Yunonlar Erdo‘g‘anning Ayo Sofiyani masjidga aylantirish qarorini tarixiy xato sanashmoqda
Gretsiya hukumatining rasmiy vakili Stelios Petsas Istanbuldagi Ayo Sofiya ibodatxonasi muzeydan masjidga aylantirilganini «tarixiy xato» deb atab, Afina xalqaro tashkilotlar va YeI tomonidan Turkiyaga nisbatan sanksiyalar joriy etilishi uchun harakatlarni kuchaytirishini ma'lum qildi.
«Erdo‘g‘an uzilishga sabab bo‘luvchi tarixiy xatoga yo‘l qo‘ydi. Umid qilamanki, bu xato tuzatib bo‘lmas xatoga aylanmaydi», — deya Petsasning shanba kuni Skai telekanali efiridagi so‘zlarini keltirmoqda TASS.
Yunon hukumati rasmiysi Turkiya prezidentning qarori uning o‘zi uchun muammo keltirib chiqarishini aytgan.
«Gretsiya bu harakatlarni qoralaydi va Turkiya uchun oqibatlar kelib chiqishi uchun bor imkoniyatlarni ishga soladi. Hammasi stol ustida, nafaqat Yevropa tomonidan, shuningdek YuNeSKO kabi xalqaro tashkilotlar tomonidan ham sanksiyalar ehtimoli yuzaga keldi», — degan u.
«Muayyan shaklda sanksiyalar qabul qilishimizga shubha yo‘q», — degan Petsas masala YeIning navbatdagi sammiti kun tartibiga qo‘yilishini ta'kidlab.
«Xalqaro huquqni buzgan istalgan kishi og‘riqli sanksiyalar bo‘lishini tushunishi kerak», — degan Gretsiya Vazirlar Mahkamasi vakili.
«Muqaddas Sofiya ibodatxonasi — xalqaro mavzu. Shubhasiz bo‘lgan yagona narsa shuki, [xalqaro huquqlarning] bunday poymol etilishi va bunday jiddiy haqorat yetarli tarzda javobga ega bo‘lishi kerak. Biz yaqin kunlar ichida voqealar rivojini kutib qolamiz», — deya qo‘shimcha qilgan Stelios Petsas.
Juma kuni Gretsiya bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis mamlakat Turkiyaning Ayo Sofiya ibodatxonasini masjidga aylantirish qarorini qat'iy qoralashini ta'kidlagan edi. Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, bu harakat nafaqat Turkiyaning Gretsiya bilan munosabatlariga, shuningdek Yevropa ittifoqi, YuNeSKO va butun jahon hamjamiyati bilan aloqalariga ta'sir o‘tkazadi.
Gretsiya prezidenti Yekaterina Sakellaropuluning fikricha, Anqaraning pravoslav va butun nasroniylik olami ramzi bo‘lgan Muqaddas Sofiya ibodatxonasini masjidga aylantirish qarori «tarixiy xotiraga hujumdir va dinlararo muloqot qadriyatiga raxna soladi».
Gretsiya TIV rahbari Nikos Dendias ibodatxonani machitga aylantirish qarorini fitna degan bo‘lsa, Gretsiya madaniyat va sport vaziri Lina Mendoni buni «butun sivilizatsiyalashgan dunyoga qarshi chiqish» deb atagan. Siyosatchining fikricha, Erdo‘g‘an «Turkiyani madaniy ihotalab olish to‘g‘risida qaror qabul qilgan».
Turkiyaning qarori
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an juma kuni endilikda masjidga aylantirilgan Ayo Sofiyada musulmonlarga namoz o‘qishga izn beruvchi farmonni imzoladi. Turkiya yetakchisi o‘z Twitter’iga joylagan hujjatda qayd etilishicha, «namozni ado etish uchun Ayo Sofiya machitini ochish to‘g‘risida qaror qabul qilingan».
Bundan oldin Turkiya Davlat kengashi hukumatning 1934 yilgi, Muqaddas Sofiya ibodatxonasiga muzey maqomi berilishi to‘g‘risidagi qarorini bekor qilgandi.
Istanbuldagi Sofiya ibodatxonasi — Vizantiya davri me'morchilik yodgorligi bo‘lib, imperator Yustinian ko‘rsatmasi bilan 532-537 yillarda barpo etilgan. Vizantiya imperiyasi qulagach, 1453 yilda ibodatxona machitga aylantirilgan.
1935 yilda zamonaviy turk davlati asoschisi Mustafo Kamol Otaturk tomonidan imzolangan Turkiya hukumati dekretiga ko‘ra, ibodatxona muzeyga aylantirilgan, freska va mozaikalar ustidan suratlarni bekitib turuvchi suvoqlar tozalab tashlangan. Bino 1985 yilda YuNeSKO butunjahon merosi yodgorliklari ro‘yxatiga kiritilgan.
Mavzuga oid
21:04 / 22.12.2024
Turkiyada tibbiy vertolyot shifoxona binosiga urilib, qulab tushdi
11:37 / 22.12.2024
O‘g‘rilikda ayblanib 4 yildan buyon qidiruvda bo‘lgan ayol Turkiyadan O‘zbekistonga deport qilindi
20:38 / 20.12.2024
Erdo‘g‘an Suriya shimolidagi terrorchilarni zararsizlantirish vaqti kelganini aytdi
17:42 / 20.12.2024