Jamiyat | 19:48 / 19.06.2020
13650
4 daqiqa o‘qiladi

Vazirlik Peshko‘dagi sport maktabida majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilgani yuzasidan munosabat bildirdi. Mas'ullarga chora ko‘rilgan

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Peshko‘ tuman bolalar va o‘smirlar sport maktabi xodimlarining majburiy mehnatga jalb etilgani haqidagi xabar yuzasidan munosabat bildirdi. Ma'lum qilinishicha, Peshko‘ tuman jismoniy tarbiya va sport bo‘limi boshlig‘i va tuman bolalar va o‘smirlar sport maktabi direktoriga intizomiy jazo choralari qo‘llangan.

«Ushbu xabar e'lon qilinishi hamonoq, O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi topshirig‘iga asosan, Buxoro viloyati Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshlig‘i boshchiligida mas'ul xodimlar ushbu holatni o‘rganish maqsadida Peshko‘ tuman bolalar va o‘smirlar sport maktabiga yetib bordi.

Ma'lumki, Respublika Maxsus komissiyasi tomonidan pandemiya talablarining yumshatilishi natijasida respublikamizning barcha «yashil» hududlaridagi bolalar va o‘smirlar sport maktablarida sport seksiyalari va to‘garaklari faoliyati qayta tiklanmoqda.

Pandemiya davrida ikki oydan ortiq vaqt davomida karantin talablariga rioya qilish maqsadida bolalar va o‘smirlar sport maktabi to‘liq ish faoliyatini to‘xtatgan. Endilikda sport maktabida sport seksiyalari faoliyati qayta tiklanishiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida ichki imkoniyatdan kelib chiqqan holda maktab jamoasi maktab hududlarini obodonlashtirish uchun ixtiyoriy ravishda shanbalikka taklif etilgan.

Mas'ullar holatni o‘rgangan holda o‘z faoliyatidan ortiqcha vazifa bergan Peshko‘ tuman jismoniy tarbiya va sport bo‘limi boshlig‘i va tuman bolalar va o‘smirlar sport maktabi direktoriga intizomiy jazo choralari qo‘llandi», deyiladi xabarda.

Shuningdek, Buxoro viloyati Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshlig‘iga bu kabi holatlar boshqa takrorlanmasligi yuzasidan qattiq ogohlantirish berilgan.

«O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi trenerlar va hodimlarning o‘zboshimchalik bilan majburiy mehnatga jalb etilishini oldini olish maqsadida tizimdagi barcha tashkilot va muassasalarda tushuntirish ishlarini kuchaytiradi.

Ma'lum qilamizki, Peshko‘ tumani yoshlari uchun Peshko‘ tumani bolalar va o‘smirlar sport maktabiga qarashli markaziy o‘yingoh davlat dasturi asosida qayta rekonstruksiya qilinib, joriy yilning o‘zida foydalanishga topshiriladi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Kun.uz rasmiy saytiga bu kabi holatlar bo‘yicha tezkor munosabat bildirgani uchun o‘z minnatdorchiligini bildiradi va kelgusida ham bu borada hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanligini ma'lum qiladi», deyiladi vazirlik munosabatida.

Bugun, 19 iyun kuni Kun.uz rasmiy sayti orqali Peshko‘ tuman bolalar va o‘smirlar sport maktabida murabbiylar majburiy mehnatga jalb qilingani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Senat yalpi majlisida Tanzila Norboyeva ushbu holatni qoralab chiqdi va viloyat hokimidan ushbu holat bo‘yicha tushuntirish so‘radi.

Mavzuga oid