O‘zbekiston | 23:13 / 25.06.2020
14946
2 daqiqa o‘qiladi

Abituriyentlarning apellyatsiya berishi tartibi ma'lum qilindi

Test sinovlari natijasidan norozi abituriyentlar Davlat komissiyasi belgilagan muddatda Davlat test markazida tashkil etiladigan apellyatsiya komissiyasiga yozma yoki elektron shaklda apellyatsiya shikoyatini berish huquqiga ega.

Abituriyentga murojaati asosida apellyatsiya shikoyatini ko‘rib chiqish bo‘yicha xabarnoma beriladi.

Bu haqda 25 iyun kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda Davlat test markazi mas'ul xodimi Diyorbek Qo‘chqorov ma'lumot berdi.

DTM vakilining so‘zlariga ko‘ra, abituriyent apellyatsiyaga xabarnomada belgilangan kunda pasporti va abituriyent ruxsatnomasi bilan kelishi talab etiladi.

Apellyatsiya jarayonida abituriyentga u tomonidan bajarilgan test materiallari taqdim etiladi. Taqdim etilgan materiallar asosida abituriyent o‘zining har bir noto‘g‘ri deb hisoblangan test topshirig‘iga javoblarini yozma ravishda bayon qiladi.

Apellyatsiya shikoyati apellyatsiya komissiyasi tomonidan faqat abituriyent ishtirokida uning yozma javoblari asosida ko‘rib chiqiladi. Abituriyentning yozma javoblari o‘z tasdig‘ini topmagan bo‘lsa, apellyatsiya komissiyasi test sinovlari natijalarini o‘zgarishsiz qoldirish va apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Qo‘shimcha qilinishicha, har yili abituriyentlardan apellyatsiya shikoyatlarini qabul qilish 20 avgustdan boshlangan. Joriy yil esa pandemiya sharoiti tufayli kirish imtihonlari o‘tkazilish muddati oldingiga qaraganda cho‘ziladi. Apellyatsiya uchun arizalar joriy yil ham test sinovlari to‘liq yakunlangandan so‘ng 10 kun muddatda qabul qilinadi.

Qo‘shimcha ma'lumotlar esa DTM tomonidan ma'lum qilib boriladi.

Mavzuga oid