O‘zbekiston | 18:55 / 15.06.2020
4746
3 daqiqa o‘qiladi

Bitiruvchilarning 42 mingga yaqinida hali pasport yo‘q. Ulardan tezroq pasport olish so‘raldi

Bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev AOKAda o‘tkazilgan brifingda hali pasport yoshiga yetmagan va fuqaroligi bo‘lmagan abituriyentlar haqida ma'lumot berdi.

«Bu yilgi maktab bitiruvchilarining qariyb 42 mingga yaqini hali pasport olmagan. Ular pasport olish yoshiga yetgan, lekin hali pasport olmagan. Bundan tashqari, 359 nafar yoshlar test o‘tkazish jarayoniga qadar pasport olish yoshiga yetmaydi.

Biz pasport olish yoshiga yetgan bitiruvchilarning ota-onalaridan pasport olishni tezlashtirishni so‘ragan bo‘lar edik. Chunki pasport olgan abituriyentning ma'lumotlari Ichki ishlar vazirligi tizimiga kiritiladi va bu baza Davlat test markazi bazasi bilan birlashtiriladi. Buning bilan onlayn hujjat topshirishda muammo bo‘lmaydi», dedi Behzod Musayev.

Uning ta'kidlashicha, 148 nafar bitiruvchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar sanaladi. 1095 nafar bo‘lajak abituriyent esa xorijlik fuqarolardir. Ularning onlayn hujjat topshirishi muammolari ustida ish olib borilmoqda.

«Bu muammoni hal qilish uchun IIV, Xalq ta'limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamkorlikda oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga hujjat topshirmoqchi bo‘lgan, lekin pasport yoshiga yetmagan yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga maxsus seriya, raqam va shaxsiy identifikatsion raqam biriktirilgan ma'lumotnoma berish ustida ishlamoqda. Ushbu ma'lumotnomadagi ko‘rsatkichlarni Davlat test markazi bazasiga biriktirib berish ustida ishlashga harakat qilinyapti. Bunda fuqaroligi bo‘lmagan shaxs diplom yoki shahodatnoma bilan qaysi oliygohga kirish niyati borligidan qat'i nazar, o‘ziga yaqin hududdagi oliygohga murojaat qiladi», dedi bosh vazir o‘rinbosari.

Bundan tashqari, 2020 yil iyun-iyul oyiga qadar 16 yoshga to‘lmagan maktab, litsey, kollej bitiruvchilari tug‘ilganlik guvohnomasi va diplom yoki shahodatnoma bilan yashash hududiga yaqin oliygohga murojaat qiladi. Ma'lumotlar oliy ta'lim muassasasi tomonidan DTM bazasiga kiritiladi.

Ma'lumot uchun, 2020 yilda respublika miqyosida umumta'lim maktablarini 490 mingga yaqin o‘quvchi 9-sinfni, 451,3 mingdan ziyod o‘quvchi 11-sinfni bitirdi.

Mavzuga oid