DXX Chegara qo‘shinlari chegaraoldi hududda kovrak o‘simligini yig‘ish bilan bog‘liq masalaga oydinlik kiritdi
O‘zbekiston Respublikasi yuridik va jismoniy shaxslarning so‘nggi yillarda Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlariga chegaraoldi yer maydonlarida (chegaraoldi zonasi, chegaraoldi mintaqasi) mahalliy tilda sassiq kovrak deb yuritiladigan o‘simlik – “Ferula tadshikorum” (tojik kovragi)ni yig‘ish bilan bog‘liq murojaatlari ko‘payib bormoqda.
Murojaat mualliflariga tegishliligi yuzasidan o‘rganib chiqilib, javob xatlari taqdim qilinishiga qaramasdan, ular tomonidan mavjud qonun hujjatlari talablarini to‘liq bilmaganliklari uchun, joylarda mahalliy aholi orasida mazkur holat yuzasidan tushunmovchiliklar kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda.
DXX Chegara qo‘shinlari matbuot markazining ma'lum qilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 20 oktyabrdagi 290-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘simlik dunyosi obektlaridan foydalanish va o‘simlik dunyosi obektlaridan foydalanish sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 11-bandida, o‘simlik dunyosi obektlaridan maxsus foydalanish tasdiqlangan kvotalar doirasida amalga oshirilishi, ya'ni dorivor va oziq-ovqatbop o‘simliklarning yovvoyi turlarini va yovvoyi o‘simliklar texnik xom-ashyosini g‘amlashga kvotalar har yili Fanlar akademiyasi bilan kelishilgan holda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanishi belgilangan.
Shuningdek, mazkur bandda, kelgusi yil uchun dorivor va oziq-ovqatbop o‘simliklarning yovvoyi turlarini va yovvoyi o‘simliklar texnik xom-ashyosini g‘amlashga kvotalar tabiatdan foydalanuvchilar tomonidan joriy yilning
1 dekabridan 30 dekabriga qadar bo‘lgan davrda bergan buyurtmanomalari asosida shakllantirilib, Fanlar akademiyasiga kelishish uchun yuboriladi. Tabiatdan foydalanuvchilarning buyurtmanomalariga asosan 1 apreldan 30 mayga qadar ushbu o‘simlik turlari zaxiralarining mavjudligi to‘g‘risidagi Fanlar akademiyasining ijobiy xulosasiga asosan, ularni g‘amlash (to‘plash) uchun qo‘shimcha kvotalar ajratilishi mumkin.
Prezidentning 2020 yil 10 apreldagi PQ-4670-son “Yovvoyi holda o‘suvchi dorivor o‘simliklarni muhofaza qilish, madaniy holda yetishtirish, qayta ishlash va mavjud resurslardan oqilona foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining 14-bandiga muvofiq, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Fanlar akademiyasi bilan birgalikda yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan yovvoyi holda o‘suvchi dorivor o‘simliklar muhofazasini kuchaytirish, ularni tabiiy plantatsiyalarini barpo etish yo‘li bilan tiklash choralarini ko‘rish bo‘yicha tegishli taklifni Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi belgilangan.
Fanlar akademiyasi tomonidan Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari hududlarida o‘suvchi, mahalliy tilda sassiq kovrak deb yuritiladigan o‘simlik – “Ferula tadshikorum” (tojik kovragi) so‘nggi yillarda yo‘qolib ketish xavfi vujudga kelganligi sababli, 2019 yilda “Qizil kitob”ga kiritilgan.
“O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi to‘g‘risida”gi qonunning 19-moddasiga ko‘ra, chegara oldi zonasi - Davlat chegarasiga tutash hududning bir qismi bo‘lib, uning doirasida chegara oldi rejimi joriy etiladi.
Chegara oldi mintaqasi - chegara oldi zonasining Davlat chegarasi chizig‘iga bevosita tutash qismidir.
Shuningdek, qonunning 20-moddasiga ko‘ra, shaxslarning chegaraoldi zonasiga kirishi, undan chiqishi (o‘tishi), u yerda bo‘lishi (yashashi), agar qonun hujjatlarida boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, ichki ishlar organlarining ruxsatnomasi asosida, chegaraoldi mintaqasiga kirish va undan chiqish (o‘tish), u yerda vaqtincha bo‘lish (yashash), harakatlanish va ishlar bajarish chegara qo‘shinlarining ruxsatnomasi asosida amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 5 iyuldagi 504-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi hududida chegara rejimi to‘g‘risida”gi Nizomning 4-bobiga ko‘ra, chegara zonasiga kirish (o‘tish), bu yerda bo‘lish (yashash), harakatlanish va ishlarni amalga oshirish bo‘yicha ichki ishlar idoralari tomonidan maxsus kartochka rasmiylashtirilib beriladi.
Shuningdek, Nizomning 44-bandiga muvofiq, yuridik va jismoniy shaxslar chegaraoldi mintaqasiga kirishga (bo‘lish, ishlarni amalga oshirish) ruxsatnoma olish uchun ushbu shaxslar to‘g‘risidagi ma'lumotlar (familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi va joyi, ish joyi, mutaxassisligi, egallab turgan lavozimi, yashash joyi, shaxsini tasdiqlovchi hujjatining seriyasi va raqami, ishlar amalga oshiriladigan joy, ularning vaqti va xususiyati) aks ettirilgan hamda pasportlarining nusxalari ilova qilingan ro‘yxatlar uch nusxada ariza-xatiga ilova qilinib, ishlar (faoliyat) boshlanishidan 30 sutka avval kechiktirmasdan Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlarining bo‘linmalariga taqdim etiladi.
Mazkur Nizomning 45-bandiga ko‘ra, ariza-xatini yo‘llagan yuridik va jismoniy shaxslarga chegaraoldi mintaqasida bo‘lish uchun ruxsatnomalarni berish quyidagi asoslar bo‘yicha rad etilishi mumkin:
ariza-xatida axborot to‘liq ko‘rsatilmagani yoki ataylab yolg‘on ma'lumotlar ma'lum qilingani;
qayd etilgan bo‘lish hududida (joyida) harbiy va boshqa harakatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari tomonidan amalga oshirilishi;
qayd etilgan bo‘lish hududida (joyida) texnogen va tabiiy tusdagi favqulodda vaziyat e'lon qilinishi;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati tegishli hududiy organlarining rad etishi.
46-bandga muvofiq, chegaraoldi mintaqasiga kirish (bo‘lish, ishlarni amalga oshirish) rad etilgan sabablar xat yo‘llagan yuridik va jismoniy shaxslarga ma'lum qilinmaydi.
Yuqoridagi huquqiy-me'yoriy hujjatlarga tayangan holda hamda chegara oldi yerlarda ishlarni amalga oshirish tartibi o‘rnatilganligini inobatga olib, yuridik va jismoniy shaxslar chegaraoldi hududida kovrak o‘simligini yig‘ish bilan bog‘liq masalada, Fanlar akademiyasining xulosasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangan kvotalarni ariza-xatiga taqdim etgan holda DXX Chegara qo‘shinlari bo‘linmalariga Davlat chegarasi chizig‘i yaqinida ishlarni amalga oshirish maqsadida tegishli ruxsatnoma olish uchun murojaat qilishlari muhimligi ma'lum qilindi.
Mavzuga oid
16:18 / 10.12.2024
Suriyadagi urushda qatnashib, vaziyatni yoritayotgan o‘zbekistonlik shaxs qidiruvda ekani ma’lum qilindi
12:38 / 25.11.2024
Bosh vazir yordamchisi va uning DXX Ichki xavfsizlik boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan akasi ishdan olindi
15:44 / 24.11.2024
Abdusalom Azizov DXX raisligidan haydalgani tasdiqlandi
19:25 / 23.11.2024