O‘zbekiston | 12:40 / 19.06.2020
3739
2 daqiqa o‘qiladi

«Geodeziya va kartografiya faoliyati to‘g‘risida»gi qonun ma'qullandi

Oliy Majlis Senatining beshinchi yalpi majlisida «Geodeziya va kartografiya faoliyati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.

Senat raisi Tanzila Norboyeva kartografik materiallarning elektron arxivini yaratish kerakligini aytdi.

«Ma'lumki, davlat kartografiya, geodeziya fondidagi muhim kartografik materiallarining aksariyati - 5 millioni qog‘oz, plastik, kitob ko‘rinishida saqlanmoqda. Bu ma'lumotlarning elektron arxivini yaratish kerak. Bu borada idoralararo ma'lumot almashinuvining elektron tizimini ham yo‘lga qo‘yish kerak.

Ko‘plab davlatlar, misol uchun, Koreya, Rossiya, Vengriya, Belarusda bunday tizim yo‘lga qo‘yilgan va yaxshi samara beryapti», dedi Tanzila Norboyeva.

Ma'lum qilinishicha, qonunda geodeziya va kartografiya ishlarini litsenziyalash, ro‘yxatga olish va davlat hisobini yuritish, davlat kartografiya-geodeziya kadastri va O‘zbekiston Respublikasi kartografiya-geodeziya fondini yuritish hamda davlat geodeziya nazorati bilan bog‘lik normalar mustahkamlab qo‘yilyapti.

Shuningdek, qonundan xavolaki normalarning chiqarilishi natijasida tadbirkorlik sub'yektlarining geodeziya va kartografiya faoliyati bilan shug‘ullanishida qulay sharoit yaratiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi.

Mavzuga oid