Jamiyat | 22:49 / 04.07.2020
131564
12 daqiqa o‘qiladi

OTMga kirishda kimda qanday imtiyoz bor? (batafsil ro‘yxat)

Kirish imtihonlarida to‘liq yoki qisman, kvota doirasida va undan tashqari imtiyoz oluvchi abituriyentlar toifalari bor.

Davlat test markazi imtiyozga ega bo‘ladigan barcha abituriyentlar toifalari haqida ma'lumot berdi.

Davlat mukofoti sovrindorlari

Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalarining Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti laureatlari bo‘lgan o‘quvchilari OTMlar bakalavriatiga, bakalavriat talabalari esa magistraturaga tegishli yo‘nalish va ixtisoslik bo‘yicha sinovlarsiz davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi.

«Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti sohiblari bo‘lgan umumta'lim va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalarining o‘quvchilari OTMlar bakalavriatiga, OTM talabalari yoki bakalavr darajasiga ega yoshlar esa magistraturaga tegishli yo‘nalish bo‘yicha kirish imtihonlarisiz davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi.

«Nihol» mukofotiga sazovor bo‘lgan yoshlar madaniyat, san'at yo‘nalishidagi oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlariga imtiyozli ravishda qabul qilinadi. Lekin ansambl yoki jamoa sifatida ishtirok etganlarga bunday imtiyoz berilmaydi.

Bundan tashqari, «Nihol» mukofoti sovrindorlari Madaniyat vazirligining taqdimnomasi bo‘yicha Davlat komissiyasining qarori bilan tegishli OTMlarning mos ta'lim yo‘nalishlariga ham tanlovdan tashqari, kirish imtihonlarisiz (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon topshirmagan holda) davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi.

Olis cho‘l tumanlari yoshlari

Prezident qarori bilan, Davlat komissiyasiga 2017/18 o‘quv yilidan boshlab Navoiy, Buxoro, Samarqand viloyatlaridagi OTMlarga o‘qishga qabul qilishda test sinovlari natijalari bo‘yicha 68 va undan yuqori ballga ega bo‘lgan, olis cho‘l tumanlarida kamida uch yildan buyon istiqomat qilayotgan abituriyentlarni davlat granti asosida imtiyozli o‘qishga qabul qilish huquqi berilgan.

Bunda imtiyoz asosida talaba bo‘lgan abituriyent keyinchalik mutaxassisligi bo‘yicha ushbu hududlardagi budjet tashkilotlarida tegishli viloyat hokimligi va OTM o‘rtasida tuziladigan shartnoma asosida kamida 4 yil ishlab berishi zarur.

Yosh tasviriy san'at ustalari

Badiiy akademiyaning tasviriy san'at bo‘yicha respublika tanlovi g‘oliblari akademiya taqdimnomasiga asosan Davlat komissiyasining qarori bilan tegishli OTMlarning mos ta'lim yo‘nalishlariga tanlovdan tashqari kirish imtihonlarisiz (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon topshirmagan holda) davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi.

Yosh filologlar

Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Ishoqxon Ibrat nomidagi xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internatning butun o‘qish davrini a'lo baholarga o‘qigan bitiruvchilari Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining tavsiyasiga asosan, Davlat komissiyasi qarori bilan OTMlar bakalavriatining xorijiy til va adabiyoti, filologiya va tillarni o‘qitish ta'lim yo‘nalishlariga tanlovdan tashqari imtihonlarsiz qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi.

Yoshlar ittifoqi faollari

Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining faol a'zolariga oliy ta'lim muassasalariga kirishda imtiyozlar berish to‘g‘risida»gi qarorida YoIning faol a'zolariga OTMlarga imtiyozli qabul qilish bo‘yicha tavsiyanomalar berish belgilangan.

Shuningdek, ittifoqning faol a'zolari Davlat komissiyasi qarori bilan doimiy yashash joyidagi OTMlarning pedagogika ta'lim yo‘nalishlariga tanlovdan tashqari kirish imtihonlarisiz davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi.

Harbiy soha kadrlarining farzandlariga imtiyozlar

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy qism qo‘mondonligi (rahbariyati) va O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining tavsiyanomasiga asosan har bir harbiy qismdan bir nafardan yuqori natijalarga erishgan yosh harbiy xizmatchi qo‘shimcha davlat granti asosida OTMlarga o‘qishga qabul qilinadi.

Mamlakat mudofaa qudratini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shgan, jangovar xizmatda va ilmiy faoliyatda muayyan natijalarga erishgan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiruvchi vazirliklar (idoralar)da harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarning farzandlari OTMlarga kirishda ajratilgan besh foizli qabul ko‘rsatkichlari doirasida tanlovda ishtirok etadi.

Harbiy xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan hamda harbiy xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida yaradorlik, kontuziya, shikastlanish yoki kasalliklar oqibatida nogiron bo‘lib qolgan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiruvchi vazirliklar (idoralar)ning harbiy xizmatchilarining farzandlari OTMlarga kirishda belgilangan qabul ko‘rsatkichlaridan tashqari tanlovsiz davlat granti asosida o‘qishga tavsiya etiladi.

Ichki ishlar organlari xodimlarining farzandlari

Amaldagi tartibga ko‘ra, ichki ishlar organlari xodimlarining farzandlari ichki ishlar vaziri tomonidan beriladigan tavsiyanoma va taqdimnomalar asosida imtiyoz olishi mumkin.

Ichki ishlar vazir tomonidan:

  • davlat OTMlariga kirish uchun tavsiyanoma;
  • Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya va Davlat bojxona qo‘mitasining oliy va o‘rta maxsus ta'lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun taqdimnoma beriladi.

Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashda munosib hissa qo‘shgan, xizmat yoki ilmiy faoliyatda yuqori natijalarga erishgan ichki ishlar organlarining amaldagi xodimlari farzandlariga:

  • OTMlarga kirish uchun umumiy qabul parametlaridan tashqari uch foizli qabul ko‘rsatkichlari (qo‘shimcha uch foizli qabul kvotasi) ajratiladi. Ularga mazkur uch foizli qabul ko‘rsatkichlari doirasida tanlovda ishtirok etish imtiyozi beriladi (tavsiyanoma asosida);
  • Harbiy ta'lim muassasalariga kirish uchun esa kursantlar (o‘quvchilar)ni qabul qilishning umumiy sonidan besh foizli qabul ko‘rsatkichlari (qo‘shimcha besh foizli qabul kvotasi) ajratiladi. Ularga mazkur besh foizli qabul ko‘rsatkichlari doirasida tanlovda ishtirok etish imtiyozi beriladi (taqdimnoma asosida).

Terrorizm va jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda jamoat xavfsizligini ta'minlash chog‘ida halok bo‘lgan yoki olgan jarohati tufayli nogiron bo‘lib qolgan ichki ishlar organlari xodimlarining farzandlariga:

  • OTMlarga kirishda tanlovsiz, belgilangan qabul parametrlaridan tashqari davlat granti asosida o‘qishga kirish imtiyozi beriladi (tavsiyanoma asosida);
  • Harbiy ta'lim muassasalariga kirishda dastlabki va kasbiy tanlov natijalariga asosan tanlovsiz, belgilangan qabul parametrlaridan tashqari o‘qishga kirish imtiyozi beriladi (taqdimnoma asosida).

«Temurbeklar maktabi» bitiruvchilari

«Temurbeklar maktabi» bitiruvchilariga oliy harbiy va ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalariga o‘qishga kirishda Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlarida o‘zlari to‘plagan ballarning 30 foizi miqdoridagi, respublikaning boshqa davlat OTMlariga o‘qishga kirishda esa o‘zlari to‘plagan ballarning 15 foizi miqdoridagi qo‘shimcha ballar ko‘rinishida imtiyoz beriladi.

«Temurbeklar maktabi»ni imtiyozli diplom bilan tugatgan bitiruvchilarga, tarkibida «Temurbeklar maktabi» bo‘lgan vazirlik va idoralarning tegishliligi bo‘yicha oliy harbiy yoki ixtisoslashtirilgan bilim yurtlariga test sinovlarsiz, harbiy-kasbiy saralash tadbirlarini muvaffaqiyatli o‘tish natijalari bo‘yicha kirish huquqi beriladi.

Imkoniyati cheklangan yoshlar

Nogironligi bo‘lgan shaxslar test sinovlarida ishtirok etish uchun undiriladigan to‘lovdan ozod etilgan.

OTMlarga abituriyentlarni qabul qilishning umumiy soniga qo‘shimcha ravishda, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ikki foizli davlat granti asosidagi kvota ajratilgan.

Bunda kirish imtihonlarida to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning 30 foizidan kam bo‘lmagan ball to‘plagan nogironligi (I va II guruh) bo‘lgan shaxslar ballar ketma-ketligiga qat'iy rioya etilgan holda, qo‘shimcha ikki foizli davlat granti kvotalari doirasida talabalikka tavsiya etiladi.

2020/21 o‘quv yili uchun kirish imtihonlarida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun 2799ta qo‘shimcha davlat granti ajratilgan.

Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari

2019/20 o‘quv yilidan boshlab, OTMlarga abituriyentlarni qabul qilishning umumiy sonidan mehribonlik uyi va bolalar shaharchasining bitiruvchilari bo‘lgan chin yetimlar uchun qo‘shimcha ravishda bir foizgacha davlat granti asosidagi qabul kvotalarini ajratish tartibi joriy etilgan.

Joriy yil ular uchun jami 1 400 o‘rin ajratilgan.

«Tarbiyachi» ko‘rik-tanlovi g‘oliblari

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi 393-son qaroriga muvofiq, «Tarbiyachi» respublika ko‘rik-tanlovi g‘oliblari Davlat komissiyasining qarori bilan tegishli OTMlarning mos ta'lim yo‘nalishlariga tanlovdan tashqari kirish imtihonlarisiz (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon topshirmagan holda) davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi.

Xalqaro olimpiadalar g‘oliblari

2019/20 o‘quv yilidan boshlab, asosiy olimpiadalarning respublika bosqichida 1-3-o‘rinlarni egallagan ishtirokchilarga ixtisoslik fani bo‘yicha davlat OTMlariga kirish imtihonlarida maksimal ball beriladi.

Shuningdek, quyidagi xalqaro olimpiadalarda 1-3-o‘rinni egallagan abituriyentlar OTMlarga test sinovisiz va qo‘shimcha imtihonlarsiz qabul qilinadi:

  • Xalqaro matematika olimpiadasi — International Mathematical Olympiad (IMO);
  • Xalqaro fizika olimpiadasi — International Physics Olympiad (IPhO);
  • Xalqaro kimyo olimpiadasi — International Chemistry Olympiad (IChO);
  • Xalqaro biologiya olimpiadasi — International Biology Olympiad (IBO)

Ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlar

2020/21 o‘quv yili qabulidan boshlab, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan beriladigan tavsiyanomaga ega xotin-qizlar uchun bakalavriatning kunduzgi ta'lim shakli bo‘yicha umumiy belgilangan davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlariga nisbatan qo‘shimcha 4 foizli davlat granti ajratiladi.

Ushbu to‘rt foiz – bu yil 940ta grant kvota demakdir. Bu haqda quyidagi maqolada batafsil tanishishingiz mumkin:

Chet tilidan maksimal ball

Test sinovlari (kasbiy (ijodiy) imtihon) majmuasiga chet tili fani
kiritilgan barcha bakalavriat ta'lim yo‘nalishlariga hujjat topshirgan va milliy yoki xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha tilni bilish darajalari V2 va undan yuqori bo‘lgan sertifikatga ega abituriyentlarga bu fandan imtihonlarsiz maksimal ball beriladi.

So‘xlik maktab bitiruvchilari uchun 500ta grant

Qo‘shimcha qilish joiz, Farg‘ona viloyatining So‘x tumani uchun bakalavriatning kunduzgi ta'lim shakli bo‘yicha umumiy belgilangan qabul ko‘rsatkichlariga nisbatan qo‘shimcha davlat granti asosidagi 500ta o‘rin miqdorida maqsadli qabul parametrlari ajratilgan.

Mavzuga oid