O‘zbekiston | 22:24 / 30.06.2020
11832
3 daqiqa o‘qiladi

«Mulkiy huquqlarni bekor qilish faqat sud tartibida hal etilishi zarur». Prezident yerga bo‘lgan huquqlar kafolati kuchaytirilishi haqida gapirdi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 30 iyun kuni odil sudlovni ta'minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda xususiy mulk qonun va sudning kafolatli himoyasida bo‘lishi zarurligi ta'kidlangan.

Ma'lum qilinishicha, so‘nggi bir yarim yil ichida sudlar tomonidan hokimlarning yer ajratish, bino-inshootlarni buzish va xususiylashtirishga oid 1 ming 730ta qarori bekor qilingan.

Sud orqali yer munosabatlari bilan bog‘liq mingta, uy-joy buzilishiga doir 51ta, xususiylashtirishga oid 62ta holatda fuqarolar va tadbirkorlarning huquqlari tiklangan.

Xususiylashtirish natijalarini qayta ko‘rib chiqishni bekor qilish, umuman, davlat idoralarining bunday tashabbus bilan chiqishiga yo‘l qo‘ymaslik va bu qonunda mustahkamlanishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

«Yerga bo‘lgan huquqlar kafolati kuchaytirilib, mulkiy huquqlarni bekor qilish faqat sud tartibida hal etilishini qat'iy belgilash zarur», dedi prezident.

Viloyat, tuman (shahar) hokimlari, barcha sektor rahbarlari o‘z hududlarida ushbu talablarga qat'iy amal qilinishini ta'minlashi shartligi qayd etildi.

«Bir narsani bilinglar – sarmoya kiritayotgan investor birinchi navbatda o‘z huquqlari sud orqali kafolatli himoya qilinishiga e'tibor beradi. Hamma rahbarlar qulog‘iga quyib olsin: sud faoliyatiga aralashishga hech kimning haqqi yo‘q», – deya ta'kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Sudyaning faoliyatiga to‘sqinlik qilgani va adolatsiz qaror chiqarishga majburlagani uchun javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqiladi.

«Sud faoliyatida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish bugungi davr talabidir. Joriy yil yakuniga qadar Oliy sudda yagona «Adolat» axborot tizimlari kompleksini ishga tushirish vazifasi yuklatildi.

Bunda barcha uchun sudlarga elektron murojaat qilish, murojaatlar holatini onlayn tarzda kuzatish, taraflarga ma'lumotlarni elektron shaklda yuborish imkoniyati yaratiladi.

Sudlar joriy yilda videokonferensiya aloqa tizimi bilan 100 foiz qamrab olinishi lozimligi ta'kidlandi», deyilgan prezident matbuot xizmati xabarida.

Mavzuga oid