O‘zbekiston | 23:49 / 27.05.2020
27783
6 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekiston» va «Chorsu» mehmonxonalaridagi davlat ulushi sotilgani ma'lum bo‘ldi

«O‘zbekiston» mehmonxonasini Singapur kompaniyasi, «Chorsu» mehmonxonasini BAA shirkati xarid qildi.

Toshkentdagi «Chorsu» va «O‘zbekiston» mehmonxonalaridagi davlat ulushi sotilgan. Prezident matbuot xizmatining 27 maydagi xabarida shu haqda ma'lum qilingan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 may kuni davlat aktivlari sohasidagi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

Davlat rahbari matbuot xizmati bergan ma'lumotga ko‘ra, yil boshidan beri 299ta davlat aktivi 348 milliard so‘mga sotilgan.

«Yangi investorlar ushbu obektlarga jami 3,3 trillion so‘m investitsiya kiritib, 4 700 nafar yangi ish o‘rinlari yaratish majburiyatini olgan», – deyiladi xabarda.

Ma'lum qilinishicha, sobiq «Chorsu» mehmonxonasi, «Samarqandkimyo» korxonasi, «O‘zbekiston» mehmonxonasidagi davlat ulushi va Qo‘ng‘irot soda zavodi ham shular jumlasidandir. Bu obektlarga 425 million dollar investitsiya kiritilib, 800ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

«O‘zbekiston» mehmonxonasi Singapur kompaniyasi qo‘liga o‘tdi

Bu haqda ma'lum bo‘lgach, ko‘p o‘tmay Davlat aktivlarini boshqarish agentligi «O‘zbekiston» mehmonxonasi sotuvi bo‘yicha tafsilotlarni ochiqladi.

Unga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 14 avgustdagi «Mehmonxona sohasiga qo‘shimcha investitsiyalarni jalb etish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 661-son qaroriga muvofiq, «Otel Uzbekistan» MChJ QKning 80,1 foiz davlat ulushi ommaviy savdolarda sotilishi belgilangan.

Shunga muvofiq, agentlik «Otel Uzbekistan» MChJ QKning 80,1 foiz davlat ulushi dastlab 33 mln dollarga tanlov savdolari orqali sotuvga chiqarilgan edi.

Mazkur davlat ulushini sotish shartlari etib xarid to‘lovini to‘lashdan tashqari:

a) 2 yil muddatda 100 mlrd. so‘m investitsiya kiritish;
b) davlat ulushini sotib olgandan so‘ng 10 yil davomida asosiy faoliyat turini (mehmonxona xizmatini ko‘rsatish) saqlash;
v) tashqi fasadini o‘zgartirmasdan mehmonxonani ta'mirlash;
g) mehmonxonani boshqarishga eng yaxshi menejyerlarni jalb qilish belgilangandi.

Yuqorida ko‘rsatilgan narxda (33 mln. dollar) talabgorlardan murojaat tushmagani sababli, davlat ulushining boshlang‘ich narxi prezidentning 2014 yil 3 iyuldagi «Davlat mulki obektlarini kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlariga sotish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» PQ–2200-son qaroriga asosan, 10 foizdan bosqichma-bosqich 30 foizgacha pasaytirilgan holda 23,1 mln. dollar narxida tanlov savdolariga chiqarildi.

«Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan salohiyatli investorlarni jalb etish maqsadida mehmonxona biznesi va turizm sohasida faoliyat yuritayotgan Buyuk Britaniya, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Singapur davlatlarining bu sohadagi taniqli kampaniyalari bilan muzokaralar olib borildi.

Muzokaralar yakuni bo‘yicha yakuniy taklif bergan 6ta kompaniyalarning takliflari o‘rganib chiqildi.

O‘rganish natijalari bo‘yicha, «Otel Uzbekistan» MChJ QKning 80,13 foiz davlat ulushini sotib olish bo‘yicha «Bashan investment group pte ltd» (Singapur) kompaniyasining – 24 oy mobaynida 23,2 mln dollar to‘lash, 1,5 yil ichida 100 mlrd so‘m investitsiya kiritish va 4 yulduzli mehmonxona tashkil etish taklifi Davlat tender komissiyasi tomonidan ma'qullandi», – deyiladi xabarda.

Ushbu qarorga asosan, agentlik va Singapur kompaniyasi o‘rtasida shartnoma imzolangan.

«Chorsu» mehmonxonasini BAA kompaniyasi xarid qildi

Majmua shu yil yanvarida qaytadan sotuvga qo‘yilgan, investitsion majburiyatlar bilan birga boshlang‘ich narxi 1 so‘m etib belgilangan edi.

E-ijro Auksion ma'lumotiga tayanib Spot bergan xabarga ko‘ra, mehmonxona fevral oyida 16,9 mlrd so‘mga sotilgan.

10 soatdan ortiqroq davom etgan auksion g‘olibi – 16,9 mlrd so‘m taklif qilgan, bosh shtab-kvartirasi Birlashgan Arab Amirliklarida joylashgan «Ittihad International Investment LLC» kompaniyasi bo‘lgan.

Auksion chog‘ida «Fajr Mustaqbal General Trading LLC» bundan biroz kamroq summa – 16,8 mlrd so‘m taklif qilgan.

Auksion shartiga ko‘ra, sarmoyadorga 2 yil mobaynida hukumat kafolatlarisiz kamida 25 mln dollarga teng ekvivalentda investitsiyalar kiritishi, 3 yulduzli mehmonxona xizmatini tashkil etishi hamda 150ta yangi ish o‘rni yaratish talablari qo‘yilgandi.

Shuningdek, aktivning yangi xo‘jayini majmuaning asosiy faoliyat yo‘nalishi (mehmonxona xizmatlari)ni 10 yil davomida o‘zgartirmaslik majburiyatini olgan. Majmuaning bir qismida (umumiy maydonining 50 foizdan oshmagan hududda) biznes-markaz xizmatlarini ko‘rsatishga ruxsat beriladi.

Agar bino buziladigan bo‘lsa, yangisining dizayni avvalgisi bilan bir xil bo‘lishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, «Chorsu» mehmonxona majmuasi 2018 yil martida «Inter Tourism» MChJ shaklidagi xorijiy korxonaga 2017 – 2019 yillar mobaynida hukumat kafolatisiz 33 mln dollar miqdorida investitsiya kiritish orqali 270 o‘ringa mo‘ljallangan 4 yulduzli mehmonxona majmuasini qurish va 350 ta yangi ish o‘rnini yaratish sharti bilan sotilgan edi.

Bu yerda Eski shahar nomli turistik markaz qurilishi rejalashtirilgandi.

Ammo xorijiy korxona oldi-sotdi shartnomasida belgilangan majburiyatlarni o‘z vaqtida bajarmagani sababli, Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2019 yil iyuldagi hal qiluv qaroriga ko‘ra, tomonlar o‘rtasidagi shartnoma bekor qilindi. So‘ng majmua qaytadan auksionga chiqarildi.

Mavzuga oid