmay qolayotgani va ittifoq parlamentida a'zo davlatlarning rahbar vakillari soni ular to‘lagan pulga qarab belgilanishini (hozir Rossiya eng ko‘p mablag‘ sarflagani uchun aksariyat rahbar mansablarni egallab turibdi) tanqid qildi. Ittifoqning ko‘p yillik a'zo davlati Qozog‘iston prezidentining bu so‘zlari siz uchun nimani anglatadi?

Ravshanbek Alimov: – Rahmat savolingiz uchun. Haqiqatan, hammamiz ijtimoiy tarmoqlarda va ommaviy axborot vositalari orqali Yevroosiyo Iqtisodiy ittifoqi kengashi anjumanini ko‘rdik. Siz bergan savolga javob beradigan bo‘lsam, menimcha, Yevroosiyo Iqtisodiy ittifoqidagi muhim bo‘lgan muhokama, xususan, Qozog‘iston rahbarining bunga munosabati, taklif etilayotgan tashkilotning yangi strategiyasiga taalluqli bo‘lgan fikrlar. Umuman olganda, mening tushuncham bo‘yicha, Qozog‘iston rahbariyati tashkilot faoliyatini ijobiy baholagan. Ya'ni oldinda ulkan istiqbollar borligi ta'kidlangan. Mening fikrimcha, Qozog‘iston prezidentining bunday munosabati ko‘proq taklif etilayotgan yangi hujjatga – strategiyaning loyihasiga nisbatan bo‘lgan. Savolingiz juda o‘rinli. Bu muzokara O‘zbekistonning ham e'tiborini tortdi. Ya'ni bu yana bir marta ushbu tashkilot bilan hamkorlikni chuqur o‘rganishda bizga yana bitta turtki bo‘lyapti. Kuzatuvchi bo‘lib hamkorlik qilayotganimiz yo‘limizning to‘g‘riligini ko‘rsatmoqda, mening nazarimda. Chunki bu kuzatuvchilik maqomi tashkilotni yaqindan, chuqurroq o‘rganib, yo‘nalishlarini belgilashga imkon yaratdi.

I.S: 2025 yilgacha mo‘ljallangan YeOII iqtisodiy integratsiyasini rivojlantirishning strategiyasi borasidagi fikringiz qanday?

R.A: – U hujjatni men ko‘rganim yo‘q. Lekin aynan tushunishim bo‘yicha, yanada integratsiyani kuchaytirishga yo‘naltirilgan. Men qandaydir bir baho berolmayman. Chunki bu hujjatning o‘zini ko‘rganim yo‘q. O‘ylashimcha, ular tashkilot ichidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga yo‘naltirilgan qandaydir takliflarni muhokama qilishdi.

Ravshanbek Alimov

I.S: Tashkilotga a'zo davlatlarning bu kabi e'tirozlari, tanqidlarini juda ko‘p eshityapmiz. Umuman, tashkilotda yetakchi davlat Rossiyaning o‘zi inqirozli holatda. Shunday holatda ham bu tashkilot iqtisodi intensiv tarzda yaxshi o‘sib kelayotgan O‘zbekistonga nimasi bilan jozibador ko‘rinmoqda?

R.A: – Bu ham juda o‘rinli savol. Bunaqa muhim, jiddiy qarorlar qabul qilishda juda ehtiyotkorlik, kerak bo‘lsa, yetti o‘lchab-bir kesish, degan tamoyilni o‘zimizning oldimizga maqsad qilib olishimiz kerak. Xabaringiz bor, aynan shu yondashuvni davlatimiz rahbari o‘zining yil boshidagi murojaatida ilgari surgan. Bu integratsiya jarayonlari O‘zbekiston manfaati uchun kerak. Biz izolyatsiyada xalqaro munosabatlarsiz rivojlana olmaymiz va integratsiya – bu hozirgi zamon iqtisodiyotlarining rivojlanish qonuniyatlari.

Shu jumladan, azaliy hamkor, azaliy yaqin bo‘lgan davlatlar tuzgan tashkilot Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi tashkiloti bilan ham hamkorlik qilish masalasi biz uchun dolzarb. Tashkilot qay tarafdan jozibadorligi masalasi mutaxassislar tomonidan o‘rganib chiqilib, har tomonlama – ham ijobiy tomondan, ham salbiy tomonlari ko‘rib chiqilib, parlament palatalariga juda katta tahlillar bilan hisob-kitoblar kiritilgan. U yerda bo‘lgan muhokamalardan xabaringiz bor. Mening nazarimda, integratsiya jarayonlarini O‘zbekiston manfaatini, O‘zbekiston iqtisodiy rivojlanishidagi aniq muammolarni hal qilish nuqtayi nazaridan ko‘rish kerak.

Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga kuzatuvchi bo‘lib kirish orqali O‘zbekistonning tashqi savdosi uchun yangi, keng imkoniyatlar ochiladi. Shu jumladan, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi O‘zbekiston rivojlanishi uchun juda qiziqarli. Ikkinchidan, transport kommunikatsiyalaridan foydalanish imkoniyatlari va shart-sharoitlari O‘zbekiston uchun yengillashadi. Ularning keyinchalik rivojlanishida ham nafaqat Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi davlatlarida transport kommunikatsiyalaridan foydalanish, balki O‘zbekistonning o‘zini ham transport kommunikatsiya infratuzilmasi rivojlanishida ham o‘sha davlat bilan hamkorlik obektiv imkoniyatlarni yaratadi.

I.S: Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi shartnomasida kuzatuvchi davlat ittifoq manfaatlariga zid bo‘lgan biror harakatni amalga oshirmasligi belgilab qo‘yilgan. Ammo bu manfaatlarga nimalar kirishi borasida aniq biror ma'lumot uchramaydi. Demak, tashkilot a'zolari unda kuzatuvchi bo‘lgan O‘zbekistonning istalgan bir harakatini istalgan paytda tashkilot manfaatiga zid deb qaror chiqarishi mumkin.

Erkin Gadoyev: – Menimcha, bunday deyish noto‘g‘ri tushuncha bo‘lib qoladi. Chunki bu yerda shartnoma asosida juda ko‘p hujjatlar qabul qilingan. Bu xizmat ko‘rsatish sohalari, transport sohalari va hokazo. Juda ko‘plab shartnomalar qabul qilingan. Shuning uchun kuzatuvchi bo‘lib kirish nima maqsadda? Birinchi savolingizga ham o‘zimning qisqacha fikrimni bildirib o‘tmoqchiman. Chindan ham e'tirozlar bo‘lyapti. Nega? Chunki shartnomada, o‘sha shartnoma bo‘yicha qabul qilingan hujjatlarda mana shu masalalar yetarlicha o‘z ifodasini topmagan. Shuning uchun biz kuzatuvchi bo‘lib ishtirok etayotganimizda birinchi navbatda, nima kamchiliklar borligini bilib olamiz. Bundan tashqari, bo‘ladigan muhokamalarda ishtirok etish jarayonida o‘zimizga manfaatli tomonlarini ham qarashimiz kerak. Keyin yana bir masala: shu davlatlar bilan bo‘layotgan integratsiya, munosabat. Bu nimaga kerak? Prezidentimiz aytganlaridek, O‘zbekistonning integratsiya jarayonlarida ishtirok etishi faqat Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga emas, umuman, integratsiyada ishtirok etish biz uchun ham manfaatli. Chunki har tomonlama davlatimizga foyda bo‘lishi mumkin. Xuddi shunaqa bizning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga kiradigan davlatlar bilan tovar aylanmamiz bor. Eksport-import operatsiyalarimiz bor. Xomashyo resurslarimiz bor. Mahsulotlarimiz bozori bor u yerda. Shuning uchun mana shunday munosabatlarda hech qanday to‘siqlar bo‘lmaydigan bo‘lsa, o‘sha savdo aloqalarini rivojlantirish o‘zimizga manfaatli bo‘lishi mumkin.

Erkin Gadoyev
Foto: buxgalter.uz

I.S: Erkin aka, yana savolga qaytmoqchiman. Kuzatuvchi davlat ittifoqning manfaatlariga zid bo‘lgan biror-bir xatti-harakatni amalga oshirishi mumkin emasligi belgilab qo‘yilgan. Lekin bu aynan qaysi manfaatlar, qaysi harakatlar degan savolga aniqlik kiritilmagan. Demak, kuzatuvchining harakatlari cheklanadi. Shundaymi?

E.G: – Ishtirok etgandan keyin faqat o‘sha bor hujjatlarni o‘rganish bilan chegaralanadi. Biror hujjat qabul qilishda O‘zbekiston ishtirok etmaydi. Faqat kuzatuvchi davlat sifatida hujjatlarni o‘rganadi. Shu qabul qilingan hujjatlar asosida biror-bir harakat qilinmaydi. Lekin biz oldingidek ikkiyoqlama shartnomalar asosida ishlarimizni davom ettiraveramiz. Bunga kuzatuvchi bo‘lib ishtirok etish davomida aniqlik kiritiladi. Ular aynan nimani nazarda tutganini aytish biroz murakkab.

I.S: Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi davlatlarining videokonferensiya shaklida o‘tgan yig‘ilishida Rossiya prezidenti Vladimir Putin unga a'zo davlatlarning budjet va soliq tizimini birlashtirish taklifini berdi. Bu taklif jiddiy e'tirozlarga sabab bo‘ldi. Budjet va soliq integratsiyasi ortidan o‘z-o‘zidan federatsiya tashkil bo‘lib qoladi, degani emasmi? Chunki mustaqil davlatlar o‘zining budjeti va soliq siyosatiga ega bo‘lishi belgilangan.

E.G: – Albatta, men shartnomalarni ko‘rib, o‘rganib chiqdim. U yerda har bir davlat o‘zi mustaqil, o‘zining mustaqil budjetiga ega. O‘zining mustaqil soliq qonunchiligiga ega, soliq stavkalariga ega. Shuning uchun bu yerda noto‘g‘ri tushuncha bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Bu yerda integratsiya degan paytda faqatgina, ayrim aksiz soliqlari birxillashtirilishi nazarda tutilgan bo‘lishi mumkin. Ya'ni, masalan, bizda alkogol mahsulotlari uchun aksiz solig‘i ichki bozorimizda past. Rossiyada juda yuqori. Agar biz Rossiyadan oladigan bo‘lsak, yo biz o‘zimiznikini tenglashtirib, yuqoriga ko‘tarishimiz kerak, yoki ularnikini o‘zimizga.

Endi bu yerda yaxshilab e'tibor qaratgan bo‘lsangiz, mana shu narsalar ham ularning shartnomalarida ko‘zda tutilmagan bo‘lsa kerak. Buning sababi bitta. Chunki pandemiya ayrim tovarlar o‘tkazilishini to‘xtatib qo‘ydi. Mana shundan e'tirozlar kelib chiqdi. Men o‘ylaymanki, buning ustida ham kuzatuvchi davlat bo‘lsak, boshqacha holatlar bo‘ladigan bo‘lsa ham, qanaqangi bo‘lish kerakligini  o‘rganib borishimizga imkoniyatlar bo‘lyapti.

I.S: Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova O‘zbekistondagi davlat tilida ish yuritilishi masalasida munosabat bildirib, taklif qilingan qonunni qo‘llab-quvvatlayotganlar yaqqol ozchilikni tashkil etishi haqida gapirib, yolg‘on bayonot berdi. Bu bayonotdan keyin Rossiyaning hech bir rasmiysi Zaxarovaning so‘zlari yolg‘on bo‘lganini tan olmadi. Aksincha, ko‘p o‘tmay Vladimir Putin uni orden bilan mukofotladi.

Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqidagi asosiy davlat vakilining o‘zbek tiliga munosabatini qanday baholaysiz?

R.A: – Bu borada O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi o‘z munosabatini bildirdi. Bu munosabat aniq, mening fikrim ham. Bu masala O‘zbekistonning suveren huquqi. Davlatda qaysidir tilni joriy qilish masalasiga chetdan aralashishga hech kimning haqqi yo‘q.

Fikrimcha, Rossiya tashqi ishlar vazirligi mutasaddisi professionallik jihatidan masalaga tayyor emasligini ko‘rsatdi. Chunki u hech qanday asosga ega bo‘lmagan gaplarni gapirdi. U qanday qilib ko‘pchilik yoki ozchilik haqida fikr bildirishi mumkin? Bunday ma'lumotning o‘zi yo‘q. Men Tashqi ishlar vazirligi munosabatiga to‘liq qo‘shilaman. Davlat tilini joriy qilish masalasiga chetdan turib aralashishga hech kimning haqqi yo‘q.

Bu diplomatiya qoidalarining buzilishi hisoblanadi.

Suhbatni to‘liq shaklda yuqoridagi video orqali tomosha qilish mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.

Mavzuga oid