Jamiyat | 18:22 / 13.07.2020
5647
3 daqiqa o‘qiladi

Belgilanmagan joyga maishiy chiqindi tashlagan fuqarolar jazolandi

Davlat ekologiya qo‘mitasining hududiy bo‘limlari tomonidan tabiatni muhofaza qilish qoidalariga amal qilinishini ta'minlash bo‘yicha o‘tkazilgan reydlarda qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ygan bir qancha fuqarolar aniqlandi.

Foto: Davlat ekologiya qo‘mitasi

Jumladan, Toshkent shahar ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor reyd tadbirlari natijasida, Toshkent shahri, Chilonzor tumani, 19-mavzedagi 21, 22 va 23-uylar oldida fuqaro N.S. tomonidan belgilanmagan joyga maishiy chiqindilar tashlangani aniqlandi. Natijada, qonun buzilish holatiga yo‘l qo‘ygan fuqaroga nisbatan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 91/1 moddasiga asosan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 111,5 ming so‘m miqdorida jarima jazosi qo‘llanildi.

Navoiy viloyati, Konimex tumani Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi tomonidan o‘tkazilgan reydda shu tumanning «Sho‘rtepa» mahallasida yashovchi fuqaro M.I. tomonidan belgilanmagan joyga qattiq maishiy chiqindilar tashlangani aniqlandi. Ushbu holat yuzasidan fuqaroga nisbatan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 91/1 moddasiga asosan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish qo‘mitasining Qo‘ng‘irot tumani inspeksiyasi tomonidan o‘tkazilgan reydda «Qanli» ovulida yashovchi fuqaro B.R. tomonidan belgilanmagan joyga chiqindilar tashlangani aniqlandi. Holat yuzasidan unga Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 91/1 moddasiga asosan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 446 ming so‘m jarima jazosi qo‘llanildi.

Navoiy viloyati, Tomdi tuman Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi tomonidan o‘tkazilgan reydda fuqaro D.M. tomonidan belgilanmagan joyga qurilish chiqindilari tashlangani aniqlandi. Ushbu holat yuzasidan fuqaroga nisbatan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 91/1 moddasiga asosan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.

Jizzax viloyati, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan reydda Do‘stlik tumani, «Saritepa» mahallasida yashovchi O‘.G. maishiy chiqindilarni mashinaga ortib, belgilanmagan joyga tashlagani aniqlandi. Unga nisbatan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 91/1 moddasiga asosan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirildi va 669 ming so‘m miqdorida jarimaga tortildi.

Mavzuga oid