Jamiyat | 01:17 / 17.06.2020
43733
6 daqiqa o‘qiladi

«Erkaklarning deyarli yarmi ish izlab ketdi» - Jondordagi jonsizlanayotgan qishloq muammosi

2000-yillargacha bu qishloqdan biror kishi oilasini tashlab chetga ketmagan. Chunki, bunga ehtiyoj ham yo‘q edi. Ular o‘zi yetishtirgan ko‘katlar, meva-cheva, kartoshka, pomidor, ayniqsa, qovun-tarvuzdan yaxshi daromad ko‘rishgan.

«Ammo 2005 yillardan suv tanqisligi kuchayib boravergach, bu daromadlardan ayrildik, qishlog‘imiz erkaklarining qariyb yarmi Rossiya va boshqa davlatlarga ish izlab ketdi...», — deyishdi yagona tirikchiligi bo‘lgan tomorqa ekinlari suvsizlikdan qurib qolayotgan Buxoro viloyati Jondor tumanidagi Rahimobod qishlog‘ida yashovchilar.

Dehqonchilik qila olmayotgan, daromadsiz qolayotgan aholi o‘zlari bilgan deyarli barcha tashkilotlarga murojaat qilib kelmoqda. Ammo bir necha yildirki, suv o‘rniga dasta-dasta javob xatlari kelmoqda.

Taassufki, javob xatlari bilan odamlarning ham, ekinlarning ham chanqog‘i bosilayotgani yo‘q.

Ochig‘ini aytish kerak, mahallada bo‘lganimizda ayrim fuqarolar achchiq so‘zlar bilan dardini aytdi:

«Tomorqaga juda katta e'tibor qaratilyapti, deyishadi. Hatto tomorqasidan yaxshi foydalanmayotgan fuqarolarga jarima solish ham taklif qilingan ekan. Agar shunchalik e'tibor bo‘lsa, nega bizning har yili qurib qolayotgan tomorqalarimizga hech kim qiziqmaydi? Nega jarima daftarini ko‘tarib kelmaydi bu yerga, tomorqa haqida ma'ruza o‘qimaydi?

Modomiki, tomorqasiga qaramagan fuqaroni jarimaga tortish kerak ekan, yuzlab aholining qurib ketgan ekinlariga beparvolik uchun ham chora ko‘rilmaydimi?»

Bundan 15 yillar oldin aholining yana bir daromadi chorvadan bo‘lgan. Har bir xonadonda 7-8ta qoramol, 6-7tadan qo‘y-echki boqilgan. Bugun esa og‘ilxonalar huvillab qolgan.

Chorva bo‘lmasa-da, yerlarda beda ekilgani bizni taajjublantirdi. Bilsak, suvsizlikka chidamli, oylab suv ichmasa-da nobud bo‘lmay turadigan yagona ekin turi shu ekan.

Shu qishloqda yashovchi Nasrullo Jumayevga ko‘ra, 2000 yillarda suv ta'minoti yaxshi bo‘lganining sababi – qishloqda 3ta nasos ishlab turgan. Keyinchalik bu inshootlar eskirib, ishdan chiqqan va yangi nasos umidi 10 yillar davomida ro‘yobga chiqmagan.

Mahallada 700tacha xonadon bo‘lib, asosan 500ta xonadon suvsizlik muammosidan qattiq aziyat chekadi. Umumiy hisoblaganda 300 gektarcha yerga suv chiqarish kerak. Xo‘sh, ana shu 300 gektar yerga suv berish rostdan ham imkonsizmi?

Jondor tuman hokimligi vakillari muammoning bir necha yechimini sanab berdi. Biroq...

Hokimlikka ko‘ra, muammoni hal etish uchun 9 kilometrdan ariq qazib kelish kerak.

Ikkinchi variant – qishloqda ikkita katta nasos o‘rnatish.

Ammo bu ishlar uchun katta mablag‘ kerak bo‘lgani uchun boshqa yechimga to‘xtalib turishibdi. Chunki nasoslarning har biri uchun 600 million so‘m mablag‘ kerak ekan.

Boshqacha aytadigan bo‘lsak, tarozining ikkita pallasi ayni paytda quyidagicha turibdi: yo 1 milliard 200 million so‘m, yoki 700ta xonadonning barbod bo‘lgan tirikchiligi! Uzoq yillardan buyon birinchi pallasi tosh bosib turibdi.

Mahalliy hokimlik tanlagan uchinchi, kamroq xarajat talab etadigan yo‘l aholiga yoqmay turibdi. Chunki bunda Rahimobod va qo‘shni qishloqdagi suv bilan yaxshi ta'minlangan fermer xo‘jaliklardan qishloqqa suv tortib kelish rejalashtirilgan. Bu loyihaga ishonchsizlikning sababi shundaki, o‘sha fermerlardan olib kelinadigan suv, yerlari qaqrab yotgan yana 6ta fermer yerlaridan o‘tishi kerak. Bu tarzda qishloqqacha suv yetib kelishiga odamlarning ko‘zi yetmayapti. Ehtimol, hokimlik muammoning bu tomonlarini ham hisobga olgandir. Nima bo‘lganda ham muammo aholining bo‘g‘zigacha kelib bo‘lgan.

Darvoqe, aholi bu masala bo‘yicha viloyat hokimligiga ham, boshqa idoralarga ham har yili murojaat qilganini aytdik. Nahotki, shuncha vaqt davomida muammoni Buxorodagi rahbarlardan hech kim his etmagan?

Aslida rahimobodliklar bir qancha muammolar haqda yozgandi. Qishloqdan sal narida ulkan chiqindi poligoni bor. Chiqindilar utilizatsiya qilinmasligi, qayta ishlanmasligi, ko‘milmasligi, yo‘q qilinmasligi aholini ancha charchatgan. Chunki bu holat antisanitar holatni yuzaga keltirmoqda.

Kamiga poligonga har kuni yuk mashinalarda qishloq oralab chiqindi tashiladi va har bir mashina o‘tganida yo‘ldan ko‘tarilgan chang yarim soatgacha tarqalmaydi. (Hokimlik topshirig‘i bilan 13 iyundan yo‘lga ikki mahal suv sepish amalga oshirilayotgan ekan).

Yo‘lning ham ahvoli bir navi. Ammo mutasaddilarimiz hozircha bu qishloqning eng og‘ir muammosi — suv masalasidan chalg‘imasligi uchun boshqa masalalarni qisqa qildik. Chunki suv hozir rahimobodliklar uchun havodek zarur.

Anvar Mustafoqulov,

Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid