O‘zbekiston | 19:24 / 15.06.2020
32556
2 daqiqa o‘qiladi

«IIV bunday hollarga «yangilik emas» deb qarashga odatlangan» - Narimon Umarov tergovdagi qiynoqlar haqida

Andijonlik fuqaro Alijon Abdukarimovning ichki ishlar xodimlari tomonidan qiynoqqa solib o‘ldirilishi jamoatchilikning jiddiy noroziligiga sabab bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamaga sabab bo‘lgan mavzu yuzasidan «Adolat» SDP rahbari Narimon Umarov o‘z fikrlarini bildirdi.

Sotsial-demokratlar yetakchisi o‘z munosabatida dastlab Andijon viloyatidagi IIB xodimlarining xatti-harakati OAV va ijtimoiy tarmoq kuzatuvchilari tomonidan e'tirozga sabab bo‘layotgani bejiz emasligini ta'kidlaydi.

«Binobarin, ularning noo‘rin munosabati asnosida kasb sha'ni oyoqosti qilinibgina qolmadi, balki bir inson eng oliy huquqi – yashash ne'matidan mosuvo bo‘ldi. Shu bilan birga, mamlakat rahbariyati va aholimizning davlatning xalqaro imijini yaxshilash uchun qilayotgan ko‘p sonli harakatlariga putur yetdi.

IIB mas'ullarining maqsadi bir bo‘lishi lozim – haqiqatning tagiga yetish va fuqarolarni himoya qilish. Ammo inson huquqlarini toptash orqali adolatga erishib bo‘lmaydi, fuqarolarni do‘pposlash ularni himoya qilish hisoblanmaydi.

Afsuski, IIV bunday hollarga «Bu yangilik emas» deb qarashga odatlanib qolgan», – deya Umarovning so‘zlari keltirildi partiya rasmiy saytida.

Siyosatchi o‘z partiyasi saylovoldi dasturida ichki ishlar tizimini tubdan takomillashtirishni ustuvor vazifa sifatida belgilaganini eslab o‘tgan.

«Shunday ekan, biz bu kabi ko‘ngilsiz holatlarga kechiktirmay barham berilishi, mudhish illatlar odatiy holdek qabul qilinmasligi tarafdorimiz.

Albatta, aybdorlar tegishli jazosini olishi kerak. Lekin ularning jazo olgani marhumni yaqinlariga qaytarib bermaydi. Yoki bunday holat boshqa takrorlanmaslik kafolatini bermaydi. Ya'ni ichki ishlar tizimida islohotlar natijadorligi zamon talablariga mos emas.

Bu holat boshqa takrorlanmaslik uchun kimnidir javobgar qilish, kimnidir ishdan bo‘shatish, kimgadir intizomiy chora bilan cheklanish emas, tizimli islohotlar, yangilanishlarni amalga oshirish lozim.

Bunda tergov organlarining idoraviy manfaatdorligini bartaraf etish, ular mustaqilligini ta'minlash, jarayonlarni shaffoflashtirish lozim», – deydi partiya yetakchisi.

Mavzuga oid