Jahon | 09:43 / 16.06.2020
18355
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston prezidenti bosh vazir iste'fosini qabul qildi   

Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov bosh vazir Muhammadkaliy Abilgaziyev iste'fosini qabul qildi. 15 iyunda Abilgaziyev radiochastotalarning noqonuniy sotilishi bilan bog‘liq mojaro sababli iste'foga chiqishga qaror qilgandi.

Sooronbay Jeenbekov va Muhammadkaliy Abilgaziyev / Foto: kabar.kg

Deputatlarning fikricha, 2 ta radiochastota Qirg‘iziston mobil operatorlaridan biriga “deyarli suv tekin”ga noqonuniy sotilgan. Buning oqibatida davlatga ko‘p milliard somlik zarar yetkazilgan. Parlamentning 20 may kunidagi yig‘ilishida deputat Janar Akayev ushbu ishga bosh vazir aloqador bo‘lishi mumkinligini, chunki radiochastotalar uning ruxsatisiz sotilgan bo‘lishi mumkinmasligini aytgan.

Abilgaziyev o‘ziga qo‘yilayotgan ayblovlarni asossiz deb atagan va tergov “qonunbuzarlikning haqiqiy aybdorlarini topishiga” umid bildirgan.

“Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov bosh vazir Abilgaziyev Muhammadkaliy Duyshekeyevichning iste'fosi qabul qilingan farmonni imzoladi”, deb ma'lum qilingan prezident matbuot xizmatida.

Ta'kidlanishicha, endilikda Qirg‘iziston hukumati ham iste'foga ketgan hisoblanadi. Farmonga ko‘ra, bosh vazir, bosh vazir o‘rinbosarlari lavozimini egallagan shaxslar, hukumat a'zolari hukumatning yangi tarkibi shakllantirilguncha majburiyatlarini bajarishda davom etadi.

Mavzuga oid