Jamiyat | 15:53 / 30.05.2020
19853
6 daqiqa o‘qiladi

Urganchdagi kollej o‘qituvchilarini ishsiz qolish masalasi xavotirga solmoqda

Urganch axborot va kompyuter texnologiyalari kasb-hunar kollejining 53 nafar o‘qituvchi va xodimlarining mehnat shartnomasi 1 iyuldan bekor qilinmoqda. Ular o‘zlari va oilalari taqdiridan xavotirda qolishgan.

Urganch axborot va kompyuter texnologiyalari kasb-hunar kolleji 41 yillik tarixga ega. Bu dargoh 1979 yilda texnikum sifatida ish boshlagan. 2005 yilda kollejga aylantirilgan va 640 o‘ringa mo‘ljallangan yangi, zamonaviy binoga ko‘chib o‘tgan.

Kollejda «Kompyuter injiniringi texnigi», «Dasturiy injiniringi texnigi» va «Telekommunikatsiya» yo‘nalishlari bo‘yicha 266 nafar o‘quvchi ta'lim olyapti. 53 nafar ishchi, jumladan 21 nafar pedagog, 32 nafar boshqaruv va texnik xodimlar ishlayapti.

2019 yil 6 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Professional ta'lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 5812–son farmoni qabul qilindi. Unga ko‘ra, Urganch axborot va kompyuter texnologiyalari kasb-hunar kolleji Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzurida texnikum sifatida qayta tashkil qilinadigan bo‘ldi.

Shu sababli va Mehnat kodeksiga binoan kollejning 53 nafar ishchi-xodimiga 1 iyuldan boshlab mehnat shartnomasi bekor qilinishi to‘g‘risida ogohlantirish xati berildi.

Ayni vaqtda kollej kollektivining keyingi taqdiri qanday bo‘lishi so‘roq ostida turibdi. Agar ta'lim dargohi texnikum sifatida qayta tashkil qilinsa, texnik-xodimlar yana ishga qabul qilinadimi? O‘qituvchilar-chi? Odamlarni shu masala xavotirga solgan.

Gap shundaki, axborot va kompyuter texnologiyalari sohasiga ixtisoslashgan kollejning Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzurida texnikumga aylantirilishi ta'lim yo‘nalishlari va o‘qitiladigan fanlar turi bo‘yicha jiddiy o‘zgarishlarga olib keladi. Ya'ni «Kompyuter injiniringi texnigi», «Dasturiy injiniringi texnigi», «Telekommunikatsiya» va boshqa yo‘nalishlar yopiladi. Natijada, bu yo‘nalishdagi fanlardan dars beruvchi mutaxassis pedagoglarning mehnatiga ehtiyoj qolmaydi, ular ishidan ajraladi.

Kollej kollektivi axborot va kompyuter texnologiyalariga ixtisoslashgan ta'lim dargohining Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga berilishida bir qancha muhim omillar e'tiborga olinmagan deb hisoblamoqda.

Jumladan, kollej aynan axborot va kompyuter texnologiyalari sohasida ta'lim berish, kasbga o‘rgatish uchun barcha sharoitlarga, moddiy-texnika bazasiga, tor sohaga mansub bo‘lgan professional fanlardan ta'lim beradigan malakali mutaxassislarga ega.

Kollej Germaniya davlat imtiyozli krediti hisobiga jihozlangan «Elektronika va elektrotexnika asoslari laboratoriyasi», «Axborot texnologiyalari asoslari laboratoriyasi», «WINDOWS va MS-OFFICE kompyuter laboratoriyasi», «Dasturlash va kompyuter tarmoqlariga xizmat ko‘rsatish laboratoriyasi», «Shaxsiy kompyuterlarga texnik xizmat ko‘rsatish ustaxonasi», o‘quv amaliyotlarini o‘tkazish uchun mo‘ljallangan 7ta kompyuter laboratoriya xonalariga ega. Axborot resurs markazi fondida jami 56 mingga yaqin kitob bor. Shulardan 15 mingga yaqini maxsus adabiyotlar, 8 mingdan ortig‘i o‘quv uslubiy fanlar, 600ga yaqini elektron qo‘llanmalar.

Kollej ta'lim sohasida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Xorazm viloyati hududiy boshqarmasi, «O‘zbektelekom» AKning Xorazm filiali, «O‘zbekiston pochtasi» OAJning Xorazm filiali, Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Urganch filiali bilan hamkorlik va sheriklik shartnomalarini tuzgan.

Kollejni tugatgan mutaxassislar Xorazm telekommunikatsiya tarmoqlari korxonalarida, Davlat xizmatlari markazlarida, Urganch xalqaro aeroportida, temir yo‘l tarmoqlarida, huquq-tartibot idoralarida mehnat qilishmoqda.

Shularni inobatga olgan holda, kollej Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti tasarrufiga emas, balki ta'lim yo‘nalishi bir xil bo‘lgan Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (TATU) Urganch filiali tasarrufiga o‘tkazilsa, maqsadga muvofiq emasmi? Ta'lim dargohi kollektivi ham shuni istamoqda.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining yuqorida tilga olingan farmonida Vazirlar Mahkamasida zarur hollarda texnikum sifatida qayta tashkil qilinishini ko‘zda tutilgan kollejlarning tasdiqlangan ro‘yxatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish huquqi borligi ko‘rsatilgan. Kollej kollektivi mana shu bandga asosan qaror qayta ko‘rib chiqilishini iltimos qilmoqda.

Qayd etish joizki, kollej o‘qituvchilari va xodimlarining ish o‘rnidan ajralishi murakkab bo‘lib turgan ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yanada og‘irlashtiradi. Pandemiya sharoitida ularning ko‘pchiligi, ayniqsa, tor sohaga mansub bo‘lgan professional fanlardan ta'lim beradigan malakali mutaxassislar ish topa olmasligi mumkin. Xodimlarning ba'zilari qaramog‘ida voyaga yetmagan farzandlar bor, ba'zilari uzoq muddatli uy-joy ipoteka kreditlari, iste'mol kreditlarini olishgan va to‘lab kelishmoqda. Ishsiz qolgan taqdirda bunday oilalarning ahvoli tang bo‘lib qoladi.

Kollej kollektivi axborotlashtirish asrida, ayniqsa, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishning ahamiyati yuqori bo‘lib turgan hozirgi davrda o‘quv dargohining profilini saqlab qolishni, telekommunikatsiya va axborot texnologiyalari yo‘nalishi mutaxassislarini tayyorlaydigan texnikumga aylantirilishini maqsadga muvofiq deb hisoblamoqda. Kollejning moddiy texnik bazasi, adabiyotlar fondi va soha mutaxassislari mavjudligi bunga to‘liq imkon beradi. Bundan tashqari, ko‘p yillar davomida mehnat qilib kelayotgan kollektivni saqlab qolish, ularni ijtimoiy himoyalashni ta'minlaydi.

Nurmuhammad Said

Mavzuga oid