O‘zbekiston | 22:50 / 25.06.2020
10663
2 daqiqa o‘qiladi

Hamshira ish o‘rni 300 dollar: Boyovutda Bandlikka ko‘maklashish markazining ikki xodimi qo‘lga olindi

Davlat tomonidan ishga joylashtirish uchun mas'ul bo‘lgan tashkilotning Boyovut tumanidagi idorasi xodimlari o‘zlarining qonun bilan belgilangan majburiyatlarini bajarish uchun fuqarolardan pora olgan.

Davlat xavfsizlik xizmatidan Kun.uz'ga ma'lum qilishlaricha, xizmatning Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi tomonidan Xovos tumanida yashovchi fuqaro A.L.ning arizasiga binoan 24 iyun kuni tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Jarayonda Boyovut tumani Bandlikka ko‘maklashish markazi Mehnat huquqi inspektori yordamchisi J.S. Boyovut tumani tibbiyot birlashmasiga hamshiralik lavozimiga ishga kiritib qo‘yish evaziga 300 AQSh dollari miqdorida pora olayotgan vaqtga qo‘lga olingan.

Bundan tashqari, J.S. Boyovut tumanida yashovchi yana bir fuqaro I.M.dan Boyovut tumani Tibbiyot birlashmasiga hamshiralik lavozimiga ishga kiritish uchun hamkasbi – Boyovut tumani Bandlikka ko‘maklashish markazi Jamoat ishlari mutaxassisi yordamchisi A.P.ning imkoniyatlari orqali avval ham 300 AQSh dollari miqdorida pora olganlik holati aniqlangan.

Olib borilgan tadbir davomida J.S. shu yilning 18 iyun kuni Boyovut tumanida yashovchi yana bir fuqaro X.L.dan Boyovut tumani Tibbiyot birlashmasiga farroshlikka ishga joylashtirishga amaliy yordam berish uchun 2,4 mln. so‘m miqdorida pul olgani aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirilgan.

Hozirda Sirdaryo viloyati IIB tomonidan J.S. va A.P.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan («Firibgarlik») jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid