Sport | 16:54 / 04.07.2020
9373
10 daqiqa o‘qiladi

Uchta chiptaga 7 da'vogar. APLda YeChL yo‘llanmasi uchun kimda qanday imkoniyat?

Angliya Premer-ligasida chempion nomi muddatdan avval ma'lum bo‘lgach, muxlislarning e'tibori Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun kechadigan kurashga qaratildi.

Foto: Getty Images

UYeFA «Manchester Siti»ni ikki yilga yevrokuboklardan chetlatganini inobatga olsak, chempionga aylangan «Liverpul»dan boshqa jamoalar YeChL yo‘llanmasini naqd qilgani yo‘q. Shunday ekan, APL yakuniga 6 tur qolayotgan bir paytda qolgan 3ta yo‘llanma uchun 7ta klub da'vogar bo‘lib turibdi. Xususan, 3-o‘rindagi «Lester»ning karantindan keyin haligacha o‘ziga kela olmayotgani boshqa klublarga umid uchqunlarini yoqmoqda.  

3. «Lester» - 55 ochko

Bahorgacha 2-o‘rinda bo‘lgan Brendan Rojyers jamoasi «Manchester Siti» bilan kurashda bu o‘rinni yo‘qotgach, hozirga kelib 3-o‘rinni qo‘ldan chiqarishga yaqin turibdi. «Lester» Angliya Premer-ligasi doirasidagi so‘nggi g‘alabani bundan to‘rt oy oldin – mart oyida qo‘lga kiritgandi. Karantindan keyin o‘tkazgan 4ta o‘yinda ham ochkolarni boy bergan «tulkilar» bu ketishda Yevropa ligasi uchun yo‘llanmani ham boy berishlari mumkin. Sababi bu jamoaning mavsum yakunigacha bo‘lgan taqvimiga havas qilib bo‘lmaydi. Lesterliklar qolgan 6 o‘yindan 4tasini YeChL yo‘llanmasi uchun imkoniyatni saqlab qolgan jamoalarga qarshi o‘tkazishadi. Jumladan, «Arsenal», «Sheffild», «Tottenhem» va «MYu»ga qarshi bahslar APLning eng yaxshi to‘purari bo‘la turib, mart oyidan keyin gol urishni unutib qo‘ygan Vardi va uning jamoasi taqdirini hal etsa ajabmas.

«Lester»ning qolgan o‘yinlari:

33-tur: Lester – Kristal Pelas. 4 iyul

34-tur: Arsenal – Lester. 7 iyul

35-tur: Bornmut – Lester. 12 iyul

36-tur: Lester – Sheffild Yu. 15 iyul

37-tur: Tottenhem – Lester. 19 iyul

38-tur: Lester – MYu. 26 iyul

4. «Chelsi» - 54 ochko

«Chelsi» o‘z afsonasi Frenk Lempard boshqaruvida dastlabki yildayoq kutilgan natijani qayd eta oldi. Londonliklarning so‘nggi 5 o‘yinlik g‘alabali seriyasiga avvalgi turda «Vest Hem» chek qo‘ygan bo‘lsa-da, bu klub YeChL yo‘llanmasi uchun asosiy da'vogarlardan bo‘lib turibdi. «Chelsi» keyingi 6 o‘yindan 3tasini yevrokuboklardan umid qilayotgan klublarga qarshi o‘tkazadi. O‘tgan turda Mourino jamoasini ta'zirini bergan «Sheffild»ga safar qilinsa, bir hafta o‘tib «Liverpul» maydoniga boriladi, so‘nggi turda esa «chaqilmas yong‘oq» - «Vulverhempton» qabul qilinadi. So‘nggi turda nima bo‘lishini bilmaymiz-u, ayni damda «bo‘rilar» «aristokratlar»dan ikki ochko ortda qolishmoqda, xolos.

 

«Chelsi»ning qolgan o‘yinlari:

33-tur: Chelsi – Uotford. 4 iyul

34-tur: Kristal Pelas – Chelsi. 7 iyul

35-tur: Sheffild Yu – Chelsi. 11 iyul

36-tur: Chelsi – Norvich. 15 iyul

37-tur: Liverpul – Chelsi. 19 iyul

38-tur: Chelsi – Vulverhempton. 26 iyul

5. «Manchester Yunayted» - 52 ochko

So‘nggi 10ta o‘yinning 8tasida g‘alaba, faqat ikkitasida durang natija qayd etilgani «Manchester Yunayted»ning bugungi sport formasi haqida hammasini aytib turibdi. Qator g‘alabalar evaziga 3-4-o‘rinlardagi «Lester» va «Chelsi»ga juda yaqin kelgan Sulsher jamoasi bitta g‘alaba farqi bilan bu klublardan o‘zib ketishi mumkin. Va eng asosiysi raqobatchi klublar orasida nisbatan oson taqvim aynan «MYu» qo‘lida turibdi. Manchesterliklar mavsumning eng qiyin pallasini ortda qoldirishdi, qolgan 6 o‘yindan faqat bittasida da'vogar klublardan «Lester» bilan uchrashishadi – shu ham so‘nggi 38-turda. Shunday ekan, 3-o‘rin uchun eng yaxshi imkoniyat aynan «Yunayted» qo‘liga o‘tgan.

«Manchester Yunayted»ning qolgan o‘yinlari:

33-tur: MYu – Bornmut. 4 iyul

34-tur: Aston Villa – MYu. 9 iyul

35-tur: MYu – Sauthempton. 13 iyul

36-tur: Kristal Pelas – MYu. 15 iyul

37-tur: MYu – Vest Hem. 19 iyul

38-tur: Lester – MYu. 26 iyul

6. «Vulverhempton» - 52 ochko

«Bo‘rilar» ham «qizil iblislar»ni izma-iz ta'qib etib kelmoqda. Nunu Eshpiritu Santu shogirdlari APL doirasidagi oxirgi 5 o‘yindan faqat bittasida durang qayd etishdi, 4tasida esa g‘olib bo‘lishgan. Ammo «MYu»dan farqli ravishda «Vulverhempton»ning taqvimini oson deb bo‘lmaydi. Bu klubning 6 o‘yinidan 3tasi da'vogarlarga qarshi o‘tadi. Ayniqsa, keyingi ikki turda 4 kun ichidagi «Arsenal» va «Sheffild»ga qarshi bahslar ko‘p narsaga oydinlik kiritadi. So‘nggi turda esa «Chelsi»ga qarshi og‘ir safar bahsi ham kutib turibdi.

«Vulverhempton»ning qolgan o‘yinlari:

33-tur: Vulverhempton – Arsenal. 4 iyul

34-tur: Sheffild Yu – Vulverhempton. 8 iyul

35-tur: Vulverhempton – Everton. 12 iyul

36-tur: Bernli – Vulverhempton. 15 iyul

37-tur: Vulverhempton – Krisatl Pelas. 19 iyul

38-tur: Chelsi – Vulverhempton. 26 iyul

7. «Sheffild Yunayted» - 47 ochko

Mavsum kashfiyotiga aylangan «Sheffild Yunayted»dan hozirgi natijalarni hech kim kutmagandi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Har holda debyutant klubning yevrokuboklar uchun kurashishini har doim ham ko‘rmaysan. «Sheffild»ni ham taqvimi oson emas. 6 o‘yindan teng yarmi da'vogarlar ro‘yxatidagi jamoalarga qarshi bo‘ladi. Qolaversa, 33-turdagi «Bernli» bilan o‘yin ham muhim ahamiyatga ega. Shu kuni mezbonlar g‘alaba qozonsa, «Sheffild» da'vogarlik nomini Shon Daych jamoasiga topshirishiga to‘g‘ri keladi.

«Sheffild Yunayted»ning qolgan o‘yinlari:

33-tur: Bernli – Sheffild. 5 iyul

34-tur: Sheffild – Vulverempton 8 iyul

35-tur: Sheffild – Chelsi. 11 iyul

36-tur: Lester – Sheffild. 16 iyul

37-tur: Sheffild – Everton. 18 iyul

38-tur: Sauthempton – Sheffild. 26 iyul

8. «Arsenal» - 46 ochko

Mikel Arteta boshqaruvidagi «Arsenal» oxirgi ikki o‘yinda ham g‘alaba qozongan bo‘lsa-da, jamoaning bu yil Chempionlar ligasiga qaytish imkoniyati katta emas. Ustiga-ustak «to‘pchilar»ning taqvimiga qaragan muxlis borki, «Arsenal»ga keyin turlarda havas qilmaydi. London klubi navbatdagi 4 turda yo‘llanmaga da'vogarlar - «Vulverhempton», «Lester», «Tottenhem», «Liverpul»ga qarshi saf tortadi. Shunday ekan, Arteta jamoasini hozirgi holatda faqatgina mo‘jiza eng nufuzli turnirga olib chiqishi mumkin.

«Arsenal»ning qolgan o‘yinlari:

33-tur: Vulverhempton – Arsenal. 4 iyul

34-tur: Arsenal – Lester. 7 iyul

35-tur: Tottenhem – Arsenal. 12 iyul

36-tur: Arsenal – Liverpul. 15 iyul

37-tur: Aston Villa – Arsenal. 19 iyul

38-tur: Arsenal – Uotford. 26 iyul

9. «Tottenhem» - 45 ochko

Joze Mourino ustozligidagi «Tottenhem» so‘nggi 6 o‘yindan faqat bittasida g‘alaba qozonganiga qaramay, Chempionlar ligasiga chiqish uchun imkoniyatni saqlab qolmoqda. 9-o‘rindagi jamoaning da'vogarlar safiga kiritilishi g‘alati holatdir, ammo YeChLning so‘nggi finalchisi yakuniy turlarda APLning beshligi safiga kirish imkoniyatiga ega bo‘lib turibdi. Buning uchun Mourino jamoasi barcha raqiblarini, shu jumladan «Arsenal» va «Lester»ni ham mag‘lub eta olishi kerak. O‘ta qiyin, ammo uddalab bo‘lmas ish emas. Qayd etish joiz, keyingi turlardayoq natijalardan kelib chiqib da'vogarlar soni va nomi o‘zgarishi hech gap emas.

«Tottenhem»ning qolgan o‘yinlari:

33-tur: Tottenhem – Everton. 6 iyul

34-tur: Bornmut – Tottenhem. 9 iyul

35-tur: Tottenhem – Arsenal. 12 iyul

36-tur: Nyukasd – Tottenhem. 15 iyul

37-tur: Tottenhem – Lester. 19 iyul

38-tur: Kristal Pelas – Tottenhem. 26 iyul.

Usmon Ibodov

Mavzuga oid