Jahon | 08:28 / 02.06.2020
20512
2 daqiqa o‘qiladi

Afroamerikalik milliarder AQShning qora tanli aholisi uchun 14 trillion dollar kompensatsiya talab qildi

Afroamerikalik milliarder, Black Entertainment Television kompaniyasi asoschisi Robert Jonson AQShning qora tanli fuqarolari boshidan o‘tkazgan qullik uchun kompensatsiya talab qildi. 

Milliarderning ta'kidlashicha, AQSh hukumati qora tanli aholiga qullik davrida yetkazilgan ziyon uchun kompensatsiya sifatida 14 trln dollar to‘lashi lozim. Bu haqda CNBC telekanali xabar berdi. 

Milliarder afroamerikalik Jorj Floyd o‘limidan keyin AQShni qamrab olgan noroziliklar ortida shunday talab bilan chiqdi. 

Jonsonning fikricha, kompensatsiya to‘lanishi Vashingtonga zarar yetkazmaydi, chunki oq tanli amerikaliklarning qora tanlilarga yetkazilgan zararni tan olishlarini anglatadi. Uning ta'kidlashicha, tovon puli “qora biznes”ni rivojlantirishga sarflanadi va iqtisodiyot rivojlanishiga turtki beradi. 

“Qullik davridan beri 200 yil o‘tdi va u uchun hech qanday kompensatsiya to‘lanmadi”, deb ta'kidlab o‘tgan Jonson. Uning aytishicha, bugungi kunda afroamerikaliklar mablag‘lari yo‘qligi sababli “daromad va boylik to‘plashga asosiy turtki beruvchi kuch hisoblanadigan” ta'lim olish imkoniyatidan mahrumlar.

Bu orada boshqa afroamerikalik tadbirkor, Merck&Co farmatsevtik kompaniyasi bosh direktori Kennet Freyzerning ta'kidlashicha, hukumat Jonsonning talabini bajarishi dargumon. U afroamerikaliklarga biznesmenlarning o‘zlari yordam berishlari mumkinligini aytgan. 

Robert Jonson 2001 yilda Viacom kompaniyasiga Black Entertainment Television’ni sotgandan keyin tarixga AQShning birinchi qora tanli milliarderi sifatida kirgan. U o‘z kompaniyasini sotgandan keyin The RLJ Cos investitsiya kompaniyasiga asos solgan. Biroq hozirda Jonson Forbes’ning milliarderlar ro‘yxatiga kirmaydi.

Mavzuga oid