«Qizimni o‘z uyimdan uzatsam deyman» – Vatanda vatansiz yashayotgan musofir ayol hikoyasi
Bugun ko‘pchiligimiz tong otganda o‘z uyimizda uyg‘onamiz. Bu biz uchun shunchalik odatiy holki, o‘z uyimizda yashayotganimiz uchun shukr qilish xayolimizga ham kelmaydi. Ammo siz-u biz bilan bir havoda nafas olayotgan odamlar orasida qanchadan-qanda uysizlar, o‘z vatanida vatansizlar bor...
Kun.uz'da hayot qiyinchiliklarini ko‘rgan bir necha ayollarning hikoyasini o‘qigan bo‘lsangiz kerak. Ha, ayollar erkaklarga qaraganda sabrliroq bo‘lishadi, har narsani ham tashqariga chiqaravermay, ichga yutishadi. Umid qilamiz, bunday insonlarning hikoyasi insonlarni shukr qilishga, atrofdagilarga yordam berishga undaydi. Biz faqat xabarimiz bo‘lgan murakkab taqdirlarnigina hikoya qilib, sizga ilinyapmiz. Aslida oramizda ularning soni shunchalik ko‘pki...
Bu galgi hikoyamiz qahramoni biri 15, biri 13 yoshli bolalarning onasi. Qo‘chqorova Gulnoza Xorazm viloyatining Gurlan tumanidan. Bugun taqdir taqazosi bilan Samarqand viloyatining Urgut tumanida yashayapti. Musofirlikda ulg‘ayib qolgan ikki farzandini boqish va ularga yaxshi kelajak berish uchun harakat qilmoqda. Musofir onaning hikoyasiga quloq tutsak.
«Urgut ikkinchi vatanim bo‘ladi deb o‘ylamagandim»
«Avvalo Urgut haqida gapiradigan bo‘lsam, bu yer menga begona emas. Bolaligimda onam Urgutga guruch sotgani kelar va men maktabdan ta'til berilgan paytlar unga qo‘shilib tez-tez kelib turardim. O‘shanda qachonlardir Urgutni ikkinchi vatan tutishim haqida o‘ylab ham ko‘rmaganman.
Otam yoshligimda vafot etib onam uch qiz bilan yolg‘iz qolgan. Keyinroq onam yana turmush qurdi. Maktabni bitirishim bilan onam meni uzatib yubordi. O‘shanda yosh, hayotning achchiq-chuchugini tatib ko‘rmagan paytlarim edi. Oldinma-ketin ikki farzandim tug‘ildi. Bu orada erim bilan Urgutga guruch olib kelib sota boshladik. U vaqt qaynota-qaynonam bilan birga turardik».
«Uyimizga o‘t tushdi...»
«Urgutda guruch sotar ekanmiz moddiy ahvolimiz yaxshilanib bordi. Bu orada erim ichib, yomon yo‘llarga yura boshladi va oiladan baraka ko‘tarildi. 2012 yil dekabrning oxirida er-xotin bozorda ekanimizda ijarada yashayotgan uyimizda yong‘in chiqadi. O‘shanda farzandlarimni o‘ylab bozordan ijara uyga qanday yetib borganimni bilmayman. Borsak o‘t o‘chiruvchilar bolalarimni sog‘-omon olov ichidan qutqarib chiqishgan ekan. Yong‘inni ham o‘chirishdi.
Shundan so‘ng uy egasi bo‘lgan ijarachi zararni to‘laymiz deganimizga qaramay, bizni sudga berdi. Uning arizasiga garchi uyiga zarar yetmagan bo‘lsa ham bir-ikki qo‘shnilar ham qo‘shilgan. Biz boshqa ijara uyga ko‘chib o‘tdik. Yong‘in sodir bo‘lganidan bir hafta o‘tib, 2013 yilning yanvar oyida erim «Onamning mazasi qochibdi, borib xabar olib, tezda qaytib kelaman», deb Urgutda ijarada yashayotgan uyimizdan chiqib ketgunicha qaytib kelmadi. Urgutda ikki bolam bilan yolg‘iz qolib ketdim.
Bu orada yong‘in ishi sudda ko‘rildi, uy egasi va uning qo‘shnilariga o‘sha paytda juda katta summa to‘lashimiz kerakligi haqida ajrim chiqdi. Yonimda erim yo‘q, qo‘limda pulim ham qolmagandi. Guruch bozordagi tanishlarim jonimga oro kirib, qarz berib turishdi.
«Fikr-u xayolim qarzni to‘lashda edi»
«Nihoyat oradan bir yil o‘tib erimdan darak chiqdi: ishlash uchun Rossiyaga ketgan ekan. U menga qo‘ng‘iroq qilib, Sankt-Peterburg shahriga borishimni, u ham o‘zi ishlayotgan shahardan o‘sha shaharga o‘tishini, birga ishlab qarzlarni uzishimizni aytdi. Men unga ishonib bolalarimni Xorazmga olib borib qaynonam va ovsinimning qo‘liga topshirdim-da, Peterburgga jo‘nadim. Ammo erim u yerga bormadi. Shundan so‘ng o‘zim o‘sha yerda ishlab, topgan pulimni qarz bo‘lgan odamlarimga jo‘nata boshladim. Ikki yildan ko‘proq dam olish kunlarisiz, ikki smenada duch kelgan ishni qildim. Uyim yonganda menga ishonib qarz bergan insonlarning ishonchini suiiste'mol qilishni xohlamasdim. Shu uchun fikr-u xayolim qarzlardan tezroq qutulishda edi».
«Bir kuni qo‘ng‘iroq bo‘ldi...»
«Bir kuni qizimning o‘qituvchisi qo‘ng‘iroq qilib qoldi. U tezda Xorazmga qaytib, qizimga qarashimni, aks holda uni va o‘g‘limni bolalar uyiga topshirib yuborishini aytdi. O‘qituvchining aytishicha, qizim ozib ketgan, sog‘lig‘i yaxshi emas va bu ahvolda nogiron bo‘lib qolishi mumkin ekan. Ovsinimga qo‘ng‘iroq qilib, qizimni kasalxonaga olib borishini iltimos qildim. Ovsinim esa bu ishni qila olmasligini aytdi.
Menga qarz bergan odamlarga qo‘ng‘iroq qilib, yana qancha qarzim qolganini so‘radim. Ular qarzni to‘lab bo‘lganimni aytishdi. Menimcha, ular qolgan qarzimni kechib yuborishgandi. Yo‘lkira uchun yana bir oy ishladim-da, Xorazmga uchdim. Samolyotdan tushib maktabga bordim va bolalarimni olib to‘g‘ri Urgutga keldim. Erimni esa umuman ko‘rmadim. Keyin bilsam, u boshqa ayolga uylanib olgan ekan. Oradan biroz o‘tib u sudga ariza berdi va shu tariqa ajrashdik. Men Xorazmga qaytib bormadim va Urgutda yashab qolib ketdim. Qizimning buyragi shamollab ketgan, gepatit bo‘lgan ekan, uch yil davomida muttasil davolatdim. Bir tarafdan tirikchilik, ikkinchi tarafdan qizimni davolash uchun pul topishim kerak edi, ayol boshim bilan juda qiynaldim».
«Onamni sudga bermayman-ku»
«Karantin boshlanguncha Urgutdagi mayiz bozorda haftada ikki kun choy, qahva, turli yeguliklar sotib, kunimizni ko‘rayotgandik. Bundan tashqari, erim har oy 305 ming so‘m aliment to‘laydi. Karantin boshlangandan keyin bozor yopildi va uyda o‘tirib qoldim. Sharoitimiz og‘irlasha boshlagach, hokimiyatga yordam so‘rab bordim. Baraka topishsin, uch marta oziq-ovqat masalasida yordam berishdi.
Uch yildan beri yashayotganimiz bu joy urgutlik yaxshi odamlardan biriniki. Bu aslida noturarjoy hisoblanadi, ammo ikki farzandim bilan amallab yashayapmiz. Og‘ir ahvolda qiynalib yashayotganimni ko‘rgan ba'zilar ota hovlimga qaytib borib uning yarmiga egalik qilishim kerakligi maslahat ham berishdi. Ammo ota hovlimiz ham uncha katta emas. Qolaversa, yer uchun onamni sudga beradigan darajada vijdonsiz emasman».
«Qizimni o‘z uyimdan uzatsam deyman»
«Qizim 15, o‘g‘lim 13 yoshda. Ikkalasi ham maktabda yaxshi o‘qiydi. Qizim iqtidorli, maktabdan keyin ingliz tilidan qo‘shimcha dars oladi. Yeyish-ichishimizda yetishmovchilik bo‘lganda ham qizimning qo‘shimcha darsga borishi uchun amallab pul topib beraman. Qizimni prezident maktabida o‘qitsam deyman, u ingliz tilini yaxshi o‘zlashtiryapti.
Bugun yashayotgan joyimizning egasi bizga qancha muddat bo‘lsa ham yashayveringlar degan, ammo bu yer noturarjoyligi uchun baribir bir kun chiqib ketishimizga to‘g‘ri keladi. Qizim 15 yoshda, hademay balog‘atga yetadi. Uni o‘z uyimizdan uzatsam deyman... Uy-joy masalasida Urgut tuman hokimiyatiga bir necha bor murojat qildim, ammo propiskam hamon Xorazmda. Urgutda hatto vaqtinchalik ro‘yxatdan ham o‘tmay yashab kelayapmiz. Shu uchun hokimiyatdagilar menga yordam berish masalasida chorasiz qolishyapti.
O‘zimga qolsa, hoziroq Xorazmdan chiqib kelib, Urgutda ro‘yxatdan o‘taman, ammo meni va bolalarimni kim ham o‘z uyiga ro‘yxatga qo‘yadi? Agar uy-joy muammosi hal bo‘lsa o‘sha zahoti Xorazmdan chiqib kelaman va Urgutda doimiy ro‘yxatdan o‘taman. Karantindan avval ichki ishlar xodimlari ro‘yxatdan o‘tmay yashayotganim uchun meni jarima qilmoqchi ham bo‘lishdi. Ularga vaziyatni tushuntirgan edim, hartugul holatimni tushunib, jarima qilishmadi».
«Urgut vatanimga aylandi»
«Men endi Xorazmga qaytmasam kerak. Farzandlarim shu yerda maktabga chiqishdi, shu yerning sharoitiga o‘rganishdi, shu yerda do‘st orttirishdi. Hozir yashab turgan joyimni bir kishi shundoq berib qo‘ygan. Qolaversa yonimizdagi mayiz bozori va guruch bozori rahbarlari tez-tez yordam berib turishadi. O‘tgan yil yozgi ta'tilda onamning oldida bir muddat yashadik. U joylar men uchun begonaga aylanib bo‘libdi, o‘zimni mehmonday his qildim. Urgut mening vatanimga aylanib qoldi, shu uchun kelajakda ham shu yerda yashasam deyman, bolalarim ham. Qaniydi Urgutda kichikkina uyimiz bo‘lsa...».
Hikoyamiz qahramoni yashaydigan joyni ko‘rish uchun borganimizda, kichik bir xonada uch kishi noqulay sharoitda yashayotganiga guvoh bo‘ldik. Ayolning qizi ingliz tilida burro gapirayotganini ko‘rib, ofarin dedik. O‘g‘li ham sog‘lom, aqlli yigit. Ona bugun juda ko‘pchilik uchun oddiy bo‘lgan narsalarni xohlaydi: farzandlarini yaxshi o‘qitish, qizini o‘z uyidan turmushga berishni orzu qiladi. Ammo taqdir uni o‘z vatanida vatansiz yashashdek sinov bilan sinagan. Umid qilamiz, sahovatli insonlarning yordami bilan oramizdagi bir orzumand inson o‘zining juda oddiy orzusiga yetishadi...
Qo‘chqorova Gulnozaning plastik karta raqami: 8600 0423 9405 7383
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi
Mavzuga oid
11:08 / 24.12.2024
Xorazmda yangi quyosh elektr stansiyasi ishga tushiriladi
07:49 / 16.12.2024
6 kgdan ortiq giyohvandlik vositalarini saqlayotgan shaxslar aniqlandi
21:47 / 02.12.2024
AQSh Xorazmdagi pedofil amaldorlarga sanksiya kiritdi
10:41 / 30.11.2024