Hayotning kinodan farqi. Zelenskiyning taxtdagi bir yili qanday o‘tdi?
Bir yil oldin Vladimir Zelenskiy prezidentlik qasamyodini qabul qilib, Ukrainani boshqarishga kirishgan edi. O‘shanda u misli ko‘rilmagan darajada xalqning ishonchini qozongan va saylovning ikkinchi bosqichida 73 foiz ovoz to‘plagandi. Xuddi filmlardagidek. Masalan, «Sluga naroda» filmidagi kabi... Bungacha faqat kinoda prezident rolini ijro etgan Zelenskiy hayotda prezidentlikni qanday uddalamoqda?
Siyosat ko‘chasidan o‘tmagan yangi prezidentdan uning «Kechki kvartal» komediya tomoshasida Ukrainaning yuqori mansabdorlarini masxara qiladigan rollarini sevib tomosha qilgani kabi xalqning umidi juda yuqori edi.
Aksariyat ukrainaliklar Zelenskiyni televizor ekranlaridan chiqib kelganday – «Xalq xizmatchisi» serialining qahramoni, sodda va unchalik ham savodli bo‘lmagan, tarix fani o‘qituvchisi, vijdonli Vasiliy Goloberodko deb qabul qildi. Serialda u tasodifan Ukraina prezidenti etib saylanadi hamda mamlakatni muvaffaqiyat bilan boshqarib, farovonlikka yetaklaydi.
O‘shanda saylovoldi targ‘ibotlarida bu o‘xshashlikdan yangi prezidentning jamoasi ustalik bilan foydalangan. Zelenskiy o‘zining prezident bo‘lganiga 100 kun bo‘lgani munosabati bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida o‘z faoliyati haqida tayinli gap gapirmaydi. Balki barcha gapni u bilan «Xalq xizmatchisi» serialida bosh vazir rolini o‘ynagan aktyor o‘zidan intervyu olganda gapirib bergan edi.
Zelenskiy prezidentlik vakolatini qabul qilib olar ekan, u serialdagidan ko‘ra mutlaqo jiddiyroq bo‘lgan muammolarga duch keldi.
Mamlakatda shiddat bilan tarqalayotgan koronavirus epidemiyasi tufayli Zelenskiy Ukrainaga omonat krediti berish uchun shartlar qo‘ygan Xalqaro valuta fondiga serialdagi prezident Goloborodko singari munosib javob bera olmaydi. Shuningdek, serialdagi xayoliy prezidentga Minsk muloqotlarini qayta boshlash haqida bosh og‘ritish yoki o‘z partiyasining mahalliy saylovlardagi natijalaridan xavotirlanish kabi tashvishlar begona edi. Shunga qaramay, bugungi kunda Zelenskiy Ukraina siyosatchilarining mashhurlik reytingida yetakchi bo‘lib qolmoqda. U Ukraina prezidenti sifatida faoliyat yuritib bir yil davomida nimalarga erishdi va mamlakatni qanchalik o‘zgartira oldi, quyida shu haqda batafsil.
Donbassdagi urushni tugata olmadi, faqat asirlarni almashtirdi
Garchi saylovoldi targ‘iboti ketayotgan paytda «O‘q otishni to‘xtatish kerak» deb baland ovozda gapirgan bo‘lsa ham Vladimir Zelenskiy Ukraina sharqidagi harbiy mojaroni to‘xtatishga muvaffaq bo‘la olmadi.
To‘g‘ri, Donbassda bugun ayirmachilarga qarshi keng ko‘lamli harbiy amaliyotlar o‘tkazilmayapti. Ammo vaziyatga umumiy nazar solinsa front chizig‘i yaqinidagi hozirgi vaziyat, Minsk bitimlari imzolangandan keyingi besh yil davomida sodir bo‘lgan vaziyatdan unchalik farq qilmaydi. Qisqasi, Zelenskiy Donbassdagi ayirmachilar bilan o‘zaro umumiy til topisha olmadi va hududda o‘q otish hanuz to‘xtamadi.
O‘tgan bir yil davomida Zelenskiy va uning jamoasi a'zolari bir necha «agar Minsk kelishuvi ishlamasa, o‘zaro tinchlikka erishishning boshqa yo‘llarini qidirish kerak» deb ham aytishdi.
Ammo bu masalada aniq muddat belgilanmagani hamda kelishuvga erishish uchun hech qanday jo‘yali rejaning o‘zi yo‘qligi barchasini boshi berk ko‘chaga kirgizib qo‘yyapti. Qolaversa, Minsk kelishuvi amalga oshishi uchun qanday o‘zgartirishlarga qo‘l urish kerakligi so‘ralganda, Ukraina prezidenti «u oxirigacha ishlaydi», deb ham ayta olmaydi.
OAVga faqat prezident ma'muriyati rahbari hamda tinchlikka erishish uchun mas'ul etib tayinlangan Andrey Yermak tomonidan tinchlik kelishuviga erishish uchun muzokarachilar tarkibini o‘zgartirish jarayoni ketayotgani haqida gapirilayotgan gaplardan boshqa narsa ma'lum emas. Ukraina hukumati tomonidan ilgari surilayotgan asosiy maqsad – hozir nazoratsiz qolayotgan hududlarda shu yilning oktabr oyida mahalliy saylovlarni o‘tkazish. Ammo hozircha bu ishni amalga oshirish ilojsiz ishday ko‘rinmoqda.
Boshqa tomondan, Zelenskiy, Kiyevda noqulay tarzda qabul qilingan «Shtaynmayyer formulasi» (Germaniya tashqi ishlar vaziri Frank-Valter Shtaynmayyer tomonidan ilgari surilgan Ukraina sharqidagi ayirmachilar egallab turgan hududlarga alohida maqom berish haqidagi kelishuv) to‘g‘risidagi kelishuvdan kelib chiqqan holda, uzoq vaqtga cho‘zilgan tanaffusdan so‘ng «Normand formati»ni qayta tiklashga muvaffaq bo‘ldi va Parij sammitida Vladimir Putin bilan shaxsan o‘zi uchrashdi.
Ukraina va Rossiya rahbarlarining muloqoti bir necha marta ayirmachilar bilan mahbuslarni almashishga imkon berdi, ammo Kiyev hamda Moskva o‘rtasidagi munosabatlar keskinligicha qolmoqda.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi havo qatnovi hanuz tiklanmadi, diplomatik aloqalar ham muzlatilgan holida turibdi. Shuningdek, prezident bo‘lganining bir yilligi arafasida Zelenskiy Poroshenkoning Rossiyaning «VKontakte» va «Odnoklassniki» ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalariga qo‘yilgan taqiqni uzaytirdi.
Zelenskiy Tramp bilan bahslashib qoldi va vaziyatdan silliq chiqib ketdi
Vladimir Zelenskiy AQSh prezidenti Donald Trampga nisbatan impichment qo‘llanishiga sababchi bo‘ldi va sal qolsa uning hokimiyatdan chetlashtirilishini ham xotirjam tomosha qilishi mumkin edi.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yil iyul oyida har ikki prezident o‘rtasidagi suhbat davomida Tramp Zelenskiyga pand berishga uringan. O‘shanda Zelenskiy bilan uchrashgan Tramp Ukraina prezidentidan joriy yil noyabr oyida AQShda o‘tkaziladigan saylovda o‘ziga raqib bo‘lishi kutilayotgan Jo Baydenning o‘g‘liga jinoiy ish ochishni so‘ragan. Uning bu ishi siyosat nuqtayi nazaridan va prezidentlik etikasi yuzasidan ham noto‘g‘ri edi. Trampning o‘sha ishi boshqa bir mustaqil davlat rahbariga bosim uyushtirish deb baholandi va unga nisbatan impichment e'lon qilinishiga sabab bo‘ldi.
Zelenskiy o‘shanda ikki o‘t orasida qolgandi: o‘sha kunlarda uning har bir so‘zi Amerika siyosatida raqobatlashayotgan ikki jamoadan birining foydasiga ishlab ketishi va Ukraina Moskva bilan qarama-qarshi turishida kerak bo‘ladigan AQShning qo‘llab-quvvatlashidan mahrum qilishi mumkin edi.
Oq uy Tramp bilan Zelenskiy o‘rtasida bo‘lib o‘tgan mojaroli suhbat ssenariysini e'lon qilgani Ukraina prezidenti uchun kutilmagan holat bo‘ldi: AQSh tomoni bu ishni rasmiy Kiyev bilan maslahatlashmasdan amalga oshirdi.
Shunga qaramay, Zelenskiy suvdan quruq chiqib ketishga muvaffaq bo‘ldi va AQShdagi ikki asosiy partiyalarning o‘zaro bahsi ta'siri ostiga tushib qolmadi. Endi u hatto «o‘sha noxush hodisadan keyin har qanday amerikalik Ukrainani xaritadan osongina topib oladigan bo‘ldi» deb hazillashmoqda.
Oliy Radani qayta tuzdi, «ishchan rejim»ni yoqdi
O‘zining qasamyod qilish marosimida Vladimir Zelenskiy 2014 yilda qayta saylangan Oliy Radani tarqatib yuborishini aytgan edi. Aslida esa Oliy Radani tarqatishga aytarli asos ham yo‘q edi, yana olti oydan so‘ng shundoq ham parlament saylovlari bo‘lib o‘tishi lozim edi. Ammo yangi saylangan prezident o‘zining yuqori reytingini saqlab qolish uchun hammasini yangilashni boshladi va parlamentda ham o‘z tarafdorlarining kuchli tarkibiga ega bo‘lishga shoshildi.
Ukrainada prezident sayloviga kam vaqt qolganda, shoshilinch tarzda yangi tashkil etilgan Zelenskiyning «Sluga naroda» partiyasi («Xalq xizmatkori») o‘tgan yilning iyul oyida o‘tkazilgan parlament saylovida ham juda ajoyib natija bilan g‘alaba qozondi va Ukraina tarixida birinchi marta Oliy Radada mutlaq ko‘pchilik o‘rinni egalladi.
Saylovdan so‘ng Radaga deputat sifatida juda ko‘p yangi odamlar keldi. Ba'zi bir deputatlikka nomzodlar xuddi internetda so‘rovnoma to‘ldirib kelib qolganday taassurot qoldirib Zelenskiyning partiyasiga osongina kelib qoldi va bir urinishda deputatlikka saylandi. Ularda mutlaqo tajriba yo‘qligi uchun parlament a'zolari Karpatdagi Truskavets kurortida o‘zlari uchun tashkil etilgan «yosh deputatlar maktabi»da qonunchilik jarayonining o‘ziga xos xususiyatlarini o‘rganishdi va o‘sha yerda bir-biri bilan tanishishdi.
Ilk oylarda yangi Rada «ishchan rejim»da ishladi. Tizimli qonunlar juda katta hajmda, deyarli muhokama qilinmasdan qisqa muddatda yozildi va qabul qilindi. Ularda aniqlangan kamchiliklar keyinchalik yo‘l-yo‘lakay muhokama qilinyapti va ularni joriy qilish jarayonida to‘g‘rilanmoqda.
Keyin esa Rada bilan yaqindan ishlaydigan prezident ma'muriyatining qudratli rahbari Andrey Bogdanning iste'fosi tufayli yoki prezident fraksiyalarining ko‘p sonli guruhlari tomonidan tabaqalanishi ortishi tufayli «ishchan rejim» ham to‘xtab qoldi.
Yangi parlament mamlakat uchun muhim qonunlar qabul qilishda davom etmoqda: joriy yilning bahorida Rada yer bozorini ochdi va banklar to‘g‘risidagi «antikolomoyskiy qonuni»ni qabul qildi. Ammo ikki holatda, hatto prezidentning ushbu qonunlarni yoqlab ovoz berishi ham natija bermadi: muxolifat fraksiyalarning ovozisiz ularni qabul qilib bo‘lmas ekan.
Hech kimni jazolamadi
Saylov oldidan butun mamlakat bo‘ylab «Bahor kelsa ekin ekamiz» degan saylov taxtalarini osib qo‘ygan Zelenskiy o‘z tarafdorlarining umidlarini juda qiyinchilik bilan oqlashga harakat qilmoqda.
Zelenskiy hokimiyatga kelganidan keyin, o‘tgan bir yil davomida mamlakatdagi barcha huquq-tartibot idoralarini nazoratga oldi.
Aksariyati uning partiyasi a'zolari bo‘lgan parlament kutilmaganda «deputat daxlsizligi»ni sezilarli darajada qisqartirdi.
Biroq, bu yetarli natijalarga olib kelmadi: parlamentning birorta deputati hamda Zelenskiydan oldingi rahbariyat paytida ishlagan birorta yuqori lavozimli amaldor yangi hukumat davrida ayblanmadi va jazoga tortilmadi. Balki, bu bilan Zelenskiy o‘ziga dushman orttirishni xohlamagandir, balki yumshoq ko‘ngillilik qilgandir.
Yuqori darajadagi korrupsiyaga qarshi kurashning qoniqarsiz natijalariga qaramay, prezident iste'foga chiqarilgan yaqin hamkori, sobiq bosh prokuror Ruslan Ryaboshapkaning (u Zelenskiy prezidentligi davrida, 2019 yil avgustidan 2020 yil martigacha lavozimda bo‘lgan) iste'fosi haqida izoh bera oldi. Ma'lum bo‘lishicha, uning iste'fosiga korrupsiya sabab bo‘lmagan.
«Xalq xizmatkori» partiyasi yetakchilaridan biri David Araxamiya bergan izohga ko‘ra, sobiq bosh prokuror Ruslan Ryaboshapka sobiq prezident Petro Poroshenkoga o‘z vaqtida shubha bildirmagani sababli o‘z lavozimidan mahrum bo‘lgan.
Zelenskiyning Poroshenkoga bo‘lgan munosabati avvaldan ma'lum edi. U buni saylovoldi jarayonlarda ham «Men sizning raqibingiz emasman, men sizga chiqarilgan hukmman» degan iborani bir necha bor gapirish orqali bildirgan edi. Shundan so‘ng Poroshenko familiyasi davlat tergov byurosi (GBR) tomonidan tergov qilinayotgan 13ta jinoiy ishda darhol paydo bo‘ladi.
Endilikda davlat tergov byurosining sobiq rahbari Irina Venediktova bosh prokuror lavozimida o‘tiribdi. Poroshenko Ukraina hukumati o‘zini siyosiy ta'qib qilayotganini bildirmoqda. Zelenskiy esa o‘z videomurojaatlarida korrupsionerlarni qattiqroq jazolash tarafdori ekanligini aytib kelmoqda. Shunchaki u huquq-tartibot idoralari ishiga aralashish vakolatiga ega emas.
Iqtisodiyot o‘sishda davom etdi, ammo koronavirus natijalar pasayishiga sabab bo‘ldi
Saylovoldi targ‘ibotida Zelenskiyning eng asosiy tanqidlaridan biri – bu davlat rahbarida iqtisodiy holatlarga chora ko‘rish vakolatlari to‘liq emasligi haqida edi. O‘sha paytda uning raqiblari o‘z foydasini ko‘zlab Zelenskiyning yuqoridagi gaplarini ommaga teskari talqinda yetkaza boshladi. Ular debatlarda «Zelenskiy prezident bo‘lsa mamlakat iqtisodiyoti parchalanib ketadi va milliy valuta grivnaning dollarga nisbatan qadri pasayadi» deya boshlashdi. Zelenskiy prezident bo‘lganidan so‘ng uning raqiblari tomonidan vahima aralash gapirilgan o‘sha bashoratlar amalga oshmadi. Aksincha, Ukraina iqtisodiyoti asta-sekinlik bilan bo‘lsa ham o‘sa boshladi. Mamlakat ham parchalanib ketmadi. Masalan, o‘tgan yil oxirida Ukraina iqtisodiyoti kichik ko‘rsatkich bilan bo‘lsada o‘sish sur'atlarini ko‘rsatdi – taxminan 3 foiz. Grivnaning dollarga nisbatan qadri ham ancha mustahkamlandi.
To‘g‘ri, 2019 yil oxirida e'lon qilingan statistika o‘tgan yilda sanoatning o‘sish sur'ati pasayganini qayd etdi va turli nashrlar iqtisodiyotning ayrim sohalarida ish haqini to‘lash kechiktirilayotgani haqida xabar bera boshladi. Bu esa bosh vazir Aleksey Goncharuk boshchiligidagi mamlakat tarixidagi eng yosh hukumatni iste'foga chiqarish uchun yetarli sabab bo‘ldi.
Ukraina iqtisodiyotiga qo‘shimcha og‘ir zarba koronavirus tomonidan yetkazildi. Mart oyida joriy etilgan karantin mamlakatdagi deyarli barcha kichik biznesni to‘xtatdi. Shuningdek, yuz minglab mehnat muhojirlari joriy qilingan karantin tufayli Yevropaning turli mamlakatlaridan o‘z vataniga qaytib kelishiga sabab bo‘ldi. Bu esa Ukraina uchun juda muhim bo‘lgan, valuta kirimi pasayishiga va oqibatda shundoq ham ko‘rsatkichlari pasayayotgan iqtisodiyotga salbiy ta'sir ko‘rsatdi.
Xorijdan qaytgan fuqarolarni mamlakatda ushlab qolish uchun hukumat karantin bo‘lishiga qaramasdan ularning aksariyatiga 6-8 ming grivna maosh bilan yangi ish o‘rinlari tashkil etish va'dasini bergani ko‘pchilikning tanqidiga sabab bo‘ldi. Tanqidchilarning fikricha, hukumat shu yo‘l bilan yuqori malakaga ega bo‘lgan kadrlarni Ukrainaning o‘zida ushlab qolmoqchi bo‘lgan. Hukumatning bu ishini nafaqat mamlakatning o‘zida, balki g‘arblik hamkorlar ham jiddiy tanqid qilib chiqishdi.
Bugungi kunda Ukraina karantin cheklovlarini bosqichma-bosqich yengillata boshladi, ammo koronavirusning mamlakat iqtisodiyotiga yetkazgan zarari miqdori hozircha ma'lum emas. Inqirozga uchrash xavfi Ukrainani chetlab o‘tdi, ammo rasmiy Kiyev inqiroz xavfini faqat Xalqaro valuta jamg‘armasi bilan yangi dastur orqali hamkorlik qilib bartaraf etishga muvaffaq bo‘ldi. Ukrainaga kredit ajratish uchun mazkur fond mamlakat hukumatiga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar savdosiga ruxsat berish hamda banklar to‘g‘risidagi «antikolomoyskiy qonuni»ni qabul qilish shartlarini qo‘ygan edi.
Eng qizig‘i, o‘tgan yil saylovoldi kampaniyasida bo‘lajak prezidentni qo‘llab-quvvatlagan oligarx Igor Kolomoyskiy bilan Zelenskiyning o‘zaro aloqalari yomonlashgani bo‘ldi. Bir yil oldin Zelenskiyning muxoliflari bo‘lajak prezidentni «Kolomoyskiyning qo‘g‘irchog‘i» deb atashgan va saylovdan so‘ng prezident darhol Poroshenko davrida Kolomoyskiydan davlat foydasiga tortib olingan «Privatbank» oligarxga qaytarib berilishini taxmin qilishgandi. Ammo muxoliflarning taxminlari o‘zini oqlamadi va ikkisidan birini tanlash lozim bo‘lganda Zelenskiy o‘zining sobiq televizion biznes hamkori Kolomoyskiyni emas, balki Xalqaro valuta jamg‘armasi bilan hamkorlikni tanladi.
Shu bilan birga, may oyi oxirida Ukrainaga yetib kelishi kerak bo‘lgan G‘arbning yordam pullari ham koronavirus inqirozi paytida rasmiy Kiyevning barcha muammolarini hal qila olmaydi. Turli hisobotlarga ko‘ra, bu yil mamlakat YaIM hajmining pasayishi 3,5 foizdan 7,7 foizgacha bo‘ladi.
Jamoa aralashtirildi, Saakashvili qaytdi
Kadrlar siyosati yangi davlat rahbarining kamchiliklaridan biri bo‘lishi Zelenskiy prezidentlik qasamyodini qabul qilishidan oldin aniq edi. Bir tomondan, kechagi komediya jamoasida siyosiy tajribaga ega bo‘lgan odamlar juda kam edi. Boshqa tomondan, Zelenskiy hokimiyat tepasiga kelgach Ukraina siyosatida faoliyat ko‘rsatayotgan aksariyat kadrlarni almashtirish to‘g‘risida va'da bergan va u har qanaqasiga o‘sha va'dasidan so‘ng «eski kadrlar» xizmatidan foydalana olmas edi. Shuning uchun hokimiyatdagi eng yuqori lavozimlarning bir qismini Zelenskiyning «Kvartal 95» komik studiyasi tarkibida bo‘lgan hamkasblari egalladi.
Yangi prezident tuzgan jamoaning boshqa a'zolari tarkibi ham ancha rang-barang ko‘rinish oldi. Jamoa safida turli OAV vakillari, siyosiy va iqtisodiy qarashlarni qo‘llab-quvvatlovchi, ishbilarmon guruhlarga yaqin hamda turli darajadagi vakolatlarga ega bo‘lgan shaxslardan tashkil topgan edi.
Natijada, Zelenskiy hokimiyat tepasida bo‘lgan bir yil davomida u o‘z administratsiyasi rahbari, Bosh prokuror, Xavfsizlik Kengashi kotibi, Bosh vazir va aksariyat hukumat a'zolarini almashtirishga ulgurdi.
Joriy yilning boshidan buyon Ukrainada Sog‘liqni saqlash vazirligining uch rahbari almashtirildi va atigi bir oy ishlagan Ilya Yemetsning o‘rniga hozirgi vazir Maksim Stepanov aynan koronavirus epidemiyasi avjiga chiqqan paytda vazir etib tayinlandi.
Zelenskiyning yana bir tushunarsiz qarori – Gruziyaning sobiq prezidenti Mixail Saakashvilining Ukraina hukumatiga qaytarilishi bo‘ldi. Zelenskiy uni islohotlar vazirining o‘rinbosari etib tayinladi. Davlat rahbarining bu ishi hatto o‘z hammaslaklari tomonidan qo‘llab-quvvatlanmadi. Parlamentda yetakchi mavqega ega bo‘lgan «Xalq xizmatchisi» partiyasi vakillari Saakashvilini bosh vazir o‘rinbosari etib tayinlash uchun yetarlicha ovoz berishmadi. Natijada u faqat hali nima vazifalar bajarishi aniq bo‘lmagan maslahat organi – Milliy islohotlar kengashi ijro qo‘mitasi rahbari etib tayinlandi, xolos.
Shu bilan birga, Zelenskiyda prezidentligining ikkinchi yilida deyarli har oy vazirlarni o‘zgartira olish imkoniyati bo‘lmasligi mumkin. Parlamentdagi ko‘pchilik mutlaqo barqaror emas va Denis Shmigalning amaldagi hukumatida bir qancha bo‘sh o‘rinlar saqlanib turibdi: parlamentda yangi vazirlarni tasdiqlash uchun ovoz berilmaydi.
Koronavirus bilan yetarlicha kurashdi, karantin cheklovlarini bekor qilyapti
Koronavirus epidemiyasi Ukrainani g‘aflatda qoldirdi. Vaziyat keskinlashuvining dastlabki haftalarida mamlakatda aholiga niqoblar, shifokorlar uchun himoya kostyumlari va kasalxonalarda turli jihozlar yetishmayotgani ma'lum bo‘ldi. Aloqa masalasi – hukumat jamoasi o‘zini suvdagi baliq kabi his qilganiga qaramay, muvaffaqiyatsiz tugadi.
Poltava oblastidagi Noviye Sanjari shahri aholisi, o‘z-o‘zini izolyatsiya qilish uchun Xitoydan kelgan sog‘lom odamlar o‘tirgan avtobuslarni toshbo‘ron qilganini butun dunyo dunyoga tarqab ketdi. Jamiyatdagi noaniq baholar hukumatning PR-menejyerlari tomonidan favqulodda qadam tashlanishiga sabab bo‘ldi: epidemiya arafasida, sog‘liqni saqlash vaziri Zoryana Skaletskayani Xitoydan evakuatsiya qilingan odamlar bilan birga sanatoriyalarda o‘z-o‘zini izolyatsiya qilishi uchun yotqizishdi.
Ikkinchi tomondan, rasmiylar tezda o‘zlariga kelishdi va Ukrainada kasallik tarqalish darajasi umuman xavfli ko‘rinish olmagan vaziyatda qattiq karantin cheklovlarini joriy qilishdi.
Shuningdek, Vladimir Zelenskiyning o‘zi ham deyarli har kuni o‘z videomurojaatlarida ukrainaliklarga koronavirusga qarshi olib borilayotgan choralar haqida xabar berib turdi. Prezident o‘sha kunlarda bir muddat hech qayerga chiqmasdan prezident ma'muriyati binosida yashadi va soqoli olinmagani bilinib turgan holatda nutq so‘zladi.
Tabiiyki, Ukrainada ham koronavirus epidemiyasiga qarshi kurash jarayoni mojarolarsiz kechmadi. Sog‘liqni saqlash vazirligi yuqumli kasallikka qarshi kurashish uchun zarur uskunalarni sotib olishni ortga surdi. Xavfli kasallik aniqlangan ilk oyda zarur tibbiy uskuna hamda jihozlarni xarid qilish uchun aksariyat xarajatlar ko‘ngillilar va xayriya qiluvchilar hisobidan qilindi.
Shifokorlar uchun maxsus tibbiy kiyimlar xitoylik ishlab chiqaruvchilardan ukrainalik taklif etgan narxga qaraganda ancha yuqori narxda sotib olindi. Buning ustiga ularni Ukrainaga yetkazib berish Xitoydagi qat'iy karantin tufayli barbod bo‘ldi.
Ana shunday holatda Zelenskiy va uning atrofidagi shaxslar davlatga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan qurilish supermarketlari tarmog‘i tomonidan tuhfa sifatida yetkazib kelingan tibbiy niqoblar ortilgan samolyotni katta sharaf bilan kutib olishdi.
Shu bilan birgalikda, koronavirusga qarshi kurashadigan shifokorlarga va'da qilingan ish haqiga 300 foiz ustama to‘lab berish va'dasi hanuz bajarilmadi.
Qolaversa, karantin sharoitida parlamentdagi prezident fraksiyasi rahbarlaridan biriga tegishli bo‘lgan Kiyev markazidagi restoran yashirincha o‘z ishini davom ettirayotgani va o‘sha restoranning nomi bo‘lgan «Velor» so‘zi Ukrainadagi epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarning ikkitomonlama standart asosida olib borilayotganini anglatadigan so‘zga aylanishi ham salbiy holatlardan biri bo‘ldi.
Ammo fakt shuki, Ukrainadagi koronavirusga chalinish holatlari soni SSV tomonidan taxminan hisoblangan eng yuqori ko‘rsatkichlardan oshmadi. Ammo ko‘ngilsiz natija ham bor: soha mutaxassislarining ta'kidlashicha, Ukrainada koronavirus yuqtirgan har besh bemorning bittasi tibbiyot xodimi. Yaxshi xabar esa may oyi o‘rtalaridan boshlab mamlakatda karantin cheklovlari asta-sekin bekor qilinayotgani bo‘ldi.
Hozircha reytingi yaxshi
Hokimiyat tepasiga kelganidan bir yil o‘tib, Vladimir Zelenskiy bugun ham Ukrainada eng mashhur siyosatchi bo‘lib qolmoqda. Agar kelasi yakshanba kuni prezident saylovi o‘tkaziladigan bo‘lsa, u birinchi turning o‘zida o‘tgan yilda bo‘lib o‘tgan saylovdagi natijasidan yaxshiroq natija bilan g‘alaba qozonishi mumkin.
Ammo rasmiylar uchun vaziyatni juda ham qoniqarli deb bo‘lmaydi.
Birinchidan, o‘tgan yilning yozi va kuzida sotsiologlar shu paytgacha misli ko‘rilmagan hodisani qayd etishdi: mamlakatda aksariyat ishlar to‘g‘ri olib borilayotganiga qaramasdan ko‘pgina ukrainaliklar mamlakatda ishlar to‘g‘ri ketayotganiga emas, balki noto‘g‘ri ketayotganiga ishonishyapti. Faqat joriy yil boshida vaziyat Ukrainada yuritilayotgan siyosatiga mos bo‘lgan ko‘rinishga qaytdi.
Ikkinchidan, «Xalq xizmatchisi» partiyasi reytingi asta-sekin pasayib bormoqda va bu oktabr oyida bo‘lib o‘tadigan mahalliy saylovlar arafasida Ukraina hukumatini xavotirga solmasligi mumkin emas.
Ammo, har qanday holatda prezident Zelenskiyga qoyil qolish kerak: o‘tgan bir yil davomida shaxsan u biror-bir korrupsiya mojarosida ayblanmadi. U xorijga chiqishi, masalan, Ummonga qilgan maqsadsiz safari, shuningdek yanvarda jamoatchilikka u haqda hech qanday izoh berilmagan hodisa – prezident ofisining boshlig‘i Andrey Yermakning akasi o‘z suhbatdoshlari bilan u yoki bu lavozimga tayinlash narxlarini muhokama qilgan audioyozuvlari bilan bog‘liq holatlar Zelenskiyning obro‘siga zarracha ta'sir qilgani yo‘q. Qisqa qilib aytganda, garchi siyosatdan mutlaqo yiroq bo‘lgan soha – komik aktyorlikdan chiqib kelgan bo‘lsa ham Zelenskiy hozircha Ukrainani yaxshi boshqaryapti. Qolaversa, u aktyorlikdan katta siyosatga o‘tib prezident bo‘lgan yagona inson emas. O‘z vaqtida kimsan AQShni ham aktyorlikdan katta siyosatga o‘tib prezidentlikkacha yetib borgan insonlar boshqargan. Ulardan eng so‘nggisi AQShni 1981-1989 yilllarda boshqargan Ronald Reygen hisoblanadi. Sobiq ittifoq respublikalarida esa Zelenskiy bu borada hozircha yagona.
Mavzuga oid
15:31
Yaponiya RF aktivlari hisobidan Ukrainaga 3 mlrd dollar beradi
14:45 / 26.12.2024
Zaxarova: Ukraina mustaqil ravishda yadro qurolini yaratishga qodir emas
11:53 / 26.12.2024
Zelenskiy Ukrainaning Germaniyadagi elchisini almashtirishga qaror qildi
08:05 / 26.12.2024