O‘zbekiston | 08:22 / 04.06.2020
43108
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda «bola puli»ga ehtiyoji bor oilalarning 75 foizi nafaqa olmaydi – YUNISEF

O‘zbekistonda «bola puli» olishi lozim bo‘lgan oilalarning 75 foizi nafaqa olmaydi. Bu – bolalar ijtimoiy himoyasini moliyalashtirish darajasining yetarli emasligi bilan bog‘liq, deyiladi YUNISEFning «O‘zbekistonda bolalar va yoshlar manfaatlariga mos ijtimoiy himoya tizimini qurish» mavzusidagi hisobotida.

Hisobotga ko‘ra, O‘zbekistondagi bolalarning aksariyati kam daromadli oilalarda yashaydi. Kambag‘allikning eng yuqori darajasi bolalar orasida, bolalarni tarbiya qiluvchi kattalar hamda 80 yosh va undan yuqori bo‘lganlar orasida kuzatiladi.

«Bolalar uchun ajratiladagan nafaqa pulini bosqichma-bosqich ko‘paytirib borish davlat xarajatlarini keskin oshirmagan holda bola puli oladiganlar sonini oshirish imkonini beradi.

Kelajakda malakali ishchi kuchiga ega bo‘lish uchun O‘zbekiston bugun bolalar va yoshlarga investitsiya kiritishi kerak. Bolalar uchun nafaqa puli oilada bola tarbiyasi va rivojlanishi uchun zarur muhitni hosil qilishda muhim ahamiyatga ega. Bola nafaqasi inson kapitalini rivojlantirish uchun zarur», – deyiladi YUNISEF hisobotida.

Prognozlarga ko‘ra, 2030-2040 yillarda O‘zbekistonda mehnatga yaroqli aholi soni tarixdagi eng yuqori ko‘rsatkichga chiqadi.

«Inson kapitalining sifat nuqtayi nazardan yuqori bo‘lishi esa bu davrda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishda sakrashni amalga oshirish imkonini beradi», – ta'kidlangan hisobotda.

Ko‘rsatilishicha, kam ta'minlangan oilalar farzandlarining maktabgacha ta'limdan foydalanish ehtimoli tengdoshlariga qaraganda 1,4 baravarga kam.

Nogironligi bo‘lgan bolalarning ta'lim olish imkoniyati esa tengqurlarinikidan sezilarli farq qiladi: 7-15 yoshdagi nogironligi bo‘lgan bolalarning 13 foizi maktabga bormaydi, nogironligi bo‘lgan yoshlarning uchdan bir qismi ta'limning biron shaklida ishtirok etmaydi.

YUNISEF hisobotida O‘zbekistonda bolalar va yoshlar uchun ijtimoiy himoya tizimining samarasiz ekani sabablari ko‘rsatilgan.

Unga ko‘ra, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa yoki bolali oilalar uchun nafaqa qisqa vaqt davomida beriladi. Mahallalar nafaqa mablag‘larini ko‘p sonli oilalarga taqsimlashga majbur bo‘lishadi. Ammo ko‘plab oilalar nafaqa olishga haqdor bo‘lsa-da, mablag‘ yetishmasligi tufayli yoki nafaqa ololmaydi, yoki uzoq vaqt navbat kutib qoladi.

Yana bir sabab – kam ta'minlanganlar uchun manzilli ijtimoiy yordam ko‘rsatishning yaxshi yo‘lga qo‘yilmaganidir.

Bola parvarishi uchun nafaqa va bolali oilalarga nafaqa olishda oilada kishi jon boshiga daromad BHMning 1,5 baravaridan oshmasligi kerakligi belgilangan. Mamlakatdagi bolali uy xo‘jaliklarining yarmi bu mezonga to‘g‘ri keladi, ammo nafaqani juda ozchilik oladi – mazkur talabga muvofiq keluvchilarning 63 foizi bola parvarishi uchun nafaqa, 88 foizi bolali oilalar uchun nafaqani olmaydi.

Norasmiy bandlik ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgan sharoitda daromad darajasini aniqlash murakkab. Shuningdek, oila daromadi qisqa muddat ichida o‘zgarib turishi ham eng ehtiyojmandlarni aniqlab olishda qiyinchilik tug‘diradi.

Shuningdek, bola nafaqasini oluvchilar mehnat bozoriga chiqsa, imtiyozdan ayrilishi mumkin. Natijada oilaning o‘z daromad manbasini kengaytirishga bo‘lgan ishtiyoqi pasayishi ehtimoli bor.

Ma'lumot uchun, O‘zbekistonda bolalar uchun ijtimoiy nafaqa berish Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 15 fevraldagi 44-son qarori bilan tasdiqlangan «Kam ta'minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida»gi nizom bilan tartibga solinadi.

Nizomga ko‘ra, bolali oilalarga nafaqa va moddiy yordam 6 oy muddatga, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa esa – 12 oyga tayinlanadi, biroq bola ikki yoshga to‘lgan oydan keyingi oyga o‘tmasligi kerakligi belgilangan.

Bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam har bir oila a'zosiga o‘rtacha oylik jami daromad miqdori jami daromad aniqlanayotgan davr uchun belgilangan BHMning 1,5 baravardan ortiq bo‘lmagan oilalarga tayinlanadi.

2020 yil 1 fevraldan bolalar uchun ijtimoiy yordamning turli shakllari qiymati quyidagicha:

• 14 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga nafaqa:

• bitta bolali oilalarga – 131,000 so‘m;

• ikkita bolali oilalarga – 217,000 so‘m;

• uchta va undan ortiq bolali oilalarga – 304,000 so‘m;

• 2 yoshgacha bola parvarishi bo‘yicha nafaqa – 434,000 so‘m;

• kam ta'minlangan oilalarga beriladigan moddiy yordam – 326,000 so‘mdan 653,000 so‘mgacha.

Mavzuga oid