Auksionda sotilgan Ishtixondagi MTP masalasi: viloyat hokimi murosa uchun g‘olibga boshqa yer taklif etmoqda
Tahririyatimizga murojaat qilgan, onlayn auksionga chiqarilgan Ishtixondagi mashina-traktor parkini 1,5 mlrd so‘mdan ziyodga sotib olib, hanuz unga egalik qilolmay kelayotgan samarqandlik tadbirkorlar haqida hikoya qilgan edik.
Ushbu maqola yuzasidan Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi ham tahririyatga munosabat taqdim etgan edi.
Masalaga MIB munosabati
«Samarqand shahar iqtisodiy sudining 29.10.2018 yildagi ijro hujjatiga asosan qarzdor «KEYS-A» MChJdan undiruvchi «Turonbank» ATB foydasiga jami 3 mlrd. 254 mln. 961 ming so‘m va oldindan to‘langan 20 ming so‘m pochta xarajati undirish belgilangan.
Jumladan, sud qaroriga asosan undiruv qarzdorning «KEYS-A» MChJning pul mablag‘lari bilan birga:
- garovga qo‘yilgan «Ishtixon MTP»ning bino inshootlari;
- garovga qo‘yilgan «Bulung‘ur MTP»ning bino inshootlari;
- kredit mablag‘i evaziga sotib olingan 6 dona «Dominator-130» rusumli g‘alla o‘rish kombaynlari — «Samarqand viloyat Agroservis MTP» MChJning 3 mlrd. 745 mln. so‘mlik kafillik shartnomasi bo‘yicha pul mablag‘lariga qaratish ko‘rsatib o‘tilgan.
Keyinchalik, ATB «Turonbank» tomonidan 12.06.2019 yilda qarzdor kredit qarzdorligi to‘lanmagani sababi, ijro harakatlarini davom ettirish haqidagi murojaati bo‘yicha ixtiyoriy muddatda to‘lovlar amalga oshirilmagani sababli, garovga qo‘yilgan «Samarqand viloyat Agroservis MTP» MChJga tegishli bo‘lgan «Ishtixon MTP»ning bino va inshootlari xatlangan hamda boshlang‘ich bahosi 1 mlrd 202 mln. 600 ming so‘m narxda 16.07.2019 yilda elektron-onlayn savdoga chiqarilgan.
Auksion natijasiga ko‘ra bino-inshoot 20.08.2019 yilda g‘olib S.Qodirovga jami 1 mlrd. 539 mln. 328 ming so‘mga sotilgan», deyilgandi MIB munosabatida.
Mulkni garovga tikkan rahbar — hozir respublikada
Oddiy til bilan tushuntirib aytilganda, 2017 yil iyun oyida «KEYS-A» MChJ «Turonbank» ATB Samarqand filialidan 5 yil muddatga, yillik 7 foiz ustama, 1 yillik imtiyozli davr bilan qariyb 3 milliard so‘m kredit oladi.
Yuqorida aytilganidek, kreditning garov ta'minoti sifatida Bulung‘ur va Ishtixondagi MTPlarning bino va inshootlari garov qiymati bo‘yicha kelishilib, garovga tikilgan. Dalolatnomaga MTPlarning egasi sifatida «Samarqand viloyati Agroservis MTP» MChJ rahbari R.M.Hayitov imzo qo‘yadi.
Alohida e'tibor berishingizni istar edik, hujjatlarga imzo chekkan Samarqand viloyat «Agroservis MTP» MChJning o‘sha paytdagi raisi — Rustam Mamarasulovich Hayitov ayni paytda «O‘zagroservis» AJga rahbarlik qilmoqda.
«KEYS-A» MChJ kredit shartnomasi shartlarini buzadi, kreditni o‘z vaqtida so‘ndirmaydi. Bank undiruvni garovdagi mulkka qaratadi. MTPlar sud qarori bilan elektron onlayn auksion orqali sotuvga chiqariladi. Ishtixondagisini tadbirkor S.Qodirov sotib oladi.
Aslida, bir qaraganda, hammasi oddiy. Mulk auksionda sotildi, g‘oliblik bayonnomasi bor. U hujjatlashtirilib, yangi egasiga berilishi kerak.
Lekin qariyb bir yildan buyon auksion g‘olibi sarson bo‘lmoqda. S.Qodirov MTP hududiga kiritilmayapti.
«Tuya» qilingan yer
Auksion g‘olibi S.Qodirovni tashvishlantirayotgan yana bir jihat shuki, auksionga chiqarilgan noturar joylarga tegishli yer maydoni 8,3 ga deb ko‘rsatilgan. Bu auksionoldi ma'lumotlarida ham, g‘oliblik bayonnomasida ham aks etib turibdi.
Bizga tushuntirishlaricha, «Samarqand viloyati Agroservis MTP» MChJ rahbari R.M.Hayitovning xati bilan 2017 yil 20 mayda Ishtixon tuman «Agroservis MTP» MChJga qarashli yerlarning 0,3 ga va 1,0 ga qismi tuman hokimligiga zaxirasiga qaytarilgan. Xo‘p, tuman hokimligining so‘zlariga ishonaylik, obekt garov qiymatini aniqlash va kadastr tomonidan yer maydoniga taqiq joriy etilishidan biroz avval zaxiraga qaytarilgan ham deylik.
Unda nega obekt garovga olinganidan so‘ng ham 2018 yil 15 fevraldagi 406-Q qarorga ko‘ra 0,82 ga yer yana tuman hokimligi zaxirasiga qaytarilgan? (R.Hayitovning yerni zaxiraga qaytarish to‘g‘risidagi xatdagi imzosi qalbakilashtirilgani qurollanmagan ko‘z bilan ko‘rinib turibdi — muallif). Nega mutasaddi tashkilotlar, prokuratura organlari masalaning mana shu yeriga e'tibor qaratishmayapti?
Boz ustiga, MTP maydoni qisqargan sayin kadastr hujjatlariga o‘zgartirish kiritilmagan. Ayni paytda MTPga tegishli yerlar 6 gektardan ziyodroq, xolos. Ammo auksionga MTPning yer maydoni eski hujjatlardagi kabi 8,3 ga tariqasida qo‘yilgan.
Avvalroq Samarqand viloyati «Agroservis MTP» bu haqdagi maqolaga munosabat bildira turib, binolarni onlayn-auksion savdosiga chiqarish tartibiga rioya qilinmaganini ta'kidlab, munosabat bildirgan edi.
Tashkilot sud tomonidan undiruvni MTP bino-inshootlarga qaratish yuzasidan chiqarilgan hal qiluv qaroridan norozi bo‘lgani sababli «Samarqand viloyati Agroservis MTP» MChJ tomonidan 2019 yil 30 avgust kuni Samarqand viloyat iqtisodiy sudiga kassatsiya shikoyati kiritilgan va shikoyat ko‘rib chiqish uchun qabul qilinganini ma'lum qilgan.
Ish Oliy sudgacha borib taqalgan. Oliy sud ham 2020 yil 20 mart kuni «Turonbank»ni haq deb topgan.
Qolaversa, 2020 yil 4 mart kuni «Samarqand viloyati Agroservis MTP» MChJning g‘olib S.Qodirov va auksionni o‘tkazgan «Elektron onlayn auksionlarni tashkil etish markazi» DUKga nisbatan auksion natijasini haqiqiy emas, deb topish bo‘yicha da'vo arizasi fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudida ko‘rib chiqilgan va qanoatlantirishdan rad etilgan.
Ishtixon hokimining tushuntirishi
Murojaatchilar (obektni 5 kishi o‘rtaga pul tashlab, auksiondan S.Qodirov nomidan qatnashib yutib olishgan, ulardan biri — ishonchnoma asosida murojaat qilayotgan Sh.Gaziyev) Ishtixon tuman hokimi Sh.Negmatov va Samarqand viloyat hokimi E.Turdimov shaxsan bu ishga to‘sqinlik qilishayotganini ta'kidlashmoqda.
Ishtixon tuman hokimi Sh.Negmatov jurnalist-bloger Abduqodir Mo‘minovga masala yuzasidan tushuntirish bera turib, (2020 yil 20 may sanasida) shunday fikrlarni ilgari surgan:
— Masala bo‘yicha sud jarayoni davom etmoqda. Hali oxiriga yetgani yo‘q. (Holbuki hech qanday sud davom etayotgani yo‘q edi — muallif). Hokim qarshilik qilyapti, deysizlar. Bu masalada biror marta menga biror kishi murojaat qilgani yo‘q. Bu masalada mening biror aralashgan joyim yo‘q. Hokimlik sudda biror taraf ham emas. Viloyat MTPlar uyushmasi va «Turonbank» ikkovi ikki tashkilot. Ikkalasi sudlashayapti. Oxirgi to‘xtamga kelinganidan so‘ng bunga hech kimning aralashishga haqi yo‘q.
Lekin yana bir jihat: bu MTP — Ishtixon xalqining mulki. San'at Qodirov «mening mulkimni beringlar», deb menga yoki biror joyga murojaat qilgani yo‘q. Uning ishonchli vakili [Sh.Gaziyev] ham menga murojaat qilgan emas. Hokimlarni yomonotliqqa chiqarishdan avval, salgina qonuniy yondashish kerak-ku, axir?! Agar ular qonuniy tarafdan haq bo‘lishsa, biz hech qanday to‘sqinlik qila olmaymiz, unday niyatimiz ham yo‘q, — degan Sh.Negmatov.
— Lekin masala Oliy sudga borib taqalganda, auksion g‘olibi haq deb topilgan, qonuniy ijrosi ta'minlanishi kerak deyilgan, Adliya vazirligi ham obekt qonuniy xarid qilingan haqida taqdimnoma kiritgan. Yana bir qiziq jihati, obekt «Turonbank»dan olinayotgan kredit evaziga garovga qo‘yilganidan so‘ng (2017 yil iyun oyida) garovda turgan yer sotib yuborilgan?
— Avvalo, obekt kadastrdan ro‘yxatdan o‘tmagan. Taqiq qo‘yilmagan. O‘sha yer maydonining, birinchidan, 1,3 gektari hattoki shartnoma tuzilmasdan ham oldin tuman hokimi zaxirasiga qaytarilgan. Zaxiradagi yer tadbirkorlarga qonun-qoidalar asosida berilgan. Ular bu masalada prokuraturaga ham arz qilishdi. Prokuratura buni o‘rganib jinoyat tarkibi yoki qonun buzilish holati yo‘qligini aniqlab, ma'lum qildi. (Tuman hokimi obekt garovga olinganidan so‘ng zaxiraga qaytarilgan 0,82 ga yer masalasini ochiq qoldirgan — Sh.Sh.).
Keyin, garov qiymatini aniqlash dalolatnomasida faqatgina 0,84 ga yer maydoni garov tariqasida tikilgan. (Darhaqiqat, dalolatnomada faqat 8421,4 kv.m. qurilish osti maydoni qayd etilgan, 8,3 gektar tilga olinmagan — Sh.Sh.). Endilikda 8 gektar yoki faloncha degan gaplar bo‘lyapti. Agar u yer maydoni sotiladigan bo‘lsa, u narxlanishi kerak, auksionda savdo davomida u oshib borishi kerak.
Birinchidan, yer emas, mulk garovga olingan. Hozir ular yerni ushlab olishganki, xuddi u yerda biror o‘g‘irlik yoki jinoyat sodir etilgandek. O‘sha paytlar biz (hokimlik) ham o‘z vakolatimiz doirasida yer berish huquqiga ega edik. Lekin butun yer maydoni biror joyda taqiqqa olinmagan, — degan bloger bilan suhbatda Sh.Negmatov.
Ishtixon tuman hokimiga ko‘ra, «Auksionda binolar va binolar ostidagi 0,84 gektarga yaqin yer maydoni sotuvga qo‘yilgan, jami 8,3 gektar yer maydoni emas. Agar 8,3 gektar yer maydoni auksionda sotuvga chiqarilsa uning boshlang‘ich narxining o‘zi juda katta mablag‘ bo‘lib ketadi».
Lekin Sh.Gaziyev o‘sha hokim aytayotgan 0,84 ga maydonda joylashgan bino va inshootlar ham bo‘shatib berilmayotganini aytib o‘tdi.
Viloyat hokimligining o‘ziga xos murosa yo‘li
Yuqorida aytilganidek, murojaatchilar viloyat hokimligini ham oddiy masalaning chigal ko‘rinish olishiga hissa qo‘shayotganlikda ayblashmoqda.
Masalan, Oliy sudning 2020 yil 20 martdagi qarori yuzasidan Oliy sud rayosatiga Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova tomonidan 8 may kuni nazorat tartibida protest kiritilgan.
Adliya vazirligi kadrlar boshqarmasi boshlig‘ining 2020 yil 30 apreldagi xatiga ko‘ra, S.Ortiqovaning protesti viloyat hokimligining «Samarqand viloyat agroservis MTP» MChJning murojaatini qo‘llab, Bosh prokuraturaga yozgan 01-16/769-sonli xatiga asosan kiritilgani ma'lum qilinmoqda.
Samarqand viloyati hokimligi axborot xizmatidan viloyat hokimining ushbu xati so‘ralganida xat o‘rniga Bosh prokuror o‘rinbosari protesti Samarqand viloyat «Agroservis MTP» MChJning arizasi asosida kiritilganiga ishora qiluvchi fotosurat jo‘natildi.
Ya'ni viloyat hokimligi tomonidan Bosh prokuraturaga xat yozilgan-yozilmaganligi to‘g‘risidagi savol ochiq qoldirildi. Demak, bu o‘rinda yo viloyat hokimligi aldayapti, yo Adliya vazirligi.
Samarqand viloyat hokimi barcha tortishayotgan tomonlarni to‘plab, 2020 yil 8 iyun kuni viloyat hokimligi majlislar zalida yuzma yuz suhbatlashdi. (Suhbat videosini ushbu havoladan ko‘rishingiz mumkin)
Uchrashuvda viloyat hokimi E.Turdimov tadbirkorlarga tortishuvga nuqta qo‘yish va tomonlarni murosaga keltirish maqsadida «tadbirkorlik qilmoqchi bo‘lsalaring Samarqand shahridan o‘sha MTP hududiga teng miqdorda yer ajratib beraman», dedi. Ya'ni, nol qiymatda.
Kimlargadir bu juda oqilona yechimdek ko‘rinishi, hattoki tahririyatga murojaat qilgan murojaatchilarga ham jo‘yali ko‘rinayotgan bo‘lishi mumkin, lekin mening fikrimcha bu — viloyat rahbari tomonidan taklif etilayotgan o‘ta oqilona bo‘lmagan yechim.
Negaligini tushuntiraman.
Nol qiymatda xarid qilingan (ya'ni, sovg‘a qilingan) yer, obekt hech qachon tadbirkorniki bo‘lib qolmaydi. Tadbirkor S.Qodirov «insofli xaridor» sifatida auksionda halol yutib olgan va to‘lovlarini to‘liq to‘lagan obektiga kira olmayapti axir!
Nol qiymatda berilgan obekt istalgan onda undan tortib olib qo‘yilishi mumkin.
Birinchidan, Turdimovni viloyatga bog‘lab bermagan. Ertaga boshqa ishga o‘tsa yoki viloyatdan ketsa, viloyatning yangi egalari bir deganda bahona topib, tadbirkordan o‘sha obekt va yerni olib qo‘ymasligiga kim kafolat beradi? Masalan, birgina Sh.Xudoyberdiyev o‘zi Past Darg‘om tumaniga hokim bo‘lgach, o‘tgan bir yildan ziyod vaqt ichida avvalgi hokimlarning xususiy mulk bilan bog‘liq o‘nlab qarorlarini bekor qilishga urinayotganiga barchamiz guvoh bo‘ldik.
Qolaversa, E.Turdimovning o‘zi ham Surxondaryo viloyati hokimi bo‘lgan chog‘da viloyatdagi tumanlarda ayrim tadbirkorlarga ajratib berilgan yer, obektlar yo tuman prokurorlarining protesti yo hokimlarning qarori bilan qaytarib olib qo‘yildi. Men shaxsan o‘zim bunday ishlarning bir nechtasini o‘rganganman.
Javobi qiyin savollar
Ayni paytda tadbirkorlar yer olishining yagona yo‘li — onlayn auksion. Buni ham bu tarzda viloyatdagi rahbarlar aralashuvi bilan bekor qilaversa tadbirkor qachon yer ololadi? Umuman, bu tarzda onlayn auksionlardan xarid qilinadigan yer va mulklarga ishonch qoladimi?! Xorijlik investorlar-chi? Ularga ham shunday qilinadimi?
«KEYS-A» MChJning krediti allaqachon auksion g‘olibi tomonidan to‘langan mablag‘lar hisobidan yopilgan. Oradan mana qariyb 1 yil vaqt o‘tmoqda. «TURONBANK»ning ishi bitgan. Boshqasi bilan ishi yo‘q.
O‘tgan yillar ichida Ishtixon MTPning 8,3 gektar yeridan 2,12 gektari zaxiraga olinib, boshqa tadbirkorlarga berib yuborilgan. Bu «ish»da «bosh-qosh» bo‘lgan inson R.Hayitov «O‘zagroservis» AJga rahbarlik qilmoqda. Rahbarligi ostidagi tashkilot yerini birgina imzosi bilan hokimlik zaxirasiga qaytaradigan, birgina imzosi bilan garovga tikib yuboradigan inson respublikadagi barcha MTPlarga rahbarlik qilishi kelgusida boshqa joylarda ham yanada xavfli oqibatlar keltirib chiqarmaydimikan? Masalan, men ishonmayman.
Ishtixon tuman hokimi Sh.Negmatov MTPning auksionga chiqarib, sotib yuborilganidan ichi kuygancha, «Bu — Ishtixon xalqining mulki-ku axir», demoqda. Tuman rahbarining kuyunchakligi yaxshi. Lekin, zaxiraga qaytarilgan o‘sha 2,12 ga yerda bugun butun Ishtixon xalqiga foydasi tegadigan qanday manfaatli ishlar qilindi?
Ishtixon xalqi mulki muqaddas ekan, nega uni ishtixonlik R.Hayitov ishtixonliklardan so‘ramasdan bitta imzosi va tashkilot muhri bilan garovga tikib yubormoqda va uning bu xatti-harakatidan biror jinoyat alomati topilmayapti? Nega hamma ishni boshlagan inson Toshkentdan turib «tomosha» qilib o‘tiribdi?
Masalaning yana bir tarafi bor
Aytaylik, auksion g‘olibi uchun barchasi teskari ketsa, Kattaqo‘rg‘ondagi sud MTP tarafida turib olsa, xaridor o‘sha 1 yil muqaddam auksionga chiqarilgan obekti uchun to‘lagan (o‘tgan yilga nisbatan 20 foizlarga qadrsizlangan) 1,5 milliard so‘m pulini yugura-yugura qaytarib oladi.
«Turonbank»ga Ishtixon tuman MTP yoki «Samarqand viloyat Agroservis MTP» MChJ hozirgi kunda vazni ancha yengillashgan o‘sha pulni to‘lar ham. Nega bundan «insofli xaridor» zarar ko‘rishi kerak-da, shuncha ishni qilgan MTP tepasidagi rahbarlar suvdan quruq chiqishi kerak?
MTPning kreditlaridan ham boshqasidan ham bexabar, shunchaki internetda e'lon qilingan onlayn auksionda qatnashib, g‘olib bo‘lgan xaridorlarning «boy berilgan foyda»sini kim qoplab beradi?
Nega masalaning bu tarafi rahbarlarni ham, sudni ham, huquq-tartibot organlarini ham zig‘ircha qiziqtirmayapti?
Shuhrat Shokirjonov,
Kun.uz maxsus muxbiri.
Mavzuga oid
08:00 / 05.12.2024
321 mln so‘mni talon-toroj qilgan MIB xodimi ushlandi
16:53 / 02.12.2024
Ishtixonda uch metrlik bo‘g‘ma ilon uyda saqlanayotgani aniqlandi
13:29 / 30.11.2024
MIB Sud ijrochilari xalqaro ittifoqi bilan hamkorlik qiladi
21:17 / 29.11.2024