Jahon | 23:51 / 18.06.2020
56962
11 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi vaziyat: Epidemiyaning yangi o‘choqlari va Britaniyaning Rossiyaga ayblovi

Britaniya tashqi ishlar vaziri Rossiya, Xitoy va Eronni pandemiyadan o‘z maqsadlarida foydalanayotganlikda aybladi, Avstraliya, Hindiston, Pokiston va boshqa davlatlarda kasallik tarqalishi kuchaydi, Emmanuel Makron va Boris Jonson britan karantini shartlarini muhokama qilishdi.

Foto: Getty Images

Jons Hopkins universiteti ma'lumotiga ko‘ra, dunyoda koronavirusdan kasallanish holatlari soni 8,3 milliondan oshdi, qariyb 450 ming kishi ushbu kasallikdan vafot etdi.

Ayni vaqtda Lotin Amerikasi infeksiya tarqalishining asosiy o‘chog‘i bo‘lib qolmoqda, qator davlatlarda epidemiyaning ikkinchi to‘lqini kuzatilmoqda.

BBC dunyodagi Covid-19 pandemiyasi bilan bog‘liq so‘nggi ma'lumotlarni keltirdi.

Britaniyadagi vaziyat
Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Dominik Raab Rossiya, Xitoy va Eron pandemiya bilan bog‘liq vaziyatdan o‘z manfaatlarini ilgari surishda foydalanayotgani haqida gapirdi. U Xitoy hukumati Hongkong ustidan nazoratni kuchaytirayotganini misol tariqasida keltirdi.

Raabning fikricha, Rossiya internet platformalari va boshqa vositalar orqali muntazam ravishda sog‘liqni saqlash sohasidagi masalalar bo‘yicha yolg‘on xabarlar va tashviqot tizimini yo‘lga qo‘ygan.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov bu ayblovlarni absurd deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya epidemiya boshlanganidan buyon bor imkoniyatlarini ishga solgan holda virusga qarshi kurashda dunyo bilan hamkorlik qilmoqda.

Bu vaqtda London Qirollik kolleji olimlari ijtimoiy tarmoqlar, Facebook va YouTube kabi platformalar jamoatchilik sog‘ligiga tahdid solishi, chunki bu joylarda koronavirus tarqalishi va tabiati haqida konspirologik nazariyalar tarqatilishi haqidagi tadqiqot natijalarini e'lon qilishdi.

Ma'lum bo‘lishicha, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining ko‘pchiligi bunday xabarlar tufayli karantinga rioya etishni ahmoqlik deb hisoblashmoqda va hukumat joriy etgan tartiblarni buzishmoqda. Mart-aprel oylarida o‘tkazilgan o‘rganish jarayonida olimlar Britaniyadagi ko‘pchilik internet foydalanuvchilari Covid-19 ataylab laboratoriyadan chiqarib yuborilgani yoki 5G aloqa minoralari koronavirus tarqatishi haqidagi cho‘pchaklarga ishonishini aniqlashgan.

Charlz hid bilish qobiliyatini yo‘qotdi
Britan taxti vorisi shahzoda Charlz shifokorlar bilan uchrashuv vaqtida unda koronavirusni boshdan kechirganidan so‘ng hid va ta'm bilish qobiliyati tiklanmagani haqida tan oldi. Ma'lumki, bu hislarni yo‘qotish Covid-19 alomatlari hisoblanadi.

Shifoxona xodimlar bilan suhbat davomida Charlz kasallikni yengib o‘tish tajribasi haqida gapirgan. 71 yoshli shahzodaga mart oyidayoq koronavirusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgandi. Unda kasallik o‘rta og‘irlikda kechgan, ammo u shifoxonaga yotqizilmagan va Shotlandiyadagi qasrda ihotalangandi.

Payshanba kuni Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Londonga tashrif bilan keldi. U bosh vazir Boris Jonson bilan ushbu mamlakatga keluvchilarning barchasi 2 haftalik karantinga joylashtirilishi bilan bog‘liq masalani ham muhokama qildi. Uchrashuvda kasallik tarqalishi sekinlashgan davlatlar, jumladan Fransiya uchun alohida yo‘lak qilish haqida gap bordi.

Hozircha faqat Irlandiyadan va Britaniya ta'siridagi orollardan keluvchilar karantinga olinmayapti. Yevropa lokdaundan chiqib, chegaralarini ochayotgan mahalda karantin joriy etgani uchun Britaniya hukumati turizm sanoati vakillari tomonidan keskin tanqid qilinmoqda.

Britaniya Yevropada epidemiyadan eng ko‘p jabr ko‘rgan mamlakat bo‘lib qolmoqda. Jons Hopkins universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, bu mamlakatda 300,7 ming zararlanish holati qayd etilgan (jahonda beshinchi o‘rin) va 42,2 ming kishi vafot etgan (jahonda uchinchi ko‘rsatkich).

Yevropada yana nimalar bo‘lmoqda?
Germaniyaning shimoli-g‘arbidagi Gyuterslo shahrida joylashgan go‘sht kombinatida koronavirus tarqalgach, minglab kishilar karantinga jo‘natildi. Ishchilarning mingdan ortig‘i Covid-19 uchun test topshirgan, 657 kishi virus yuqtirib olgani tasdiqlangan. Yana bir necha ming kishi test uchun navbat kutmoqda.

Germaniya kansleri Angela Merkel Yevropa Ittifoqi rahbariyatini uzoq muddatli budjet bo‘yicha tezroq kelishib olishga va mablag‘larni koronavirusdan zarar ko‘rgan nisbatan kuchsiz iqtisodiyotga taqsimlashga chaqirdi. Germaniya parlamentidagi chiqishida u chuqur iqtisodiy inqirozni yengib o‘tish uchun Yevropa birlashishi kerakligini ta'kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, pandemiya Yevroittifoq qanchalar mo‘rtligini ko‘rsatib qo‘ydi. Germaniya 1 iyuldan boshlab 6 oy davomida Yevroittifoqqa raislik qiladi.

Moskvad mamlakatda epidemiologik vaziyat eng og‘ir bo‘lgan hudud hisoblanadi / EPA

«Roszdravnadzor» Rossiyada ish joyida koronavirus yuqtirib olgan 489 nafar tibbiyot xodimi vafot etgani haqida xabar berdi, ko‘p o‘tmay bu xabar rasmiy emasligi, internetdagi ma'lumotlarga asoslangani haqida aytildi. Qayd etish kerakki, may oyi statistikasiga ko‘ra, mamlakatda jami 101 nafar tibbiyotchi Covid-19 qurboni bo‘lgani ko‘rsatilgandi.

Rossiya jahonda koronavirusga chalinish holatlari soni bo‘yicha uchinchi o‘rinda - 561 mingdan oshiq holat, mamlakatda so‘nggi bir kunda 7790ta yangi holat qayd etildi.

Ispaniya hukumati bu yil dunyoga mashhur Ibitsa tungi klublari va Balear arxipelagidagi boshqa ko‘ngilochar maskanlar ochilmasligini va koronavirusga qarshi vaksina paydo bo‘lmaguncha umuman ishlamasligi ham mumkinligini ma'lum qildi. Turistik mavsum vaqtida bu orollarga har yili minglab musiqachilar va didjyeylar kelishadi. Ko‘plab klublar tun-u kun ishlaydi. Bu katta sanoat bo‘lib, nafaqat mahalliy aholi vakillari, balki Yevropa Ittifoqining boshqa fuqarolari uchun ham daromad manbayi edi.

Shu bilan birga, Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches mamlakat turizm sanoatini qutqarib qolish uchun 4,2 mlrd yevro ajratilishini ma'lum qildi. Pullar ispan kurortlari reklamasi, sanitar normalarini ta'minlash va aviakompaniyalarga soliq imtiyozlari uchun ham sarflanadi. Turizm Ispaniya iqtisodiyotida 12 foizlik ulushga ega.

1 iyuldan mamlakatga keluvchilar 14 kunlik karantinga olinishi shart bo‘lmaydi.

Dunyodagi yangi o‘choqlar

Pokistonda virusdan zararlanish holatlari soni 160 mingdan oshgan Foto: EPA/Vostock-photo

Pokistonning Panjob viloyatidagi qator shaharlarda  karantin choralari kuchaytirildi. Ushbu viloyat aholisi soni 100 million kishidan oshadi. So‘nggi haftada ayrim hududlarda, xususan, viloyatning ma'muriya markazi Lohurda kasallanish statistikasi keskin yuqorilay boshlagan.

Panjobda qariyb 60 ming zararlanish holati qayd etilgan. Politsiya qat'iy karantin joriy etilgan hududlarni qattiq qo‘riqlamoqda. Bunday hududlarda faqat do‘konlar va dorixonalar ochiq. Jamoat transporti ishlamayapti, shuningdek shaxsiy avtomobillarda harakatlanish taqiqlangan. Pokiston hukumati qaroriga ko‘ra, yangi kasallanish holatlari soni 300ga yetgan hududlarda qat'iy karantin joriy etilishi belgilangan.

Hindistonda kunlik zararlanish holatlari bo‘yicha yangi rekord qayd etildi - 12 881 ming kishi. Poytaxt Dehlida sog‘liqni saqlash vazirida infeksiya aniqlangan. Mamlakatning moliyaviy markazi Mumbayda ham minglab kishilar virusdan zararlangan. Ammo salbiy dinamikaga qaramasdan, Hindiston iqtisodiyotni tiklash uchun karantin choralarini yumshatishni davom ettirmoqd. Mamlakat kasallanish holatlari soni bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi o‘rinda bormoqda - 378 ming kishi kasallangan, 12 mingdan ortiq kishi vafot etgan.

Xitoy 28ta yangi zararlanish holati haqida xabar berdi, shundan 21tasi Pekinda qayd etilgan. O‘tgan haftada poytaxtda kasallik avj ola boshlagandi - shahardagi yirik oziq-ovqat bozori yangi kasallanish o‘chog‘iga aylangandi. Bungacha 57 kun davomida shaharda birorta holat qayd etilmagandi. Hozirda Pekinning kamida 30 tumani karantinga yopilgan. Shahar ko‘chalari sanitar xizmatlar tomonidan dezinfeksiya qilinmoqda.

Avstraliyada ham yangi holatlar qayd etilmoqda. Aholisi soni ko‘pligi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turuvchi Viktoriya shtatida ikki kunda 18 kishida kasallik aniqlangan. Shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, kasallanish manbayi Yangi Zelandiyada kuzatilgani kabi xorijda emas, mahalliy jamiyatlardan birida bo‘ldi. Viktoriya shtatidagi vaziyat Yangi Janubiy Uels shtatidagilarni ham tashvishga soldi, qo‘shni shtatda bir necha haftadan buyon yangi kasallanish holatlari qayd etilmayapti. Avstraliyada Covid-19 dan zararlanish indeksi apreldan buyon 0,5dan pastligicha qolmoqda. Yaqingacha mamlakatda aktiv keyslar soni 500 atrofida edi, ularning ko‘pchiligi xorijdan kelgach karantinga olinganlar.

Bugun Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevda koronavirus aniqlandi. Uning matbuot xizmati xavotirlanishga hojat yo‘qligini ma'lum qilmoqda. Nazarboyev o‘zini ihotalagan va masofadan turib ishlashga o‘tgan. Avvalroq hukumatning bir necha a'zolarida, jumladan sog‘liqni saqlash vazirida kasallik aniqlangandi.

Jons Hopkins universiteti ma'lumotiga ko‘ra, Qozog‘istonda ayni vaqtgacha 22,7 mingdan ortiq kasallanish holati aniqlangan, bemorlarning 97 nafari vafot etgan.

Lotin Amerikasi Covid-19 o‘chog‘i bo‘lib qolmoqda
Braziliya g‘arbida Amazoniyadagi Kayapo qabilasi sardori koronavirusdan vafot etdi. 65 yoshli Paulino Paykan Amazonka o‘rmonlari himoyachilaridan biri sifatida mashhur edi. U jahon hamjamiyatiga 1980-yillarda, Belo Monte vodiysida dunyoda kattaligi bo‘yicha uchinchi o‘rindagi GES qurilishiga qarshi chiqqanida tanilgandi.

1998 yilda u 18 yoshli qizni zo‘rlashda ayblangan, ushbu jinoyatga uning rafiqasi ham aloqadorligi ma'lum qilingandi. Tarafdorlari esa bu ishni sardorning obro‘sini tushirish uchun uyushtirilgan deb baholashgandi.

Perulik shifokorlar uzoq tog‘li hududlarga chiqishiga to‘g‘ri kelmoqda / AFP

Peru koronavirusga chalinganlar soni bo‘yicha Italiyadan o‘zib ketdi. Jons Hopkins universiteti ma'lumotiga ko‘ra, bu mamlakatda virusdan zararlanish holatlari soni 241 mingga yetgan. Peru - Lotin Amerikasida virusdan eng ko‘p aziyat chekayotgan ikkinchi davlatdir. Ammo Peruda virusdan vafot etganlar soni Braziliyadagidan (46 ming) ancha kam - 7,2 ming.

Bundan tashqari, mamlakatda kunlik kasallanishlar soni kamaya boshladi. So‘nggi bir kunda Peruda 3700 yangi holat aniqlandi, bu esa may oyi oxiridagi ko‘rsatkichning yarmidir. Hukumat qat'iy karantinni 30 iyunga qadar uzaytirgan.

Chilida ham og‘ir vaziyat saqlanib qolmoda. Ushbu mamlakat kasallanish holatlari dunyoda to‘qqizinchi, Lotin Amerikasida uchinchi - shu vaqtgacha 225 mingdan ortiq kishida virus aniqlangan, 7,2 mingdan ortiq kishi vafot etgan.

Ayni vaqtda JSST Lotin Amerikasini dunyodagi asosiy koronavirus o‘chog‘i sifatida e'lon qilgan.

Mavzuga oid