Jamiyat | 10:30 / 12.06.2020
43125
7 daqiqa o‘qiladi

Super xotira – talantmi yo mashqlar samarasi? Yodlab qolish bo‘yicha rekordchi Davron Turdiyev bilan suhbat

O‘zbekiston mnemosport federatsiyasi prezidenti, miyani rivojlantirish bo‘yicha ekspert Davron Turdiyev – asli o‘qituvchi. U raqamli ma'lumot eslab qolish bo‘yicha Rossiya rekordini o‘rnatgan – 250ta mahsulotning shtrix kodlarini yoddan aytib bergan. Bu – 3 mingdan ortiq raqam degani.

Davron Turdiyev 2017 yil Xitoyning Shen Jyen shahrida bo‘lib o‘tgan eslab qolish bo‘yicha jahon chempionatida qatnashgan. «Ya mogu» shousi g‘olibi. «Rossiya 1» kanalidagi «Udivitelnyye lyudi 3» ko‘rsatuvida ishtirok etgan.

29 yoshli o‘ziga xos intellekt sohibi bilan suhbatimiz avvali va oxirida uning super xotirasiga ishonch hosil qilish uchun kichik sinov ham o‘tkazdik.

– Davron, bu eslab qolish – qobiliyatmi yoki mashqlar natijasi?

– Eslab qolish, ya'ni kuchli xotira aslida qobiliyat emas. Men shunaqa deb o‘ylayman. Ko‘pchilik qobiliyat deb o‘ylaydi. Chunki noyob narsadek tuyulishi mumkin. Bu innovatsiya ham, talant ham emas.

Bu narsa bilan 4 ming yil oldin ham shug‘ullanishgan. Hozirgi kunda telefonlar, smartfonlar chiqishi odamlar xotirasini rivojlantirmasliklariga sabab bo‘lib qolgan. Sportchilarni ko‘rsa, negadur unday deb o‘ylashmaydi. Masalan, salto otadigan yoki bokschi odamni ko‘rishsa, bu o‘zi shunday tug‘ilgan, degan odamni ko‘rmadim. Shug‘ullangan, mashq qilgan deyishadi.

Men qilgan ishni hamma qila oladi. Xudo bergan talant, lekin bu talant hammada bor. Odam o‘zida rivojlantirishi kerak xolos.

– Rossiya rekordchisiga aylandingiz. Bu sizga nima berdi?

– Rossiyada o‘rnatgan rekordim hayotimni o‘zgartirib yubordi. Rossiyaga borib kelishimdan oldin maktabda o‘qituvchi edim. Rekordim efirga uzatilganida Toshkentga kelib bo‘lgan edim. Efirdan so‘ng obro‘yim birdan oshib ketdi. Muxlislar, mijozlar ko‘payib ketdi. Ko‘p insonlar tanidi. Umuman olganda, Rossiyadagi rekordim menga juda yordam berdi.

– Rekordingiz moddiy tomondan ham foyda berdimi?

– To‘g‘ridan to‘g‘ri bo‘ldi ham. Chunki rekord o‘rnatganimga 50 ming rubl pul berishdi. O‘sha vaqtda ming dollarga yaqin pul edi. Men ko‘proq pul topishni boshladim. Sababi ko‘proq tanildim. Ko‘p insonlar o‘rgatishimni so‘rab murojaat qilishni boshladi.

O‘sha efir sababli men tadbirkor bo‘ldim. Men hech qachon bu narsa orqali pul topaman, deb o‘ylamaganman. Bu – mening hobbim. Agar hozir boshqa ish qilsam ham, baribir shu ish bilan shug‘ullanaman. Chunki yaxshi ko‘raman.

– Hayotingizda shu qobiliyatingiz sizga qo‘l kelgan biror voqeani aytib bera olasizmi?

– Jamiyatshunoslik faniga kech qolganman. Keyin o‘qituvchim chaqirib, nega kech qolayotganimni so‘radi. «Men mavzuni bilaman», dedim. Lekin bilmasdim. Jamoatshunoslik tamoyillarini qog‘ozga qarab eslab qoldim. «Xotirang yaxshimi, Davron?» – so‘radi ustozim. Hali endi shug‘ullanishni boshlagan paytlarim edi. Shunda ustozim doskaga 50 raqamning to‘g‘risiga so‘zlarni yozdi. Hammasini eslab qoldim va to‘g‘ri aytib berganimdan keyin semestrimga besh qo‘yib berdi. Bunday qobiliyat bilan yashash osonroq.

– Kuchli xotiradan qanday maqsadlarda foydalanish mumkin?

– Hozirgi kunga kelib kuchli xotira kerak emas sohaning o‘zi qolmagan. Masalan, sizning kasbingizni oladigan bo‘lsak, matn yodlab qolishingiz kerak.

Uzoqqa qaraydigan bo‘lsak, kuchli xotira bilan bir necha kun, oyni tejash mumkin. IT`ni oladigan bo‘lsak, uning tilini tezroq o‘rgana olasiz. Kuchli xotira hamma joyda kerak bo‘ladi.

– Hozir bu yo‘nalishni tanlaganingizga afsuslanmaysizmi?

– Mening ishim – dunyodagi eng yaxshi ish. Judayam yaxshi ko‘raman shu ishni. Shunday yaxshi ko‘ramanki, hozir boshqa joydan pul topganimda ham shu ish bilan shug‘ullangan bo‘lardim.

Shunday ketma-ketlikda hodisalar bo‘ldiki, men hobbim orqali pul topyapman. Eslab qolishga moslashtirilgan, uning sirlarini o‘rgatadigan o‘quv markazim bor. Undan tashqari, treninglar orqali ham mablag‘ topaman. Chunki xotirasini rivojlantirmoqchi bo‘lgan insonlar judayam ko‘p. Hozir hamma til o‘rganyapti, o‘qishga topshirmoqchi bo‘lgan abituriyentlar ko‘p. Bizda test sistemasi bo‘lgani sababli ko‘proq fakt bilsangiz, o‘qishga kirishingiz osonroq.

– «Shuning o‘rniga foydaliroq ish qilsang bo‘lmaydimi?» deganlar bo‘ldimi?

– Ha, bunday insonlar bor. Hozir ham bo‘lib turadi. Oxirgi ikki oy ichida shu narsani tushundim. Misol uchun, 2 yil oldin na markazim bor edi, na trening o‘tardim, na franshizam bor edi.

Videolarimni deb bir yilda shuncha ish bo‘ldi. Ko‘proq videolarimdagi izohlarni o‘qiyman. «Qulog‘ida quloqchin bor, eslab qolmagan, bu yolg‘on, ey o‘l undan ko‘ra boshqa ish qilsang bo‘lmaydimi?» deganlar ham bo‘ldi.

Bu tabiiy holat ekan. Bunga o‘rganib ham bo‘ldim. Qanchalik sizni odamlar taniy boshlasa, aql o‘rgatadiganlar ko‘payaverarkan.

Eng qizig‘i, aql o‘rgatadigan insonlar uyida divanda yotadigan, boshqa ish qilmaydigan insonlar bo‘lsa kerak. Chunki meni bir kishiga izoh yozib, aql o‘rgatishga vaqtim ham, niyatim ham yo‘q.

– Mnemonikaning O‘zbekistondagi kelajagi haqida qanday fikrdasiz?

– Hozircha bizda unchalik rivojlanmagan. Lekin bilaman, agar bizda sharoit qilib berilsa, O‘zbekistonning yoshlariga hech kim teng kela olmaydi.

Eslab qolish bo‘yicha jahon chempionatini O‘zbekistonda o‘tkazishni hohlardim. Bu – sohani rivojlantirib, ko‘plab yutuqlarga erishishimiz mumkin.

To‘liq suhbat va qiziqarli sinovni Kun.uz`ning YouTube`dagi kanalida tomosha qiling.

Rahmatillo Isroilov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Muhammadjon G‘aniyev.

Mavzuga oid