Jahon | 17:27 / 21.06.2020
42814
11 daqiqa o‘qiladi

Ilm va fantastika oralig‘ida: «kelajak odami» Nikola Tesla ixtirolari

Nikola Tesla – aqlbovar qilmas ixtirolar muallifi. U bugunning ajralmas qismiga aylangan internet, gadjetlar, elektromobillarni qariyb bir yarim asr avval tasavvur qilgan edi.

Aytgancha, elektromobillari bilan mashhur Ilon Maskning Tesla kompaniyasi ham aynan shu olimning sharafiga nomlangan.

Zamonasining da Vinchisi

Nikola Tesla – zakovati darajasi bilan o‘z davrining Leonardo da Vinchisi deb nom olgan, misli ko‘rilmagan ixtirolari bois «kelajak odami» deb e'tirof etilgan, o‘zgaruvchan tok ixtirosi bilan «dunyoni yoritgan daho» nomiga loyiq ko‘rilgan.

Uning o‘zi ham «bugun uchun emas, kelajak uchun» ixtirolar qilishini ta'kidlagandi. Teslaning nomiga patentlangan, injyeneriya sohasini o‘zgartirgan ixtirolar 300tadan ko‘proqni tashkil qiladi.

Nikola Tesla

Zamonaviy energiya ta'minoti tizimi, kompressor, sanoat ventilyatori, suv nasosi, elektrhisoblagich, chastotometr, rentgen qurilmasi, avtomobil spidometri, lyuminessent lampalari, elektrsoat, elektroterapiya uskunalarining barchasi Teslaning mualliflik ishlari hisoblanadi.

Shuningdek, ixtirochi elektrodvigatel asosida harakatlanuvchi avtomobillar, dronlar, lokomotiv, bug‘ trubinalari ustida ham ishlagan. Internet va zamonaviy gadjetlarning paydo bo‘lishini o‘z ilmiy ishlanmalarida taxmin qilgan, robototexnikaning ilk poydevorini qo‘ygan.

U ilm va fantastikaning nozik chegarasida turib xavfli tajribalar olib boruvchi inson edi.

Tesla nomini turli g‘aroyibotlar bilan ham bog‘lashadi. Aytishlaricha, u sutkasiga atigi 4 soat uxlagan. O‘zga sayyoraliklarni ko‘rgan, degan mish-mishlar ham bor. To‘liq tasdiqlanmagan ma'lumotlarga ko‘ra, ba'zi ixtirolari boshqa olimlar tomonidan tanqid va mazax bilan qabul qilingach, «insoniyat hali mening ixtirolarim buyukligiga tayyor emas» deb, ilmiy ishlanmalari jamlangan arxivni yoqib yuborgan.

Elektrni mushukdek qo‘lga o‘rgatgan olim

Tesla 1856 yilda Smilyan nomli qishloqda (o‘sha paytda Avstriya imperiyasi, hozirgi Xorvatiya hududi) tug‘ilgan. Otasi mahalliy ruhoniy bo‘lib, o‘g‘li o‘z yo‘lidan borishini istardi. Ammo Teslani boshqa narsa qiziqtirardi.

Nikolo Teslaning ota qishlog‘i Smilyanda uning sharafiga qo‘yilgan haykal

Elektrni boshqarish fikri Teslada bolalikdanoq boshlangan.

Kunlarning birida bolakay Nikola pahmoq mushugini siypalab o‘tirganda qo‘li va jonivorning junlari orasida kichik uchqunlar paydo bo‘layotganini sezib qoladi. Otasi buni chaqmoq va uchqunning tabiati bir ekanligi, elektrni ham mushuk singari qo‘lga o‘rgatish mumkinligini, ammo bu juda xavfliligini aytadi. Keyinchalik olib borilgan tajribalarda Tesla elektrni qo‘lga o‘rgatishga muvaffaq bo‘ldi. Elektromagnit maydoni ta'sirida doimiy bo‘lish natijasida u qorong‘ulikda juda yaxshi ko‘rar, quyosh yorug‘iga chiqqanda esa ko‘zida sanchiq sezadigan bo‘lib qolgan edi.

Bundan tashqari, Teslada infeksiyadan fobiya bor edi – infeksiya yuqtirish xavfida doimiy qo‘lini yuvib yurish, odamlar bilan qo‘l berib ko‘rishmaslik, restoranda har bir idishni o‘zi salfetka bilan tozalab keyin ishlatish, pashsha qo‘ngan mahsulotni yemaslik uning odatiga aylangandi.

Toklar jangi: Edison vs Tesla

Teslaning o‘zgaruvchan tok ixtirosi o‘z vaqtida boshqa olimlar tomonidan «keng foydalanish uchun yaroqsiz», «keraksiz dahmaza» deb baholangan.

O‘sha vaqtda o‘zgarmas tokdan foydalanish tarafdori sifatida o‘rtaga chiqqan Tomas Edison Teslaning raqibi edi.

Bu ikki olim ilgari surgan ikki ixtironing farqi quyidagicha:

Edisonning o‘zgarmas toki faqatgina bir yo‘nalishda harakatlanadi, uni uzoq masofalarga (3 km.dan ko‘p) uzatish qiyin. Sim ichida harakatlanayotgan energiyani uzatishda masofa uzaygan sari, qarshilik kuchi ham ortib boradi, qizish natijasida energiya yo‘qotishlari kuzatiladi, bu o‘z navbatida xavfli ham.

Shu bois katta miqdordagi elektrni uzatish uchun yoki sim kengligini eniga oshirish (bu qimmatga tushadi), yoki bosimni kuchaytirishga to‘g‘ri kelardi.

Teslaning o‘zgaruvchan toki esa o‘z yo‘nalishini soniyasiga bir necha o‘n marotaba o‘zgartira oladi, yuqori bosimga chiqqanda ham kichik yo‘qotishlar bilan uzoq masofalarga yetib bora oladi.

Elektrni uzoq masofalarga qanday uzatish – o‘zgaruvchan tok asosidami yoki o‘zgarmas tok asosida, bu bo‘yicha ilmiy bahs tarixga «toklar jangi» nomi bilan muhrlandi.

Tesla va Edison

O‘zgaruvchan tok bu paytda fanga ma'lum bo‘lsa-da, bir fazali bo‘lgani bois undan foydalanish imkonsiz, deb qaralardi. Ammo Tesla o‘zgaruvchan tok ko‘p fazali bo‘lishi mumkinligini isbotladi. Ustiga-ustak, hozirgacha hech kim uddasidan chiqa olmagan ishni qildi – o‘zgaruvchan tok uchun generator va dvigatel yasadi.

Tesla generator ixtirosi uchun patentni 1 mln dollar evaziga Jorj Vestingauzga berdi, Vestingauz generatorni o‘z davrining eng yirik elektrostansiyasi – Niagara sharsharasidagi GES uchun foydalandi.

O‘zgarmas tokni ommalashtirish ortidan kattagina biznes imperiyani qurib olgan Tomas Edison o‘z raqibini obro‘sizlantirish maqsadida omma oldida o‘zgaruvchan tok xavfini ko‘rsatadi – jonivorlarni shu tok orqali o‘ldiradi. Edison o‘zgaruvchan tok orqali odamlarni ham o‘ldirish mumkinligini ma'lum qilgach, mahkumlarni qatl etish uchun qo‘llaniladigan elektr stul ixtiro qilinadi.

Bunga javob sifatida Tesla hatto olimlarni ham hayratga solgan namoyishni o‘tkazadi – o‘zgaruvchan tokni o‘z tanasi orqali o‘tkazib, lampani yoqishga muvaffaq bo‘ladi.

Toklar jangi 100 yildan ortiqroq – har ikki olimning vafotidan so‘ng ham davom etadi. Bu bahs Nyu-York elektr ta'minotida o‘zgarmas tokdan o‘zgaruvchan tokka o‘tgandan keyingina rasman yakun topdi.

Bugun Teslaning ixtirosi sanoat tarmoqlarini, Edisonning ixtirosi esa kichik maishiy xo‘jaliklarni elektr bilan ta'minlash uchun foydalaniladi.

Xavf va joziba kesishgan nuqta: Tesla transformatori

Tesla transformatori (Tesla katushkasi) – olimning eng hayratlanarli, bugungi kunda ham ko‘plab shoularda qo‘llaniladigan ixtirosi.

Yuqori chastotalarda bosim hosil qiluvchi bu transformatorni Tesla yuqori voltli quvvatlar bilan ishlash uchun yaratgan edi.

Tesla katushkasi

Katushka juda xavflidek ko‘rinishi barobarida, jozibasi bilan mahliyo ham etardi – transformatordan elektr toki bir necha metrgacha ochiq holda tarqalar, bu bilan chaqmoqni eslatardi.

Vordenklif minorasi – internetning katta otasi

Tesla zamonaviy gadjetlar va internetning paydo bo‘lishini avvaldan taxmin qilgan edi. «Vordenklif minorasi» yoki «Tesla minorasi» deb nomlanadigan loyiha energiya va axborotlar oqimini yuborish uchun tabiiy chastotalardan foydalanishni nazarda tutardi.

Vordenklif minorasi

Bu – zamonaviy tilda aytganda simsiz aloqa, energiyaning simsiz uzatmasi prototipi edi. Mohiyatan, bu loyiha havo yoki efir oqimlari orqali energiya uzatish va qabul qilish imkonini berishi kerak edi.

Teslaning o‘zi bu loyihani quyidagicha izohlaydi:

«Bu loyiha amalga oshsa, Nyu-Yorkda turgan biznesmen bergan buyruqlar uning Londondagi yoki dunyoning istalgan nuqtasidagi ofisida bir zumda paydo bo‘ladi. U o‘z ish joyida turib xuddi shu uskuna orqali sayyoradagi istalgan abonentga qo‘ng‘iroq qila oladi. Qo‘l soatidek hajmdagi uskuna o‘z egasiga suvda ham, quruqlikda ham musiqa tinglash, masofalardan turib siyosatchilar, olimlarning nutqlarini eshitish imkonini beradi. Istalgan surat, ramz, matn ham xuddi shu tarzda bir nuqtadan ikkinchi nuqtaga uzatiladi. Millionlab bunday uskunalar yagona stansiya orqali boshqariladi».

Sinoatli «Filadelfiya tajribasi»

Tesla nomi bilan bog‘liq eng sinoatli voqeliklardan biri «Filadelfiya tajribasi» bo‘lib, u fantastik kino va adabiyotlarda ham muhrlangan. Mish-mishlarga ko‘ra, Tesla harbiylar bilan hamkorlik qilgan, hamkorlikdagi loyihalardan biri teleportatsiya (vaqt va makon kesimida harakatlanish) va kemalarni radarlardan himoyalash texnologiyasi bo‘lgan. Biroq bu loyihalar yakuniga yetmagan – olim yurak yetishmovchiligidan vafot etadi.

Filadelfiya tajribasida ishtirok etgan «Eldrij» kemasi

Ammo uning vafotidan keyin ham harbiylar olimning ishlanmalariga tayangan holda loyihani davom ettirishadi. Go‘yoki «Eldrij» nomli kemaning atrofida tajriba sifatida hosil qilingan elektromagnit maydoni uni nafaqat radarlar uchun, balki inson ko‘zi uchun ham ko‘rinmas qilib qo‘yadi – kema mutlaqo yo‘qolib qoladi. Hatto kemani ekipaji bilan birga tajriba o‘tkazilgan joydan 200 km nariroqda ko‘rishgani ham aytiladi. Ekipaj a'zolari shu voqeadan so‘ng zamon va makon borasida mo‘ljalni yo‘qotib qo‘yishadi. «Filadelfiya tajribasi» chindan ham shunday yakun topgan-topmagani tasdiqlanmagan.

Vaqt mashinasidan teleportatsiyagacha

Olim avtomobil uchun elektrodvigatel ustida ham ishlagan. 1931 yilda o‘zgaruvchan tok asosida harakatlanuvchi mashinani namoyish qiladi – bu mashina 150 km/soat tezlikkacha chiqa olishi, quvvatlantirmasdan turib bir haftagacha harakatlanishi mumkin edi. Bu ixtiro zamona odamlari tomonidan mazax va kulgi bilan qabul qilinadi, dvigatel chizmalari saqlab qolinmaydi.

Tesla o‘limidan bir muddat avval 10 ming dona samolyotni qirish kuchiga ega energiyani o‘zida jamlovchi «o‘lim nuri»ni yaratganini aytgan.

U vaqt mashinasi, fikrlarni muhrlovchi fotoapparat, teleportatsiya uskunasi kabilar ustida ishlagani ham aytiladi.

Tesla ixtirolarining sinoati hozirgacha olimlarni hayratga solib keladi.

«Hali turmushimizning eng buyuk sirlarini yechishimiz kerak. Hatto o‘lim ham intiho bo‘lmasligi mumkin». (Nikola Tesla)

Mavzuga oid