Jahon | 20:07 / 10.07.2020
37817
2 daqiqa o‘qiladi

Jonsiz holda topilgan Seul merining o‘limoldi xati mazmuni oshkor qilindi

Jonsiz holda topilgan Seul meri Pak Von Sun o‘z o‘limoldi xatida jasadini krematsiya qilib, hokini ota-onasi qabri ustidan sochib yuborishni so‘ragan va barcha bilan vidolashgan. 

Yonhap axborot agentligining ma'lum qilishicha, Seul meri xatida ko‘plab azob-uqubatlar yetkazgan oilasidan kechirim so‘ragan. 

“Barchadan kechirim so‘rayman. Men bilan hayotim davomida bo‘lgan barchaga minnatdorlik bildiraman. Oilamga faqat azob-uqubatlar keltirganimdan juda afsusdaman. Jasadimni krematsiya qilib, hokimni ota-onamning qabri ustidan sochib yuborishingizni so‘rayman. Barcha - alvido”, deb yozgan marhum mer o‘z xatida.

Merning qizi otasining yo‘qolib qolganini ma'lum qilgandan keyin politsiya uni qidirishga tushgan. Ayolning ta'kidlashicha, otasi vasiyatga o‘xshash xat qoldirib, uydan chiqib ketgan va bedarak yo‘qolgan. Keyinroq merning jasadi Seul shimolidagi Bugak tog‘i yonida topilgan. Dastlabki taxminga ko‘ra, Pak Von Sun o‘z joniga qasd qilgan. 

Seul meri yo‘qolib qolishidan oldin uning kotibalaridan biri uni tegajog‘likda ayblab, mer ustidan sudga arz qilgan. Kotiba hattoki buning isbotlarini taqdim qilgan. Kotibaning ta'kidlashicha, Pakning bunday harakatlaridan yana bir necha xodimasi jabr ko‘rgan.

Seul merining o‘z joniga qasd qilgani haqidagi xabar katta effekt keltirib chiqargan, chunki u keng qo‘llab-quvvatlanuvchi mer bo‘lgan, Janubiy Koreya poytaxti meri lavozimiga saylovlarda qatorasiga 3 marta g‘alaba qozongan.  Shuningdek, Pakning 2022 yilgi saylovlarda mamlakat prezident lavozimiga nomzod bo‘lishi kutilayotgandi. 

Mavzuga oid