O‘zbekiston | 15:12 / 10.06.2020
15896
3 daqiqa o‘qiladi

Kogonda bozor qurilishida salkam 600 mln so‘m talon-toroj qilingani aniqlandi

Bosh prokuratura matbuot xizmati mahkama huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti tomonidan so‘nggi kunlarda aniqlangan jinoyatlar haqida Kun.uz'ga ma'lumot berdi.

Foto: REUTERS/Mukhammadsharif Mamatkulov

Kogonda dehqon bozori qurilishidagi talon-torojliklar fosh etildi

Buxoro viloyati Kogon shahrida «S.Qurilish» UK sobiq rahbari M.Q. «Sohibkor dehqon bozori» MChJda qurilgan savdo do‘konlari uchun to‘lovlar to‘liq to‘langani to‘g‘risida soxta ma'lumotlarni tuzish orqali fuqarolar nomiga savdo do‘koniga egalik qilish huquqini beruvchi hujjatlarni olishga erishib, «S.Qurilish» UK manfaatlariga 593,4 mln so‘m zarar yetkazgani aniqlangan.

Holat yuzasidan M.Q. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Tergovga qadar tekshiruv Departamentning Kogon shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan.

Sergelida o‘zini tender g‘olibi deb tanishtirgan firibgarning aldovlari fosh bo‘ldi

CToshkent shahar Sergeli tumanida fuqaro D.I. «Z.F.» MChJ rahbari J.M.ning ishonchiga kirib, 10 mlrd so‘mlik ko‘p qavatli turar-joy binolarini qurishda tender g‘olibi bo‘lgani va uni ushbu qurilishga jalb etishi haqida va'dalar berib, 112 mln so‘mlik 112 bosh chorva mollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani aniqlangan.

Holat yuzasidan D.I.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Tergovga qadar tekshiruv Departamentning Sergeli tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan.

Marg‘ilonda mansab vakolatini suiiste'mol qilgan direktor o‘rinbosari ushlandi

Marg‘ilon shahar Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi direktori o‘rinbosari M.A. mahallaga jamoatchilik asosida mavsumiy ishga jalb qilingan fuqarolar faoliyatini tekshirishda aniqlangan kamchiliklarni rasmiylashtirmaslik evaziga 2,2 mln so‘m pora talab qilib olib, Farg‘ona viloyati bandlik bosh boshqarmasining xizmat avtomashinasini ta'mirlayotgan usta O.ga ta'mirlash xarajatlari uchun bergan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Holat yuzasidan M.A. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Tezkor tadbir Departamentning Marg‘ilon shahar bo‘limi tomonidan DXX va IIB xodimlari bilan hamkorlikda, «Ch.» MFY raisi o‘rinbosari Z.ning murojaatiga asosan o‘tkazilgan.

Mavzuga oid