Jamiyat | 16:24 / 19.06.2020
8274
5 daqiqa o‘qiladi

Toshkent davlat stomatologiya instituti: masofaviy o‘qitish tibbiyot mutaxassislarini birlashtirdi

Toshkent davlat stomatologiya institutida Sog‘liqni saqlash vazirligi va JSSTning O‘zbekiston Respublikasidagi vakolatxonasi ko‘magida «COVID-19 tarqalishi davrida O‘zbekiston va Rossiyada oliy tibbiy ta'lim tizimlarining javob konsepsiyasi» xalqaro ilmiy-amaliy onlayn konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Pandemiya paytida tibbiyot oliygohlarining xatti-harakatlari haqida gapirganda, ta'lim jarayonining uzluksizligini ta'minlash, uzluksiz ta'lim kurslari va mashg‘ulotlarni tashkil etish, an'anaviy ta'lim shakllarini masofaviy formatga moslashtirish muhimligini ta'kidlash o‘rinli hisoblanadi.

Pandemiya e'lon qilinishidan oldin, elektron tibbiy ta'limga yaqin kelajakdagi jarayon sifatida qaralar edi, ammo hayot zudlik bilan masofaviy tartibda ishlashni talab qildi. Respublikada 11 ta tibbiyot oliygohlari faoliyat ko‘rsatmoqda va o‘quv muassasalariga o‘quv materiallari va talabalarning uzluksiz masofaviy o‘qishi uchun o‘quv materiallari hamda sharoitlar yaratish vazifasi yuklatildi. Shu bilan bir qatorda, ko‘plab kutubxona fondlari, jurnallar tahririyatlari ilmiy maqolalar, o‘quv va ilmiy adabiyotlardan bepul foydalanish imkoniyatini yaratdilar.

Barcha mamlakatlar, shu jumladan, O‘zbekistonning ta'lim tizimi uchun masofadan turib o‘qitish kuchli sinovning o‘ziga xos turiga aylandi. Qisqa vaqt ichida tibbiyot universitetlari talabalari ta'limi samaradorligini oshirish maqsadida universitet o‘qituvchilari o‘quv videolarini ishlab chiqdilar va taqdim qildilar, normal fiziologiya, anatomiya va gistologiyani o‘rganish bo‘yicha virtual seminarlar tashkil qildilar. Privoljsk ilmiy-tekshirish tibbiyot universiteti va Samarqand davlat tibbiyot instituti onlayn-konferensiyaning asosiy hamkorlari va hammualliflari bo‘lishdi.

Anjuman O‘zbekiston va Rossiyaning yetakchi tibbiyot universitetlari mutaxassislari o‘rtasida tajriba almashish uchun yaxshi maydon bo‘lib xizmat qildi. Anjumanda 100 dan ortiq mutaxassislar ishtirok etishdi. Karantin sharoitida tibbiyot oliygohlarining o‘quv, ilmiy va amaliy faoliyatidagi yutuqlari to‘g‘risida 14 ta ma'ruza tinglandi.

Asosiy e'tibor ta'lim jarayonida axborot tizimlari, virtual texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha tajriba almashish, masofaviy formatdagi tibbiy ta'lim sifatini va uning rivojlanish istiqbollarini ta'minlashga qaratildi.

Kasbiy tibbiy ta'limni rivojlantirish, uzluksiz ta'lim kurslarini tashkil etish, pandemiya va pandemiyadan keyingi davrlarda shifokorlarni tayyorlash va qayta tayyorlash masalalari Toshkent va Moskva oliygohlarining diqqat markazida bo‘ldi.

Tibbiyot universitetlari talabalariga psixologik yordamni amalga oshirish tajribasi Orenburg davlat tibbiyot universiteti mutaxassislari tomonidan namoyish etildi. TDSI mutaxassislari bilan oliy tibbiy ta'limda individuallashtirish muammolarini hal qilishda pedagogik va psixologik diagnostikaning o‘rni va roli, xususan, talabalarning tashabbuskorligi va mustaqilligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tajriba almashildi.

Janubiy Qozog‘iston Tibbiyot Akademiyasi, Palats universiteti (Chexiya) va Tojikiston davlat tibbiyot universiteti vakillaridan iborat xalqaro ekspertlar kengashi tomonidan o‘zbek va rossiyalik hamkasblarining yutuqlariga xolis baho berildi, masofaviy o‘qishni yanada takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Eslatma. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan o‘tkazilgan monitoring natijalariga ko‘ra, Toshkent davlat stomatologiya instituti respublikaning eng yaxshi universitetlari reytingida 8-o‘rinni va tibbiyot universitetlari orasida 1-o‘rinni egalladi.

Institutda o‘qish 4 ta bakalavr yo‘nalishida tashkil etilgan bo‘lib, shu jumladan, Rossiya va Ukraina universitetlari bilan hamkorlikda ikki diplomlik ta'limning 4 dasturi yo‘lga qo‘yilgan.

Institutning stomatologiya fakulteti filiali Janubiy Qozog‘iston tibbiyot akademiyasi negizida tashkil etilgan. Toshkent davlat stomatologiya instituti respublika universitetlari ichida birinchi bo‘lib xalqaro akkreditatsiyadan o‘tdi va ISO 9001: 2015 xalqaro sertifikatiga ega bo‘ldi.

Toshkent davlat stomatologiya instituti matbuot xizmati

Mavzuga oid