O‘zbekiston | 21:46 / 03.07.2020
194084
5 daqiqa o‘qiladi

Qabul-2020: Magistraturaga qabul va kirish imtihonlari haqida batafsil

2020/21 o‘quv yili uchun magistratura bosqichiga hujjatlar qabuli 1 iyuldan boshlandi. Kun.uz ushbu jarayon va kirish imtihonlarining o‘tkazilish tartibiga oid batafsil ma'lumotlarni keltirib o‘tadi.

Foto: KUN.UZ

Hujjat topshirish tartibi

Magistratura uchun hujjatlar 1 iyuldan 30 iyulgacha (30 iyul kuni ham) topshirilishi mumkin.

Hujjatlar magistr.edu.uz sayti orqali onlayn tarzda topshiriladi. OTMlarda hujjatlar qabul qilinmaydi.

Qabulni rasmiylashtirish uchun kerak bo‘ladigan hujjatlar:

– pasport (bunda pasportning skaner yoki rasm varianti talab etilmaydi, kerakli o‘rinlarga JShShIR raqami, pasport seriyasi va raqamini kiritish kerak xolos);

– bakalavr darajasini beruvchi diplom va baholar qayd etilgan ilovaning skaner varianti;

– chet tilini bilish sertifikati, olimpiadalar g‘olibligi, prezident yoki nomli stipendiya sohibi ekanligi va h.k.larni tasdiqlovchi hujjatlar (agar mavjud bo‘lsa).

Abituriyentdan shundan boshqa qo‘shimcha hujjatlar (fotosurat, maqolalar nusxasi, tibbiy ma'lumotnoma kabi) talab etilmaydi.

Saytga hujjatlarni yuklash tartibi bo‘yicha quyidagi videoyo‘riqnomada batafsil tanishish mumkin:

Qabul kvotalari

Joriy o‘quv yilida ta'limning magistratura bosqichiga respublika bo‘yicha jami 10 425 nafar talaba qabul qilinishi belgilangan.

Shundan 5475 nafari grant, 4950 nafari to‘lov-kontrakt asosida tahsil oladi.

Kvotalarning yo‘nalishlar bo‘yicha taqsimoti bilan quyidagi faylda tanishish mumkin:

Magistratura kvotalari: mutaxassisliklar va tillar kesimidagi taqsimot (.pdf)

Yo‘nalishlar tanlovi

2019 yil 17 iyundagi prezident qarori bilan bakalavrlarning magistratura yo‘nalishlarini tanlashlari uchun cheklovlar bekor qilingan. Ya'ni talaba bakalavrni qaysi yo‘nalishda o‘qiganidan qat'i nazar o‘zi istagan magistratura yo‘nalishini tanlay oladi. Faqatgina bir necha istisnolar mavjud.

Ayrim magistratura yo‘nalishlariga faqatgina turdosh yo‘nalishlarni bitirgan bakalavrlar hujjat topshira oladi. 2020/21 o‘quv yili uchun magistraturaga qabul bo‘yicha turdosh oliy ta'lim yo‘nalishlarining ro‘yxati tasdiqlangan:

Ro‘yxatda ko‘rsatilgan magistratura yo‘nalishlariga faqat belgilangan sohani bitirgan bakalavrlar topshira oladi. Ammo ro‘yxatdagi yo‘nalishlar bo‘yicha bakalavrlarning magistratura tanlovida cheklov mavjud emas.

Misol uchun, musiqa ta'limi bo‘yicha magistraturaga topshirish uchun ro‘yxatda ko‘rsatilganidek musiqa ta'limi, bastakorlik san'ati, vokal san'ati, cholg‘u ijrochiligi, xalq ijodiyoti bakalavriatlaridan birida o‘qigan bo‘lishi kerak. Ammo shu yo‘nalishlarni bitirgan bakalavrlar magistraturaga istasa musiqa ta'limiga yoki istalgan boshqa sohaga (istisnodan tashqari) topshira oladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi OTMlar magistratura mutaxassisliklari va ularga muvofiq keluvchi bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari ro‘yxati:

Shuningdek, «Chaqiriqqacha harbiy ta'lim», «Xoreografiya (turlari bo‘yicha)», «Dirijyorlik (turlari bo‘yicha)», «Rejissyorlik (turlari bo‘yicha)», «Aktyorlik san'ati (turlari bo‘yicha)», «Veterinariya» ta'lim yo‘nalishlari magistraturasiga ham mos yo‘nalishni bitirgan bakalavrlargina topshira oladi.

Yana bir jihat. Magistratura mutaxassisligiga mos bakalavriat ta'lim yo‘nalishlarini bitirgan bakalavrlardan tashqari, boshqa bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari bitiruvchilari davlat grantlari asosida belgilangan maqsadli qabul parametrlari mavjud magistratura mutaxassisliklarida tanlovda qatnasha olishmaydi.

Imtihon jarayoni

Magistratura bosqichiga kirish imtihonlari 3 avgustdan 15 avgustgacha bo‘lib o‘tadi.

Imtihonlar pandemiya sharoiti tufayli test shaklida, onlayn rejimda o‘tkaziladi.

Magistraturaga kirish sinovlari tarkibiga (xususan, mutaxassislik fanlari bo‘yicha kirish sinovlari tarkibiga) tegishli mutaxassisliklar sohalarida talabgorlarni ilmiy-pedagogik layoqati (yoki ilm olish qobiliyati)ni aniqlash bo‘yicha test savollari ham kiritiladi.

Magistraturaga kirish imtihonlari onlayn test shaklida bo‘ladigan bo‘lsa, bir necha yo‘nalishlarga bir vaqtning o‘zida topshirish va imtihonda qatnashish mumkinmi, degan tabiiy savol tug‘iladi. Yo‘q, mumkin emas.

«Birinchidan, hech bir normativ hujjatda magistraturada bir necha yo‘nalishga hujjat topshirish mumkinligi belgilanmagan. Ikkinchidan, bakalavr bitta yo‘nalishda magistraturaga hujjat topshirgach, bu ma'lumotlar bazada saqlab qolinadi va platforma hujjat topshirishga ikkinchi urinishni qabul qilmaydi», – deya Kun.uz’ga mu'lum qildi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi axborot xizmati rahbari Farhod Babashev.

Istisno: Toshkent davlat yuridik universitetida magistratura uchun kirish imtihonlari keng sig‘imli pavilonlarda o‘tkaziladi. TDYuU magistraturasi uchun test jarayonlari Davlat test markazi tomonidan tashkillashtiriladi.

Mavzuga oid