Jamiyat | 10:17 / 28.06.2020
19925
3 daqiqa o‘qiladi

«Asaka» bank xodimlaridan birida koronavirus aniqlanishi bilan bog‘liq xabarlar yuzasidan rasmiy munosabat

Ijtimoiy tarmoqlarda «Asaka» bank bosh ofisida ishlovchi xodimlarning birida koronavirus aniqlanganiga qaramay, hech bir xodim karantinga olinmagani haqida tarqatilayotgan xabarlarga nisbatan bank Axborot xizmati izoh berdi.

«Asaka» bank pandemiya e'lon qilingan kundan boshlab, Maxsus komissiyaning qarorlari, karantin qoidalariga qat'iy rioya qilmoqda. Bank rahbariyati tomonidan xodimlarning ixtiyoriy ishlashi tizimli tashkil etilgan bo‘lib, ularning o‘z istaklariga qarab, 20 foizidan ziyodi masofadan turib ishlashga, 12 foizi navbatdagi yoki navbatdan tashqari mehnat ta'tillarida va 30 foizga yaqini ish xaqi saqlanmagan holda ta'tillarga chiqarilgan. Mijozlar uchun onlayn xizmat ko‘rsatish kuchaytirildi. Bosh ofis va bankimiz filiallariga kelish uchun zarur ehtiyoji tug‘ilgan mijozlarga himoya kiyimlari kiygan va masofani saqlagan holda xizmat ko‘rsatilmoqda. Bosh ofis va filiallarimiz binolariga kiraverishda maxsus dezinfeksiya tonneli o‘rnatilgan. Binoga kirishdan avval xodimlar va mijozlarning harorati o‘lchanadi. Shuningdek, kun davomida tibbiyot xodimlari ularning sog‘lig‘idan xabardor bo‘lib, tana haroratini tekshiryapti. Xodimlarga tibbiyot niqoblari, qo‘lqoplar muntazam yetkazib berilmoqda. Bank binosining ichki va tashqi xududlari muntazam ravishda (haftada uch marta), dezinfeksiya qilinadi.

Bank zarur tadbirlarni, yig‘ilishlarni faqat onlayn o‘tkazmoqda. Xususan, 26 iyunga belgilangan aksiyadorlar yig‘ilishi ham masofadan turib, onlayn tarzda tashkil etildi.

Ma'lumki, joriy yilning 24 iyun kuni «Asaka» bankining navbatchi haydovchisida koronavirus infeksiyasi borligi aniqlangan. COVID-19'ga topshirgan xodimning tahlili ijobiy chiqqani haqida bankka xabar yetkazilishi bilanoq, bankda ehtiyot choralari kuchaytirilgan. Birinchi navbatda sanitariya va epidemiologik stansiyaga xabar berilib, ular tomonidan xodim ishlagan joy karantinga yopilgan va darhol dezinfeksiya qilingan hamda xodimlarning barchasi koronavirus bor-yo‘qligini aniqlovchi testdan o‘tkazilishi tashkillashtirildi.

Hozirda virus aniqlangan xodim shifokorlar nazoratida, u bilan yaqin aloqada bo‘lganlar karantinga olindi.

Yana bir bor eslatib o‘tamiz, «Asaka» bank rahbariyati tomonidan pandemiya munosabati bilan bankning barcha xodimlariga masofadan turib ishlashga, navbatdagi yoki navbatdan tashqari mehnat ta'tillariga, hamda ish haqi saqlanmagan holda ta'tilga chiqish bo‘yicha barcha sharoitlar yaratilgan!

«Asaka» bank karantin qoidalariga qat'iy rioya qilmoqda!

«Asaka» bank Axborot xizmati

Mavzuga oid