Sport | 15:10 / 30.05.2020
11017
11 daqiqa o‘qiladi

O‘FA internet translatsiya huquqini qanday sotmoqchi? Tashkilot marketologi bilan suhbat

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi milliy jamoa ishtirokidagi va ichki chempionat o‘yinlarini internet orqali namoyish etish borasida tender o‘tkazishini e'lon qilgani ko‘pchilikning e'tiborini tortdi. Axir futbolimiz uchun bu yangi holat. Bu jarayon qanday kechishi haqida ma'lumot olish uchun O‘FA marketologi Baxtiyor Mametov bilan suhbat uyushtirdik

– Baxtiyor, bilishimcha, O‘zbekiston futbol assosatsiyasida shoshilinch majlis o‘tkazilgan. Shu majlisdan keyin tender haqida xabar chiqdimi yoki avvaldan bo‘lgan rejamidi?

– Bu ish OFK bilan birgalikda 2017 yildan boshlangan edi. Turli loyihalar, xususan tijoriy huquqlar, media huquqlar to‘g‘risida ham band bor edi. Buning ustida ish olib borgandik. Siz aytib o‘tgan majlisda O‘FA rahbariyati tomonidan tender e'lon qilish yuzasidan topshiriq berildi.

– Bu qanday tender? Qanday huquqlar sotilyapti va shartlari qanaqa?

Bobur Akmalov va Baxtiyor Mametov

– Mamlakatda tatbiq qilish mumkin bo‘lgan onlayn huquqlar to‘g‘risidagi gap ketyapti. Superliga va milliy jamoa ishtirokidagi o‘yinlar internet maydonida ko‘plab tomoshabin yig‘yapti. Milliy jamoalarimiz o‘yinlarini millionlab tomoshabinlar internet orqali ko‘rishadi. Afsuski, O‘FA shu huquqlarga ega bo‘lib turib shu vaqtgacha hech qanday daromad ko‘rmagan. Shu bo‘yicha model tuzilganligi sabab mediada faoliyat yuritadigan kompaniyalar bilan ish olib borishimiz mumkin. Hozir PFL tasnifidagi musobaqalar haqida gap ketyapti. Lekin kelajakda O‘FAga, milliy jamoaga tegishli bo‘lgan huquqlarni sotishda ham tender e'lon qilamiz.

Tenderda Pro-liga musobaqalarini suratga olib, ko‘rsatishni tashkil qila oladigan kompaniyalar ham ishtirok etishi mumkin. Bilasiz, Pro-liga musobaqasi hech qayerda yoritilmaydi, lekin borib tomosha qilsangiz, Pro-ligadagi ba'zi o‘yinlar hatto Superligadan qiziqarliroq o‘tadi. Bu musobaqaning o‘z muxlislari bo‘lgani sabab uning translatsiyasini ham yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Bu orqali Pro-liga saviyasini ko‘tarish maqsadi ko‘zlangan.

– Tender e'lon qilinganiga bir necha kun bo‘ldi. Shu kunlar davomida qiziquvchilar bo‘ldimi?  

– Ha, hozirgacha 3ta ariza kelib tushdi. Bu raqam yana ko‘payadi, chunki qiziquvchi media kompaniyalar bor. Ular telefon orqali tender tartibi yuzasidan savollar berishdi. Ariza berish 5 iyungacha davom etadi.

– Qiziqish bildirganlar nomini ochiq aytolasizmi?

– Aytolmayman, chunki bu tijoriy sir hisoblanadi. Tender yakunida ishtirokchilar nomini e'lon qilishimiz mumkin.

– Shu paytgacha internetda to‘g‘ridan-to‘g‘ri translatsiya deyarli yo‘q edi. Hozirgacha bo‘lgan loyihalar hisobga o‘tmaydi, deb hisoblayman, chunki ular davomli bo‘lmadi. Hozir bu amalga oshadigan bo‘lsa, ilk katta loyiha bo‘ladi. Buning texnik shartlariga javob beradigan shunday katta kompaniyalar bormi bizda?

– O‘ylashimcha, O‘zbekistonda ham bunday kompaniyalarni topsa bo‘ladi. Ko‘p narsa tuzilgan modelga bog‘liq. Marketing sohasida aytaylik, Angliya modeli O‘zbekistonga to‘g‘ri kelmaydi. Har bitta mamlakatning o‘ziga xosligi, yo‘nalishi bo‘ladi. O‘zbekistonda futbol onlayn tranlyatsiyasida katta zafarlar kutyapti.

– Bu tender televizion translatsiyaga tegishli emas. Televizion translatsiya «Sport» kanaliga tegishli. Tushunishimcha, aslida huquq tegishlimas, lekin ular namoyish qilishadi yoki huquq berilganmi?

– Ikki tomonlama memorandum tuzilgan. Bir tarfdan olganda, yagona «Sport» kanalining mavjudligi salbiy holat bo‘lsa, ikkinchi tarafdan kanal xodimlari o‘z faoliyatini maksimal darajada bajarishga urinayotganliklarini o‘tgan yilgi mavsumda ko‘rdik. Televizion translatsiya bo‘yicha tender onlayn shakldan ko‘ra ancha qimmatroq turadi. Shu sababli bu modelni puxta o‘ylab chiqqanimizdan so‘ng bir qarorga kelamiz.

– Tender bo‘yicha hamkorlik qanday bo‘ladi va necha tomonlama bo‘ladi? Teletranslatsiyalarni «Sport» kanali amalga oshirayotgan bo‘lsa, onlayn platformada bu translatsiyalarni sotib olgan kompaniya o‘zi kelib o‘yinni tasvirga olishi yoki «Sport» telekanalidan tayyor tasvirni olishi va o‘zi namoyish etishi kerak bo‘ladi. Bu kelishuvlarga «Sport» uchinchi tomon bo‘lib qo‘shilsa, telekanal tasvirlarni uzatish jarayonida qandaydir talablarni qo‘yishi mumkinmi?

– Bu masalada «Sport» kanali bilan maxsus kelishuv bor. Signalni berish bo‘yicha muammo bo‘lmaydi. Shu sababdan Superliga musobaqalari bo‘yicha jarayon maksimal darajada oson kechadi. O‘tgan yili ham ko‘rgandik: ba'zi internet saytlar YouTube kanallarida o‘yinlarni namoyish etishgan va hech qanday muammosiz translatsiya qilishgan. Lekin o‘rtada PFL bo‘lmagan. Shu sababdan biz bunga aralashmaganmiz, chunki modelni tuzib chiqayotgandik. Proliga musobaqasida boshqacha vaziyat. Bu yerda aynan signalni kompaniyalar o‘zlari tayyorlashi kerak bo‘ladi va bu texnika sifatiga bog‘liq bo‘ladi. Internetning ustun tarafi to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirdir.

– Bu yerda sizlarga bog‘liq bo‘lmagan muammolar kelib chiqadi. Infratuzilma, transport, logistika. Nafaqat proliga, hatto Superligada ishtirok etayotgan jamoalarda ham sharoitlar uncha zo‘r emas. Internet birdan uzilib qolishi, tezligi pastligi mobodo proligaga ma'lum kompaniya Zomin yoki Yaypanga boradigan bo‘lsa, bunga kommunikatsiya, yaxshi tasvir uchun yoritish tizimi javob beradimi? Agar internet tezligi javob bermasa, uni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritish imkoniyati bo‘ladimi? Bunga qanchalik tayyorsizlar?

– Bizda turli variantlar bor. Agar buni qila oladigan kompaniya topilmasa, O‘FA o‘zi ham prodakshin masalasi bo‘yicha ish boshlashi mumkin. Internetning yangi turlari chiqyapti. Buning texnik yechimi bor. 2018 yilda (maykujo) loyihasi boshlanganda oddiy telefonda translatsiya qilingan va minglab tomoshabinlar yig‘gan. O‘sha paytda Google Analytics dan ko‘rganimizda, 86ta davlatdan tomoshabinlar kirib, O‘zbekiston chempionatini ko‘rgan.

– Tender xorij kompaniyalariga ochiqmi?

– Ochiq.

– Mahalliy va xorijiy kompaniyalarga talab bir xil bo‘ladimi? Shu bugungacha tenderga qiziquvchi xorijiy kompaniyalar ham bo‘ldimi?

– Hozircha yo‘q. Lekin xorijdan tender bo‘yicha qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Unda tender talablari so‘raldi.

– Tenderning asosiy ustun shartlari nimalar?

Barcha musobaqalar bitta paketda sotiladi. Shu shartlarni bajara oladigan kompaniya kirishi mumkin. Hozirda yuridik tomondan hujjatlar tekshirib chiqilmoqda. OFK va FIFA futbol assosatsiyalari uzoq yillik shartnomalardan voz kechishi kerakligini aytadi, chunki bu yerda federatsiya manfaatlari, to‘liq potensiali yo‘qolishi mumkin. Shu sababdan rahbariyat bilan kelishgan holda, shartnomalar necha yilga tuzilishi bo‘yicha aniq aytiladi. 2019 yil milliy jamoalarga tegishli bo‘lgan barcha huquqlarni O‘FA o‘ziga qaytarib oldi. Bu ham futbolimizdagi katta yutuq. Ungacha Singapurning World Sport Group kompaniyasi bilan shartnoma tuzilgan edi va bu futbolga katta foyda keltirgan. Lekin yillar o‘tganidan keyin maksimal darajada potensialimizni ishlatish imkoniyati yo‘q va bundan ko‘proq foyda ko‘rishimiz mumkin.

– Birinchi shartnomani bekor qilganimizdan keyin ikkinchi bosqich o‘yinlari bo‘yicha muzokaralar olib borildi va barcha milliy jamoalar o‘yinlarini bepul translatsiya qilish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Qo‘shimcha daromad ham ko‘rdik. Saudiya Arabistoni bilan o‘yin signalini kompaniyaga sotishga muvaffaq bo‘ldik.

– Teletranslatsiyalarni O‘FA yil oxirigacha tajriba tariqasida o‘tkazib, hamma kamchiliklar aniqlanib, bartaraf etilgandan keyin tender e'lon qilinsa bo‘lmasmidi?

– Yo‘q, chunki hozirgi kunda O‘FA yakka o‘zi bu ishni olib borolmaydi, chunki bu yerda ko‘p sonli xodimlar guruhi faoliyat olib borishi kerak bo‘ladi.

– Yoki boshqa variant: tender e'lon qilmay, hech kimga sotmay tarjriba versiyasi-chi?

– Bu masala mablag‘ bilan bog‘liq. Tajriba versiyasi uchun ham ancha kuch va mablag‘ talab etiladi. Shu sababdan bu bizga foydali bo‘lmasligi mumkin edi. Agar ishtirokchilar O‘FA talablarini to‘liq bajara olishmasa, o‘zida huquqlarini saqlab qolishi mumkin. Ya'ni hammasi yuridik tomondan tuzilgan shartnomalar asosida bo‘ladi, chunki maqsadimiz futbolning shu sohasini rivojlantirishdir. Nima uchun boshqa futbol federatsiyalari qilolgan translatsiyalarni biz qilolmaymiz? Bizning vaqtimiz keldi.

Teletranslatsiyalarda 2-3 baravar ko‘proq mablag‘ talab etilsa, bu borada ham klublar tomonidan model ishlab chiqilishi mumkin. Bu bo‘yicha takliflar berganman. Masalan, «Nasaf» futbol klubida 4ta kamera va televizion stansiya bor. Optik tolali internet orqali MTRKga to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirni uzatishadi. Agar barcha klublar shunday infratuzilmani yaratishsa, o‘ylaymanki, boshqa kanallarga bu signallarni uzatish imkoniyati paydo bo‘ladi. Hozir bu imkoniyat faqat «Nasaf»da bor.

– Agar klublarga bunday talab qo‘yilsa yoki iltimos qilinsa, klublar pul ishlashi mumkin. Hamkorlik va hammualliflik huquqlari sotilishi mumkinmi? Bir turda 7-8 ta o‘yin o‘tkazilsa, bir kompaniya markaziy, boshqasi hududiy o‘yinga qiziqishi mumkin.

– Xorijdagi kompaniyalar tajribasini o‘rganib chiqqanimizda, bu oxir-oqibatda manfaatlar to‘qnashuvini keltirib chiqaradi. Markaziy o‘yinni talashib qolish holatlari bo‘lgan. 2 ta kompaniya birlashib ishlashi mumkin.

Bobur Akmalov suhbatlashdi

Tahririyatdan: Shu oyda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining «Sport» telekanalini tark etgan rejissyor Jamoliddin Bobojonov va sharhlovchi Bobur Akmalov Kun.uz va Tribuna.uz saytlari jamoasiga qo‘shilishdi. Bundan buyon ijodkorlarning intervyu va maqolalarini shu saytlarda kuzatib borishingiz mumkin.

Mavzuga oid