Jamiyat | 19:28 / 11.06.2020
18982
6 daqiqa o‘qiladi

Murojaatchining «og‘zini yopish» muammo yechimi emas: Qo‘shrabotda suyultirilgan gaz ballon qanday yetkazib berilyapti?

Qo‘shrabot tumanidagi Qo‘ralos mahallasida istiqomat qiluvchi ayol uyiga suyultirilgan gaz ballon yetkazib berilishi bilan bog‘liq muammoni, aniqrog‘i yetkazib berilmayotganini Kun.uz tahririyatga ma'lum qildi.

Dildora Jabborovaning mahallasiga suyultirilgan gaz ballon yetib kelarkan, u har safar qaysidir tashkilotga murojaat qilishga (yalinishga, degimiz kelmadi), kimnidir insofga chaqirishga majbur...

Dildora opa dastlab tahririyatga shu yil aprel oyining o‘rtalarida murojaat qilgan edi. Uning yozishicha, gaz ballon mahalladagi bir kishining xonadoniga to‘plangan. O‘sha xonadon egasi: «Ballonni mashinadan tushirib, ortib berayotganimiz uchun», deya aholidan 8 ming so‘mgacha ortiqcha pul olayotganini aytgandi.

D.Jabborovaning murojaati qanchalik asosli-asossiz ekanini bilish maqsadida tuman hokimligining aholiga suyultirilgan gaz ballon yetkazib berish bo‘limi yetakchi muhandisi bilan telefon orqali bog‘landik.

Dildora opa esa bir kun o‘tib aloqaga chiqdi: «Qo‘yaveringizlar, gaz ballonni uyimizga yetkazib berishdi. Meni «yozuvchiga» chiqarishmasin. Bundan keyin uyimgacha olib kelib berisharkan...»

«Muammo birgina sizning uyingizga gaz balloni yetkazib berish-bermaslikda emas. Bu jarayonning o‘z me'yorlari bor, barcha iste'molchiga qulaylik bo‘lishi kerak. Qo‘shnilaringizga ham gaz ballon yetkazib berishyaptimi?» deb savol berdik. Yo‘q, bu ayol murojaat qilgani uchun faqat uning uyigacha gaz ballon yetkazib berilayotgan ekan.

Qolganlar esa 8 ming so‘m qimmatiga, kami yana ortiqcha yo‘l kira sarflab, ballonni uyida to‘playdigan akaxonnikiga borib kelishayotganini bildirdi.

Buni qarangki, bir oy o‘tmay turib, Dildora opa yana murojaat qildi. O‘sha eski gap — gaz ballon yetkazib berilmayotgani, mushkul ahvolga tushib qolganidan nolidi.

Karantin biroz yumshaganidan foydalanib, Qo‘shrabotga bordik.

D.Jabborova Qo‘ralos mahallasining Namuna guzarida istiqomat qiladi. Murojaatchi aytganicha bor ekan: u kishi yashaydigan hududga birov mashinasini haydab bormaydi. O‘ydim-chuqur yo‘llar, past-baland qirlar. Borgan taqdirda ham to‘rt kilometr uchun o‘sha gaz ballon pulining kamida yana yarmini to‘lashga majbur qiladi.

«Sizlarga ikkinchi marta murojaat qilganimdan bir kun o‘tib gaz ballonni olib kelib berishdi. Endi unutishmas ekan. Oilaviy sharoitimni ko‘rishdi. Turmush o‘rtog‘im vafot etgan, o‘zim uchinchi guruh nogironiman, ikki nafar voyaga yetmagan farzandim bor.

Shu hovlida dehqonchilik qilamiz, ro‘zg‘or tebratamiz. Karantin sabab nonga pul topolmagan kunlarimiz ham bo‘ldi, juda qiynaldik. Shuning uchun gaz ballonga ortiqcha pul to‘lash, biror mashina yollab olib kelish og‘irlik qildi. O‘zlaringiz ko‘rgan bu yo‘llardan aravachani tortish ham oson emas. Bolalarim yosh, o‘zimning sog‘ligim ko‘tarmaydi», – dedi Dildora Jabborova.

Ochig‘i, murojaatchi bu gaplarini aholiga suyultirilgan gaz ballon yetkazib berish bo‘limi yetakchi muhandisi Feruz Tangirovning oldida aytdi.

Endi bir holatga e'tibor qilaylik. Mahallaning ushbu hududida 30dan ortiq xo‘jalik istiqomat qiladi. Gaz idorasining rahbari hammaga ham emas, aynan murojaat qilgan fuqaroning uyiga gaz ballonni yetkazib berishni rejalashtiryapti. Qolganlar esa mahallaning boshidagi akaning hovlisidan aslida 22 ming 400 so‘m turadigan gaz ballonni 30 ming so‘m to‘lab olishadi.

Puli bo‘lsa, uyigacha haydovchi yollaydi yoki shaxsiy avtomobilida olib ketadi. Dildora opaga o‘xshaganlar esa...

Shu o‘rinda bir g‘alati holat kishini taajjubga soladi.

Hozirgi kunda Qo‘shrabot tumani bo‘yicha oyiga 20280ta gaz ballon aholi va ijtimoiy obekt iste'molchilariga yetkazib berilmoqda. Tabiiy gaz esa tumandagi 2761ta xonadonga yetib boryapti.

E'tibor qiling, suyultirilgan gaz uchun 11 nafar, tabiiy gaz uchun 25 nafar xodim jalb qilingan! Vaholanki, suyultirilgan gaz iste'molchilari soni tabiiy gaz yetib borayotgan hududlardan karrasiga ko‘proq.

Feruz Tangirovning aytishicha, Qo‘shrabot hududida u gaz ballon yetkazib berishi mumkin bo‘lgan hududlarning eng uzog‘i 120 kilometrgacha. Tashkilotga esa 4ta «Isuzu» avtomashinasi ajratilgan.

Garchi Feruz Tangirov bir holatga iqror bo‘lmasa-da, aytish lozim: uning xodimlari, texnikalari Qo‘shrabotda suyultirilgan gaz ballonni QOG‘OZDA YoZILGANIDeK aholi xonadoniga yetkazib berish uchun ojizlik qiladi. Bu holat nainki Qo‘shrabot tumanida, balki boshqa hududlarda ham kuzatilmoqda. Shu sababli mahallaning qaysidir qulay bir nuqtasiga qoldirib ketish afzal ko‘rilmoqda. Natijada odamlar shundoq ham kechikib borayotgan gaz ballonni «ustama» to‘lab sotib olishga majbur bo‘lyapti.

Soha mas'ullaridan shunchaki, Qo‘shrabotdagi qaysidir rahbarga hayfsan berishni emas, xalqning roziligini olishlari uchun ularga sharoit yaratib berishlarini kutib qolamiz. Chunki hayfsan yoki ishdan chetlatishni yagona chora sifatida ko‘rilishi bunday jarayonda juda tabiiy yo‘l hisoblanganiga avval ham guvoh bo‘lganmiz.

Isomiddin Po‘latov,
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid