Jamiyat | 00:33 / 30.05.2020
16741
3 daqiqa o‘qiladi

Bugundan boshlanayotgan kelajak – Sergelidagi maktablar ta'lim tizimining yangi ramzi

Ta'limga jiddiy e'tibor bermagan, sohani uzluksiz rivojlantirib bormagan biror davlat taraqqiyotga erishmasligi tarixda ham, bugungi kunda ham isbotlangan. O‘zbekistonda ham uzoq yillar murakkab davrni boshdan kechirgan xalq ta'limi tizimiga bugun yangicha nigoh tashlanmoqda va talablar qo‘yilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining Sergeli tumaniga tashrifi doirasida tumandagi 329-maktab o‘qituvchi va o‘quvchilarga yaratilgan sharoitlar bilan ham tanishdi.

Sergeli tumani poytaxtning nisbatan yosh va jadal rivojlanayotgan, hududi hamda qurilishlar ko‘lami muntazam kengayib borayotgan tumani hisoblanadi. Bu ta'lim dargohining foydalanishga topshirilishi bejiz emas – 2017-2019 yillar davomida poytaxtimizning

Sergeli tumanida yangi 392 ta ko‘p qavatli uylar qurilishi natijasida aholi soni 60 mingga oshdi. Tumanga ko‘chib kelgan aholining ta'limga bo‘lgan ehtiyojini ta'minlash maqsadida har biri 1680 o‘quvchiga mo‘ljallangan 4 ta yangi maktab qurilishi amalga oshirildi.

Xalq ta'limi vazirligidan ma'lum qilishlaricha, bu maktablar – so‘nggi yillarda qurilgan eng katta quvvatga ega maktablar hisoblanadi va ularni qurish jarayonida 2019 yilda tashkil etilgan Prezident maktablari tajribasidan foydalanilgan.

Ta'til boshlangunga qadar 329-maktabda shu yaqin atrofda yashovchi 1234 nafar o‘quvchi tahsil oldi, ularga 65 nafar pedagog turli fanlardan bilim berib keldi.

To‘rt qavatli maktabda 48ta o‘quv xonasi mavjud bo‘lib, ularning 20 tasi fan xonasi, 14 tasi boshlang‘ich sinf xonasi va 14 ta xorijiy tillarni o‘qitishga mo‘ljallangan.

Bundan tashqari, maktabda 15 ta ma'muriyat xonasi, 1 ta chaqiriqqa qadar boshlang‘ich tayyorgarlik xonasi, 4 ta axborot texnologiyalari xonasi, 4 ta to‘garak xonasi, 3 ta kimyo, biologiya, fizika laboratoriya xonalari, 2 ta o‘g‘il va qiz bolalar texnologiya xonasi, 1 ta musiqa xonasi, 1 ta kutubxona faoliyat yuritadi.

O‘quvchilarga qulaylik yaratish maqsadida 1 ta 40 o‘ringa mo‘ljallangan elektron kutubxona, 1 tadan tibbiyot hamda tish shifokori xonasi, 1 ta 140 o‘rinli faollar zali, 1 ta 200 o‘rinli oshxona, 2 ta sport zali, futbol, basketbol, voleybol maydonlari ham faoliyat yuritmoqda.

Mazkur maktablarda ta'lim sifatini ta'minlash maqsadida Toshkentdagi eng tajribali va bilimli maktab direktorlari orasida tanlov o‘tkazilib, nomzodlar Kuzatuv kengashlari tomonidan tanlab olindi.

Ta'lim beruvchi ustozlarni tanlab olish jarayoni ham xolis va bir necha bosqichda o‘tkazildi. Joriy yilning 26-27 fevral kunlari AbdullaAvloniy nomidagi xalq ta'limi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida tashkil etilgan 550 nafardan ziyod talabgor — umumta'lim fani o‘qituvchilari mutaxassislik fanlari, AKT va fanni o‘qitish metodikasi bo‘yicha onlayn test sinovlarida ishtirok etdi. Sinovlar natijasiga ko‘ra eng ko‘p ball to‘plagan o‘qituvchilar ishga qabul qilindi.

Davlat rahbari tashrif chog‘ida bunday maktablar tajribasini kengroq qo‘llash, viloyatlar, chekka tumanlarda ham joriy etish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Mavzuga oid