Jamiyat | 11:14 / 29.05.2020
17897
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida maktab direktorlariga tazyiq o‘tkazgan hokim o‘rinbosari jarimaga tortildi

Toshkent viloyati Bo‘ka tumani hokimi o‘rinbosari xalq ta'limi muassasalari xodimlarini ularning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb qilgani aniqlandi.

Foto: Xalq ta'limi vazirligi

Xalq ta'limi vazirligi matbuot xizmati tomonidan ma'lum qilinishicha, 19 aprel kuni Bo‘ka tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Anvar Xonto‘rayev tumandagi 12-umumta'lim maktabida 53 nafar ta'lim muassasasi rahbarlari va mahalla faollariga yig‘ilish o‘tkazgan. Yig‘ilishda mutasaddi 12-maktab direktori o‘z vaqtida tomorqa bo‘yicha aholini xatlov qilmagani uchun uning kasbiy faoliyatiga asossiz aralashib, unga tazyiq o‘tkazgan.

«12-maktab direktori M.Xakimovaning o‘z vaqtida tomorqa bo‘yicha aholini xatlov qilmaganligi uchun uning kasbiy faoliyatiga asossiz aralashib, unga tazyiq o‘tkazib, barchani oldida izza qilib, sha'ni va qadr-qimmatini kamsitib, huquqlarini poymol etib undan tuman hokimi nomiga tushuntirish xati va joriy yilning 20 aprel kunidan ishdan bo‘shash to‘g‘risida arizasini olgan», deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, 6–7 may kunlari Xonto‘rayev tumanda faoliyat yuritayotgan 15, 16, 18, 24, 50-umumta'lim maktablari direktorlariga tazyiq o‘tkazib, tuman markazidagi «Yoshlar maydoni»ga direktorlar va xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlarini, ya'ni 25 kishini maydonda o‘sgan o‘tlarni o‘rish kabi majburiy mehnatga jalb qilgan.

Xalq ta'limi vazirining Nazorat-huquqiy xizmati aralashuvi bilan Anvar Xonto‘rayevning O‘zbekiston prezidenti qarorlariga zid harakatlari yuzasidan to‘plangan hujjatlarga qonuniy baho berish uchun vazirlik tomonidan joriy yilning 15 may kuni Toshkent viloyati Bandlik bosh boshqarmasiga yuborilgan.

Toshkent viloyati Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat inspeksiyasi mazkur holatlarni qonuniy o‘rganib chiqib, hokim o‘rinbosarini xalq ta'limi muassasalari faoliyatiga asossiz aralashgani, pedagog kadrlarning sha'ni va qadr-qimmatini kamsitib, ularni kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb qilgani uchun 22,3 million so‘m jarimaga tortgan.

Mavzuga oid