O‘zbekiston | 22:38 / 31.05.2020
9398
4 daqiqa o‘qiladi

2019–2020-yillarda DXX tergov izolyatorlari va boshqa muassasalarida monitoring o‘tkazilmagan – Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili

Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Ulug‘bek Muhammadiyevning aytishicha, 2019 yilda hamda 2020 yilning o‘tgan davri mobaynida Davlat xavfsizlik xizmati tasarrufidagi yopiq turdagi tergov izolyatorlari va boshqa muassasalarida inson huquqlarining buzilishi bo‘yicha hech qanday monitoring o‘tkazilmagan. U bu haqda 29 may kuni Bosh prokuraturada bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma'lum qildi.

Faoliyatimizga tegishli qonunlarga kiritilgan o‘zgartirishlar va nizomimizga muvofiq inson huquqlariga amal qilinishini monitoring qiluvchi ekspert guruhlarimiz mamlakatda joylashgan har qanday yopiq muassasalarga kirish huquqiga ega. Bu yerda nafaqat qamoqxonalar, tergov izolyatorlari, hattoki ruhiy kasalliklar shifoxonalari, yopiq shifoxonalarga ham kira olamiz. O‘tgan yili aynan shunday shifoxonalar faoliyati bo‘yicha monitoring qilganmiz. Hozir yana rejalashtiryapmiz.

Ya'ni bunga vakolatimiz bor. Bu BMTning 1984 yilda qabul qilingan “Qiynoqqa solish, muomalada bo‘lish va jazolashning boshqa shafqatsiz yoki g‘ayriinsoniy boshqa turlariga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi konvensiyasi, fakultativ protokol va milliy qonunchiligimizda ham aks etgan.

O‘tgan yili yoki 2020 yilning ortda qolgan davrida Dalat xavfsizlik xizmati yopiq idoralari va muassasalarda monitoring o‘tkazganimiz yo‘q. Lekin o‘sha joydan bizga murojaatlar bo‘lsa, u yerga ham bemalol monitoringga kirishimiz mumkin. Bu cheklanmagan”, deya Ulug‘bek Muhammadiyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Avvalroq Bosh prokuror o‘rinbosari qiynoqqa doir murojaatlarni ko‘rib chiqish hamda qiynoq holatlariga doir ishlar bo‘yicha tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirishning bugungi holati talabga to‘liq javob bermasligi, so‘nggi uch yilda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan qiynash, qo‘rqitish va boshqa tazyiqlar qilinganligi yuzasidan 757ta ariza kelib tushgan bo‘lsa, ularning 33tasi, ya'ni 4,4 foizi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma'lum qilgan edi. Ortiqovaga ko‘ra, qiynoq bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etishda aybdorligi isbotlanib, qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortilgan shaxslarning aksariyati IIV va DXX xodimlaridir.

“Afsuski, tergov izolyatorlarida, vaqtinchalik hibsxonalar, jazoni ijro etish muassasalarida qiynoqqa solish holatlari ko‘payib bormoqda. 2017 yilda 7ta, 2018 yilda 10ta, 2019 yilda 16ta qiynoqqa solish bilan bog‘liq jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Huquqni himoya qiluvchi har bir idoraning tergovi ustidagi nazorati prokuror zimmasiga yuklatilgan. Tergov xibsxonalarida mahkumning huquqlari buzilsa, deylik, unga o‘z vaqtida advokatdan foydalanish huquqi taqdim etilmasa, ko‘rsatma olish vaqtida kuzatuv moslamalarini o‘chirib qo‘yish holatlari kuzatilsa yoxud ushlab turilgan shaxslar va mahkumlarning huquqlari boshqacha ko‘rinishda tahqirlansa, prokuratura organlari tomonidan albatta jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Bunday toifadagi jinoyat ishlari tergovini prokuratura amalga oshiradi va ishni albatta sudga oshiradi. Agar faktlar o‘z isbotini topsa, kim bo‘lishi, qaysi lavozimga egaligidan qat'i nazar, u albatta javobgarlikka tortiladi. Jamiyat, xalq oldida keyinchalik ham mana shu toifadagi lavozimlarga ega bo‘lmaydi. O‘shanday shaxslar tizimga qaytmaydi”, deydi Svetlana Ortiqova.

Mavzuga oid