O‘zbekiston | 14:39 / 29.05.2020
14337
4 daqiqa o‘qiladi

Import benzinga aksiz solig‘i oshirilishi bo‘yicha Tarif va notarif tartibga solish kengashi  munosabat bildirdi

«O‘zbekneftgaz»  AJning faqat neft mahsulotlari importiga aksiz solig‘ini 20 foizga oshirish bo‘yicha taklifi tarif va notarif tartibga solish kengashining kotibiyatiga taqdim etilmagan, deb xabar beriladi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi rasmiy saytida.

Foto: Sozcu

Vazirlik xabarida ta'kidlanishicha, stavkaning taklif etilayotgan o‘zgarishi xalqaro majburiyatlar va amaliyotga mos kelmasligi sababli ko‘rib chiqilishi va qo‘llanilishi mumkin emas. 

Shunga qaramay, kotibiyat aksiz solig‘i siyosati tez orada o‘zgarishini inkor etmayapti.

«MDH doirasida tuzilgan erkin savdo zonasi to‘g‘risidagi ko‘p tomonlama bitimiga qo‘shilishda O‘zbekiston Respublikasi tomonidan qabul qilingan majburiyatlarni qayd etish lozim.

Bitimni uning tomonlari va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida qo‘llash to‘g‘risidagi bayoniga muvofiq, 2020 yilning 31 dekabrida O‘zbekiston tomonidan mamlakatimizda ishlab chiqarilgan tovarlar va import qilingan tovarlarga aksiz solig‘i stavkalarini unifikatsiya qilish uchun qabul qilingan o‘tish davri tugaydi, ya'ni belgilangan muddatgacha mamlakatimizda ishlab chiqarilgan va import qilingan tovarlarga o‘rnatilgan aksiz solig‘i stavkalari umumiy maxrajga keltirilishi kerak.

Aksiz solig‘ining tovarlar bo‘yicha unifikatsiyasini ta'minlash JST va YeOII kabi xalqaro hamda mintaqaviy tashkilotlarning hujjatlari va amaliyotlarida ham nazarda tutilgan», – deyiladi xabarda. 

Ta'kidlanishicha, hozirgi kunda O‘zbekistonda import qilinganda 52 ta tovar pozitsiyasiga, mahalliy ishlab chiqarishda esa - 15 ta pozitsiyaga aksiz solig‘i solinmoqda, xususan:

42 ta tovar pozitsiyalari bo‘yicha faqat import qilishda aksiz solig‘i solinadi;

10 ta tovar pozitsiyalari bo‘yicha import qilish va mamlakatimizda ishlab chiqarish (shu jumladan, neft mahsulotlari) holatlarida bir xil qiymatga ega bo‘lmagan aksiz solig‘i stavkalari o‘rnatilgan;

5 ta tovar pozitsiyalari bo‘yicha faqat mamlakatimizda ishlab chiqarilgan tovarlarga aksiz solig‘i solinadi.

Shu munosabat bilan joriy yilning 12 may kuni Ivestitsiyalar va tashqi savdo vazirligida bo‘lib o‘tgan tarif va notarif tartibga solish Kengashining navbatdagi majlisida tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari e'tiboriga respublika tomonidan aksiz solig‘ini solishni unifikatsiya qilish va tegishli chora-tadbirlar tayyorlash bo‘yicha o‘z zimmasiga olingan majburiyatlarni bajarish zarurligi to‘g‘risida ma'lumot havola etilgani bildirildi.

Kun.uz`ning hukumatdagi manbasiga ko‘ra, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Tarif va notarif tartibga solish bo‘yicha kengash import qilinadigan tayyor neft mahsulotlariga (AI-80, AI-91 va AI-92) qo‘yilgan aksiz solig‘ini oshirishni taklif qilgan.

Ushbu soliqning amaldagi stavkasi – 5 foiz. Bundan oldin «O‘zbekneftgaz» AJ ham bu stavkani oshirib, 20 foiz etib belgilashni taklif qilgani ma'lum bo‘lgandi.

Mavzuga oid